(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qonun hujjatlarining to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning e’tibori moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bilan bog‘liq qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2331-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi to‘g‘risida”ga 327-sonli qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iboratligiga qaratilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Sudlar inobatga olishlari lozimki, yuridik shaxslarni tugatish asoslari FKning 53-moddasida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur Plenum qarorida esa faqatgina moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatishga oid huquqiy normalarni qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
3. FK 53-moddasining ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi) 1.3-bandiga muvofiq korxonalarni tugatish uchun korxona muassislari (ishtirokchilari)ning qarori (ixtiyoriy tugatish) yoki iqtisodiy sudning hal qiluv qarori asos hisoblanadi, yoxud oilaviy korxonada yagona ishtirokchi qolgan bo‘lsa.
FK 53-moddasi ikkinchi qismining mazmuniga ko‘ra, Nizomda qayd etilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek qonunda belgilangan muddat davomida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan dehqon va fermer xo‘jaliklariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4. Iqtisodiy sudlarga tushuntirilsinki, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanmaganligi, hisobotlar topshirilmaganligi, debitorlik-kreditorlik qarzlari, pul mablag‘lari, mol-mulki bor-yo‘qligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarning mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari bo‘yicha pul operatsiyalarini o‘tkazish bilan bog‘liq moliya-xo‘jalik faoliyatning amalga oshirilmaganligi yoki qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zining ustav fondini shakllantirmaganligi korxonani tugatish uchun zaruriy shart hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.1. Moliya-xo‘jalik faoliyati deganda, korxonaning mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish hamda buxgalteriya-moliya, hisob-kitob va tovarga ilova hujjatlarini yuritish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish faoliyati tushuniladi.
4.2. Qonunchilikda belgilangan muddat deganda, korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran ustav fondini ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirish uchun FK 53-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan bir yillik muddat tushuniladi, qonun hujjatlarida boshqacha muddat nazarda tutilgan hollar bundan mustasno:
5. Nizom 3.1-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z ustav fondini shakllantirmagan korxonani tugatish to‘g‘risidagi ariza bilan iqtisodiy sudga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ murojaat qilishga haqli.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6. Iqtisodiy sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-yanvardagi 70-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi to‘g‘risidagi nizomning 9-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari yuridik shaxs hisoblanmaydi.
Tuman (shahar) hokimligi huzuridagi moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha maxsus komissiya (bundan buyon matnda maxsus komissiya deb yuritiladi) hokimlikning doimiy ish olib boruvchi, jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi organi hisoblanadi va u yuridik shaxs maqomiga ega emas. Shu munosabat bilan, sudga korxonani tugatish to‘g‘risidagi ariza bilan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazi yoki maxsus komissiya murojaat qilsa, bunday arizani qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
Agar korxonani tugatish to‘g‘risidagi ariza bilan Davlat xizmatlari agentligining tegishli hududdagi boshqarmasi yoki uning nomidan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazi ishonchnoma asosida murojaat qilsa, ariza ish yuritishga qabul qilinadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Iqtisodiy sudlar e’tibor berishlari lozimki, IPK 151-moddasining birinchi, ikkinchi qismlarida (birinchi qismining 1-bandi bundan mustasno) nazardan tutilgan hujjatlardan tashqari, korxonani tugatish to‘g‘risidagi arizaga, agar u:
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi to‘g‘risida bankning davlat soliq xizmati organiga taqdim etgan axboroti nusxasi;
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonaning mol-mulki bo‘lmasa va (yoki) muassislari (ishtirokchilari) bedarak bo‘lsa — davlat soliq xizmati organining ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga bunday korxonani tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomasi, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan boshqa korxonalar bo‘yicha esa — ularning faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organining maxsus komissiyaga yuborgan so‘rovnomasi;
maxsus komissiyaning korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosasi (qarori);
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida yozma taklif yuborilganligini tasdiqlovchi dalil;
muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etganligi (mavjud bo‘lganda) yoxud muassislarni (ishtirokchilarni) aniqlash mumkin bo‘lmaganligini tasdiqlovchi dalillar;
qonun hujjatlarida belgilangan muddatda o‘z ustav fondini shakllantirmagan korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning so‘rovnomasi;
maxsus komissiyaning korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosasi (qarori);
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida yozma taklif yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar;
muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida taklifni rad etganligi (mavjud bo‘lganda) yoxud ko‘rsatilgan shaxslarni aniqlash mumkin bo‘lmaganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi lozim.
