Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaPONIYA HUKUMATINING MADANIYAT SOHASIDAGI BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan 50 mln Yaponiya iyenasi miqdoridagi begʻaraz mablagʻdan Toshkent shahar planetariysini texnikaviy jihozlash uchun samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining Toshkent shahar Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida joylashgan planetariyni texnikaviy jihozlash maqsadida 50 mln Yaponiya iyenasi miqdorida begʻaraz mablagʻ taqdim etayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimi K.N. Toʻlaganov Almashuv Notalari va ilova hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki begʻaraz yordamni olish uchun nazarda tutilgan barcha tartibotlarning Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda bajarilishini taʼminlasinlar.
4. Begʻaraz yordam hisobiga Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan asbob-uskunalar va xizmatlar bojxona toʻlovlari (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari)dan, barcha turdagi soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinsin.
5. Toshkent shahar hokimligi va Madaniyat ishlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda begʻaraz yordam hisobiga keltiriladigan asbob-uskunalarni olib kelish va joylashtirish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligi buyurtmanomasiga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan yaponiyalik mutaxassislarga konsullik va boshqa turdagi yigʻimlar olmasdan koʻp martalik vizalar berilishini hamda yigʻimlar, boj toʻlovlari undirmasdan yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari X.S. Karomatov va Toshkent shahar hokimi K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 5-avgust,
378-son