Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“OʻZDONMAHSULOT” DAVLAT KONSERNINI “OʻZDONMAHSULOT” DAVLAT-AKSIONERLIK KORPORATSIYASIGA AYLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Novvoyxona, tegirmon-yorma va omixta yem sanoati korxonalari va birlashmalari ish samaradorligini oshirish, aholini non mahsulotlari bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash, tarmoqda bozor munosabatlarini joriy etishni jadallashtirish maqsadida:
1. “Oʻzdonmahsulot” davlat konserni taʼsischilarining uni “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasi:
yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan xoʻjalik korporatsiyasidir hamda u don xarid qilishni un, yorma, omixta yem, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hamda sotishni taʼminlovchi turli mulkchilik shakllaridagi korxonalarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va korporatsiya Ustavi asosida amalga oshiradi, “Oʻzdonmahsulot” konserni ilgari tuzgan barcha shartnomalar va qabul qilgan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻladi.
3. Hududiy ishlab chiqarish birlashmalari negizida don mahsulotlari tayyorlovchilarning “Donmahsulot” aksionerlik uyushmalari tashkil etilsin.
4. Quyidagilar “Oʻzdonmahsulot” korporatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari qilib belgilansin:
don, un, yorma, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari, omixta yem ishlab chiqarish hamda respublika xalq xoʻjaligini va aholisini ular bilan taʼminlash;
ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, unni qayta ishlash va non-bulka hamda boshqa mahsulotlar tayyorlash bilan band boʻlgan korxonalarni kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qaytadan qurollantirish borasidagi ishlarni tashkil qilish;
don, navli va duragay gʻalla urugʻlari, boshqa qishloq xoʻjalik mahsuloti xarid qilishni, ularni davlat ehtiyojlari uchun va boshqa isteʼmolchilarning buyurtmalari boʻyicha yetkazib berishni taʼminlash;
gʻalla zaxiralarini, jumladan davlat va safarbarlik zaxiralarini markazlashtirilgan tarzda jamlash, hududiy jihatdan oqilona joylashtirish va saqlash;
respublikaning barcha mintaqalarini non va non mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun don, un, yorma, kepak va omixta yemni tizim ichkarisida joylashtirishni tashkil etish;
don mahsulotlari tizimida bozor munosabatlarini rivojlantirish, davlat korxonalari va tashkilotlarini aksionerlik, jamoa va mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirishga oid ishlarni yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlikni rivojlantirishga butun choralar bilan koʻmaklashish, qoʻshma korxonalar tashkil etish;
yagona ilmiy-texnik va texnologik siyosat oʻtkazish, ichki va tashqi bozorlardagi shart-sharoitlarni oʻrganish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga doir tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.
6. “Oʻzbekiston Respublikasi don mahsulotlari davlat konserni (“Oʻzdonmahsulot”)ni tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 6-fevraldagi 334-son farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-aprel,
PF-840-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 6-son, 167-modda)