Korxona muassislari (ishtirokchilari) bedarak bo‘lgan taqdirda qayd etilgan hujjatlardan tashqari arizaga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan korxonani tugatish jarayoni boshlanganligi to‘g‘risida matbuotda e’lon berilganligini tasdiqlovchi dalillar, bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlari shirkati, turar joy yoki noturar joy mulkdori vakillari tomonidan berilgan shaxsning ro‘yxatga olingan manzilda hozir bo‘lmasligi haqida ma’lumotnoma yoki dalolatnoma yoxud manzil ma’lumot byurosi tomonidan shaxsning ro‘yxatdan chiqib, boshqa hududga ketganligi haqida berilgan ma’lumotnoma yoxud shaxsning vafot etganligi yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida ekanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Mazkur band birinchi qismi a) kichik bandining yettinchi, sakkizinchi hamda b) kichik bandining oltinchi, yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hujjatlar, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida yozma taklif yuborganligini tasdiqlovchi dalillar va muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etganligi (mavjud bo‘lganda) yoxud muassislarni (ishtirokchilarni) aniqlash mumkin bo‘lmaganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmasa, ariza IPK 155-moddasi birinchi qismining 7-bandiga muvofiq qaytariladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ariza IPK 107-moddasining 5-bandiga muvofiq ko‘rmasdan qoldiriladi.
(7-bandning o‘n sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Mazkur bandning birinchi qismi a) kichik bandining ikkinchi — oltinchi hamda b) kichik bandining ikkinchi — beshinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinmasa, ariza IPK 155-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq qaytariladi.
(7-bandning o‘n to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. Nizomning 3.1-bandiga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z ustav fondini shakllantirmagan korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida soliq organining taqdimnomasini yoki maxsus komissiyaning xulosasini olgan kundan boshlab bir hafta muddatda muassislarga (ishtirokchilarga) asoslarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda korxonani ixtiyoriy tugatishni taklif etadi.
Agar korxona ikki hafta muddatda (aksiyadorlik jamiyati — bir oy muddatda) ixtiyoriy tugatishga kirishmagan yoxud korxona muassislari (ishtirokchilar) ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etgan, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni aniqlash mumkin bo‘lmagan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bir hafta muddatda iqtisodiy sudga korxonani tugatish to‘g‘risidagi arizani belgilangan tartibda yuboradi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Nizomning 5.2-bandiga ko‘ra, agar muassislari (ishtirokchilari) bedarak bo‘lgan korxonani tugatish jarayonining boshlanishi to‘g‘risida matbuotda e’lon berilgan kundan boshlab uch oydan so‘ng muassislar (ishtirokchilar) kelmasa yoki topilmasa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bir hafta muddatda korxonani tugatish to‘g‘risida iqtisodiy sudga ariza bilan murojaat qiladi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Ushbu bandning uchinchi xatboshisida belgilangan tartibga rioya qilinmaganda, ariza IPK 155-moddasi birinchi qismining 7-bandiga muvofiq qaytariladi, agar ushbu holat ishni ko‘rish jarayonida aniqlansa, ariza IPK 107-moddasining 5-bandiga muvofiq ko‘rmasdan qoldiriladi.
