O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDAGI TURIN POLITEXNIKA UNIVERSITETI HUZURIDA AKADEMIK LITSEY FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Iqtidorli yoshlarning bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, sanoatning yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlarining malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, aniq fanlar va ingliz tili bo‘yicha chuqurlashtirilgan, kasbiy yo‘naltirilgan ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining 2010/2011 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzurida aniq fanlar va ingliz tili chuqur o‘qitiladigan akademik litsey tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda:
akademik litseyda o‘qitishni davlat ta’lim standartlariga, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshirish;
akademik litseyning pedagogik kadrlari tarkibini tanlov asosida malakali, chuqur kasbiy bilimga, yuksak axloqiy va ma’naviy sifatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar bilan to‘ldirishni ta’minlash;
akademik litseyni zarur o‘quv-laboratoriya jihozlari va sport anjomlari, kompyuter texnikasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyasi jihozlari, axborot resurs markazi fondi va zarur jihozlar bilan ta’minlash vazifasi yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda 2010/2011 o‘quv yilidan boshlab O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litseyni saqlash xarajatlari uchun zarur mablag‘ ajratishni nazarda tutsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.N. Aripov va U.U. Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-sentabr,
208-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 38-son, 330-modda)