OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 12-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2290]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 11-oktabrdagi 330-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2290-3, 11.10.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2001-yil, 1-2-son, 8-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-yil, 8-son, 47-modda)ga muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) ushbu buyruqni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-dekabr,
264-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 12-dekabrdagi 264-mh-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish
QOIDALARI
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni ((Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2001-yil, 1-2-son, 8-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-yil 8-son, 47-modda) muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatishni, shuningdek qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari (qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari) yaratish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Normativ-huquqiy hujjatlar ularni rasmiy va norasmiy nashrlarda, shuningdek qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlarida eʼlon qilish orqali tarqatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 25-moddasiga muvofiq quyidagilar normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalari hisoblanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”;
“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”;
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami”;
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining rasmiy nashrlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi kodekslar va qonun hujjatlari toʻplamlarining, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbai hisoblangan “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”ni rasmiy nashr etilishini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 32-moddasiga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organlar normativ-huquqiy hujjatlarning toʻplamlari va majmualarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nashr etadi yoxud ularni boshqa organlar va tashkilotlar nashr etishi toʻgʻrisida topshiriqlar beradi. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning bir tizimga solingan majmualarini nashr etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ushbu Qoidalarning 2 va 3-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalari va nashrlar rasmiy nashrlar hisoblanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami” qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlari hisoblanadi.
Ushbu Qoidalarning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilmagan nashrlar normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning norasmiy manbalari hisoblanadi (norasmiy nashrlar).
II. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy nashrlarda eʼlon qilish va tarqatish
5. Qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlari davlat tilida, talabni hisobga olgan holda boshqa tillarda ham nashr etiladi.
6. Qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlariga yangidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlari kiritiladi.
Qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlarida eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar izchil tadrijiy tartibda, tegishli tartib raqamlari boʻlgan moddalarga joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Normativ-huquqiy hujjatlarga ilovalar ham hujjatlar joylashtirilgan moddalarga joylashtiriladi.
Agar, qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlarida normativ-huquqiy hujjatning bir qismi eʼlon qilinayotgan boʻlsa, hujjat nomidan keyin “Koʻchirma” degan yozuv kiritiladi.
7. Qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlarida eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar, ushbu hujjatni qabul qilgan organ tomonidan joʻnatiladigan rasmiy matnga (rasmiy tarqatma) muvofiq boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Qonun hujjatlarining rasmiy nashrlarida eʼlon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnini normativ-huquqiy hujjatning rasmiy tarqatma orqali joʻnatilgan matniga yoki normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalarida eʼlon qilingan matniga muvofiqligi matnni bosma mahsulotni eʼlon qilish talablariga muvofiq oʻqish, korrekturasini tekshirish yoʻli bilan taʼminlanadi.
9. Kodekslar va boshqa katta hajmdagi normativ-huquqiy hujjatlarning matni qonun hujjatlarining rasmiy davriy nashrlariga ilova koʻrinishida eʼlon qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbasi “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, boshqa qonun hujjatlari toʻplamlari, kodekslarni rasmiy nashr qilishni taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
11. Kodekslar, qonun hujjatlari toʻplamlarini nashr qilishda ular nashr qilinayotgan sanaga mos ravishda nazorat holatiga keltirilgan boʻlishi lozim.
Titul varagʻida eʼlon qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatga qaysi sanagacha boʻlgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi koʻrsatiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarida eʼlon qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kirituvchi normativ-huquqiy hujjatning rekvizitlari va rasmiy manbalari quyidagi tartibda koʻrsatiladi:
normativ-huquqiy hujjat yangi tahrirda berilayotgan boʻlsa uning nomi va rekvizitlaridan keyin kursiv bilan qaysi hujjatga asosan yangi tahrirda berilayotganligi koʻrsatiladi;
agar qonunning boʻlimi, kichik boʻlimi, bobi, paragrafi, moddasi yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatning boʻlimi, kichik boʻlimi, bandi yangi tahrirda berilayotgan boʻlsa yoxud ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlsa, boʻlim, kichik boʻlim, bob, paragraf, modda (band) oxirida yangi xatboshida, qaysi normativ-huquqiy hujjatga asosan ular yangi tahrirda berilayotganligi yoxud oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotganligi kursivda koʻrsatiladi;
agar qonun moddasining qismi, bandi, xatboshisi yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat bandining xatboshisi yangi tahrirda berilayotgan boʻlsa yoxud ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlsa, qism, band, kichik band, xatboshi oxirida qaysi normativ-huquqiy hujjatga asosan ushbu norma yangi tahrirda berilayotgani yoxud unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgani kursivda koʻrsatiladi.
12. Qonun hujjatlari toʻplamlariga huquqning alohida sohasiga tegishli boʻlgan yoxud u yoki bu ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan qonun hujjatlari kiritiladi.
Qonun hujjatlari toʻplamlariga ushbu toʻplam mavzusiga mos boʻlgan qonun hujjatlari toʻlaligicha yoxud ularning boʻlimi, kichik boʻlimi, bobi, paragrafi, moddasi, bandi va h. k. kiritiladi. Bunda normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, eʼlon qilingan rasmiy manbasi toʻliq koʻrsatiladi. Agar toʻplamda normativ-huquqiy hujjatning bir qismidan foydalanilgan boʻlsa, nomidan soʻng “Koʻchirma” degan yozuv kiritiladi.
III. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilish va tarqatish
13. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilish barcha davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
14. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar oʻz faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Norasmiy nashrlarda eʼlon qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasida koʻrsatilgan barcha rekvizitlar (imzodan tashqari), shuningdek ularni eʼlon qilishning rasmiy manbalari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilishda, normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalarida eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjatning matnlaridan foydalaniladi.
17. Kodekslar, qonun hujjatlari toʻplamlarini norasmiy nashr qilishda, ushbu Qoidalarning 11 va 12-bandlarida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilinishi lozim.
18. Norasmiy nashrlarda normativ-huquqiy hujjatning norasmiy tarjimasi eʼlon qilinishi mumkin. Bunda mazkur tarjimalar norasmiy tarjima ekanligi haqidagi belgiga ega boʻlishi lozim.
IV. Normativ-huquqiy hujjatlarni qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali tarqatish
19. Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari, shu jumladan Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi orqali tarqatilishi mumkin.
20. Normativ-huquqiy hujjatlarni qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali tarqatishga, faqatgina normativ-huquqiy hujjat rasmiy nashrlarda eʼlon qilingandan soʻng, rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan barcha rekvizitlari (imzodan tashqari) koʻrsatilgan holda yoʻl qoʻyiladi. Bunda normativ-huquqiy hujjatning rasmiy nashrdagi matni soʻzma-soʻz takrorlanishi va ularning nazorat holati taʼminlanmogʻi lozim.
21. Davlat organlari normativ-huquqiy hujjatlarining elektron shakllari ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlarida joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjatning matniga qoʻshilgan norasmiy sharhlar va boshqa tushuntiruvchi maʼlumotlar, oʻzining bayon qilinish usuli boʻyicha (shrifti, rangi va h. k.) farqlanishi lozim.
23. Qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bilan shugʻullanuvchi shaxslar, oʻz mahsulotini realizatsiya qilishda eʼlon qilinayotgan hujjatlarning nazorat holati qaysi sanagacha taʼminlanganligini koʻrsatishlari lozim.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlarining turkumlangan davlat yagona elektron bazasi hisoblangan Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (keyingi oʻrinlarda — QHMMB)ni yuritish tashkil etiladi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi QHMMBga:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik Sudi Plenumi qarorlarining matnlari joylashtiriladi.
QHMMBga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari, texnik hujjatlar, shuningdek boshqa hujjatlar joylashtirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Qonun hujjatlarini keyinchalik QHMMBga kiritish uchun ishlov berish tartibi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi tomonidan tasdiqlanadigan normativ hujjatlarni QHMMBga kiritish uchun ishlov berish toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma bilan belgilanadi.
27. QHMMBdan foydalanish Internet tarmogʻi orqali tekin amalga oshiriladi.
28. QHMMBdagi normativ-huquqiy hujjatlar Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatori, qonunchilikning mavzuli qoʻllanmasi va alfavit predmetli koʻrsatkich hamda normativ-huquqiy hujjatning rekvizitlariga koʻra turkumlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tarqatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 12-bandiga muvofiq, QHMMBda qoʻllangan qonunchilik klassifikatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida qonun hujjatlarini turkumlashda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatorini tijorat maqsadlari uchun maʼlumotlarning turkumlangan bazasida qoʻllashda etalon hisoblanadi.
30. QHMMB hujjatlarning kelishiga va ishlov berilishiga qarab, biroq uning rasman eʼlon qilinganidan boshlab bir haftadan kechikmasdan yangilanadi.
31. QHMMBni shakllantirish va doimiy ravishda yangilab borish, belgilangan tartibda elektron maʼlumotlar bazasiga ulashni taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi tomonidan amalga oshiriladi.
V. Yakuniy qoidalar
32. Agarda normativ-huquqiy hujjat normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalarida eʼlon qilinganda, normativ-huquqiy hujjatning rasmiy tarqatmasi bilan taqqoslaganda uning matnida xatoliklarga, harfiy xatolarga, boshqa nomuvofiqliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, ular aniqlangandan boshlab, nashrning keyingi sonida tegishli tuzatishlar eʼlon qilinadi.
Agarda rasmiy nashrlarda, shuningdek norasmiy nashrlarda, shu jumladan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar va h. k. larda xatoliklarga, harfiy xatolarga va normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbasi bilan solishtirganda boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, noshir ushbu kamchiliklar aniqlangan kundan boshlab, 30 kalendar kunidan oshmagan muddatda ularning bartaraf etilishini taʼminlaydi, ushbu Qoidalarning 2-bandida koʻrsatilgan nashrlar bundan mustasno. Aniqlangan noaniqliklarni bartaraf etish, qoida tariqasida, tegishli tuzatishlarni respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar va h. k.) yoki norasmiy nashrning keyingi sonida (chiqishida) eʼlon qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Agarda qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlarida xatoliklarga, harfiy xatolarga va normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbasi bilan solishtirganda boshqa noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, ularni aniqlagan shaxs qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bilan shugʻullanuvchi shaxsga yoʻl qoʻyilgan noaniqliklarni bartaraf etish haqida yozma xabar berishi mumkin. Bunda, qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bilan shugʻullanuvchi shaxs bir hafta muddatda yoʻl qoʻyilgan noaniqliklarni bartaraf etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Mazkur Qoidalar talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
34. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi va Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori B. ALIMOV
2011-yil 12-dekabr
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori X. MUXITDINOV
2011-yil 12-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 520-modda; 2014-y., 8-son, 83-modda, 31-son, 394-modda)