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish to‘g‘risidagi ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan IPKda nazarda tutilgan qoidalar asosida, korxonalarni tugatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan xususiyatlar hisobga olingan holda ko‘riladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 4-bandiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar bo‘yicha arizachi va javobgar iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Iqtisodiy sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2331-sonli Farmonining 5-bandiga muvofiq mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha arizachi va javobgar sud chiqimlari, shu jumladan pochta xarajatlarini to‘lashdan ham ozod qilingan.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
11. Iqtisodiy sudlarga tushuntirilsinki, ishni ko‘rish jarayonida korxona faoliyati tiklanganligi holatining aniqlanishi arizadagi talabni qanoatlantirishni rad qilish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda, agar arizachi korxona faoliyatini davom ettirishiga e’tirozi yo‘qligini bildirib, IPKning 157-moddasiga muvofiq arizadagi talabdan voz kechish haqida iqtisodiy sudga ariza taqdim qilsa, voz kechish qabul qilinishi va ish yuritish IPK 110-moddasining 6-bandiga muvofiq tugatilishi mumkin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
12. Korxona olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli uni tugatish haqidagi ariza ushbu muddat o‘tgunga qadar berilgan bo‘lsa, undagi talabni qanoatlantirish rad etiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat o‘tgach ariza yangidan berilsa, bunday holda arizaning asosi o‘zgargan hisoblanib, u mazmunan ko‘rilishi lozim va ish yuritish IPK 110-moddasining 2-bandiga asosan tugatilishi mumkin emas.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. E’tiborga olish lozimki, ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar muassislar (ishtirokchilar) tomonidan korxonani ixtiyoriy tugatish haqida qaror qabul qilinib, korxona yagona davlat reyestridan chiqarilmagan bo‘lsa, arizadagi talab rad qilinishi, agar yagona davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 4-bandiga asosan tugatilishi kerak.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
14. Nizomning 3.2-bandiga muvofiq korxonani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan iqtisodiy sud bu haqda korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organga, maxsus komissiyaga, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi davlat vakolatli organiga (agar korxona aksiyadorlik jamiyati bo‘lsa) yozma ravishda xabar berishi shart.
Iqtisodiy sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, ushbu organlarga hal qiluv qarori nusxalarining topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat orqali yuborilganligi yoki tilxat olib topshirilganligi, ularning elektron manzillari mavjud bo‘lgan taqdirda esa, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilganligi ularning yozma ravishda xabardor qilinganligini bildiradi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15. Nizom 3.1-bandining uchinchi xatboshisiga muvofiq iqtisodiy sud tomonidan korxonani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, tugatish jarayoni uning topshirig‘iga ko‘ra, maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, iqtisodiy sudning korxonani tugatish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori, qarorining ijrosi yuzasidan ijro varaqasi berilmaydi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
16. FK 55-moddasining o‘n birinchi qismiga, Nizom 3.12-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq, korxonaning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yilganidan so‘ng korxonani tugatish tamomlangan, faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
17. Agar iqtisodiy sudning hal qiluv qarori bilan tugatilgan korxona yagona davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa, sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan shikoyat (protest)ni qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq rad etiladi, agar shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, u bo‘yicha ish yuritish IPK 110-moddasining 4-bandiga muvofiq tugatiladi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. Agar korxona tugatilgan va yagona davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa, o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deb hisoblagan shaxslar (shu jumladan kreditorlar), ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning korxonani yagona davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat berishi yoki mazkur qarorni haqiqiy emas deb topish haqida tegishli sudga da’vo arizasi berishi mumkin.
19. Iqtisodiy sudlarning e’tibori moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda tijorat banklari, davlat soliq xizmati organlari, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar, maxsus komissiyalar tomonidan tugatiladigan korxonalarni aniqlash va hisobga olish tartibi hamda muddatlariga rioya etilganligini tekshirish, qonun hujjatlarining talablari buzilgan har bir holat bo‘yicha aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qo‘yish, huquqbuzarliklarni keltirib chiqargan sabablar va sharoitlarni puxta o‘rganish, xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligiga qaratilsin.