O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IKKINChI JAHON URUShI QATNAShChILARINI RAG‘BATLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Umumxalq bayrami — 9-may — Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek 1941 — 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 58 yilligi munosabati bilan va urush qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga 13000 (o‘n uch ming) so‘m miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti belgilansin.
2. Ushbu qarorni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita va Milliy xavfsizlik xizmati mazkur pul mukofotlarining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlasinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Madaniyat ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha’ni himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va H.S. Karomatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 1-may,
200-son