O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1993 YILNING 1 NOYABRIDAN MEHNAT HAQI, PENSIYALAR VA STIPENDIYALARNING MIQDORINI OShIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iste’mol mollari va xizmatlarning narxlari o‘sib borayotgan sharoitda O‘zbekiston Respublikasining aholisini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida:
1. 1993-yilning 1-noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida:
ish haqining eng oz miqdori oyiga 16.200 so‘m qilib belgilanib, ish haqi o‘rtacha 1,2 baravar oshirilsin;
fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 16.200 so‘m miqdorida belgilansin;
mehnat pensiyasining eng oz miqdori oyiga 17.550 so‘m qilib belgilansin, hozirgi vaqtda amalda bo‘lgan barcha turdagi pensiyalarning miqdorlari o‘rta hisobda 1,2 baravar oshirilsin.
2. Oliy o‘quv yurtlari talabalarining, texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari o‘quvchilarining stipendiyalari 1,2 baravar ko‘paytirilsin, shu bilan birga talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
3. Budjetdan pul bilan ta’minlanadigan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari, tashkilotlar va muassasalar ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoriga asoslanib, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq xodimlarning mansab okladlari o‘z vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasining Ijtimoiy ta’minot vazirligi mazkur Farmonga muvofiq pensiyalarning miqdorlari qaytadan hisoblab chiqilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi budjetdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqini, pensiyalar va stipendiyalarni oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni pul bilan ta’minlash manbalarini aniqlasin.
6. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga mazkur Farmonga muvofiq daromad manbalarini qidirib topishiga qarab, daromad manbalari vaqtincha yetishmay qolgan taqdirda esa bank muassasalari aniq maqsadni ko‘zlab beradigan kreditlar hisobidan mehnat haqini oshirish tavsiya qilinsin.
7. Ushbu Farmon bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 28-oktabr,
PF-679-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 379-modda)