Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
FERMER XOʻJALIKLARINI QAYTA TASHKIL ETISH VA ULARNING YER MAYDONLARINI OPTIMALLASHTIRISHDA QONUNCHILIKKA RIOYA ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Qayd etilsinki, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, fermer xoʻjaliklari davlat mulki boʻlgan yer maydonlarini ijara shartnomasini tuzish yoʻli bilan uzoq muddatli ijaraga berish asosida, fermer tomonidan shartnomada nazarda tutilgan tegishli majburiyatlar qabul qilingan holda tashkil etiladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, fermer xoʻjaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirishga doir barcha masalalar mahalliy hokimiyat organlari yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibga qatʼiy muvofiq ravishda taqdim etiladigan daʼvolar asosida sud orqali hal qilinadi.
3. Belgilansinki, fermer xoʻjaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirishga doir daʼvo arizalarini qoʻzgʻatish va ularni sudga oshirish uchun fermer tomonidan oʻz zimmasiga olingan shartnoma majburiyatlarining bajarilishini chuqur tahlil etishda quyidagi holatlarning aniqlanishi asos boʻladi:
yer maydonlarini ijaraga olish shartnomasi shartlarini qoʻpol ravishda buzish, yaʼni, eng avvalo, fermer xoʻjaligiga ijaraga berilgan qishloq xoʻjalik ekin maydonlaridan maqsadga muvofiq foydalanmaslik;
fermer xoʻjaliklarini shakllantirish chogʻida belgilangan fermer xoʻjaliklari ixtisoslashuvini buzish, kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan qishloq xoʻjalik ekinlarini ekish;
ijaraga berilgan qishloq xoʻjalik ekinzorlaridan noratsional foydalanish, muntazam (uch yil mobaynida) normativ kadastr bahosidan past hosil olish;
fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida, avvalo, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlari xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining shartlarini muntazam (uch yil mobaynida) bajarmaslik;
xoʻjalik faoliyatini samarasiz va past rentabelli yuritish, fermer xoʻjaligini bankrot deb topish, jumladan, moddiy-texnik resurslar, ishlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblarni muntazam ravishda amalga oshirmaslik.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyuldagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2023-y., 06/23/109/0469-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Fermer xoʻjaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi fermer xoʻjaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirish masalalarini hal etishda amaldagi qonun hujjatlariga va mazkur Farmonning qoidalariga qatʼiy amal qilsinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi fermer xoʻjaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirishda qonunchilikka qatʼiy rioya qilinishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin hamda mansabdor shaxslar tomonidan suiisteʼmol qilish va qonunchilikni buzish holatlarining oldini olish va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 18-aprel,
PF-4301-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 16-son, 163-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2023-y., 06/23/109/0469-son)