O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1998 YIL I YaRIM YILLIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLAR USTUVOR YO‘NALIShLARINING AMALGA OShIRILIShI VA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING IJTIMOIY- IQTISODIY RIVOJLANIShI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi 1998-yilning birinchi yarim yilligida makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashni, barqaror iqtisodiy o‘sishni, iqtisodiyotning mutanosibligini kuchaytirishni ta’minladi.
Yarim yillik mobaynida yalpi ichki mahsulot 4,0 foizga ko‘paydi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarning barqaror o‘sishi ta’minlandi. Inflatsiyaning o‘rtacha oylik darajasi 2,3 baravar pasaydi. Budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 1,3 foizidan oshmadi. Iqtisodiyotga investitsiyalar jalb etish hajmi 12 foizga ko‘paydi. Tashqi savdo oborotida ijobiy saldoga erishildi.
Shu bilan birga, qator tarmoqlarda korxonalarni aksiyalashtirish rasman amalga oshirilgan. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari, kuzatuvchi kengashlar va boshqaruvlar amalda ishlamayapti. Davlat mulki qo‘mitasi, vazirliklar, idoralar, korxonalar rahbarlari aksiyalar paketlarining tarkibini o‘zgartirish natijasida bo‘shab qolgan aksiyalarni erkin sotish zarur darajada tashkil etilishini ta’minlamadilar.
To‘lov intizomini buzish, mahsulotlarni oldindan haqini to‘latmasdan va banklar kafolatlarisiz berish hollari mavjud. Aylanma mablag‘larni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga va ulardan maqsadli foydalanmaslikka yo‘l qo‘yilmoqda. Natijada muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlari, ayniqsa “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika va elektrlashtirish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi korxonalarida ko‘paymoqda. Iqtisodiy nochor xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bankrotligi va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar sonini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi hali ham yetarlicha bo‘lmayapti.
Ishlab chiqarishni raqobatga bardoshli mahsulot chiqarishga qayta ixtisoslashtirish sust amalga oshirilmoqda. Bir qancha vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar va kompaniyalar mahsulotni eksport qilish va valyuta tushumi bo‘yicha topshiriqni qoniqarsiz bajarmoqdalar.
Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini so‘zsiz bajarish, sa’y-harakatlarni 1998-yil oxiriga borib iqtisodiy o‘sish va moliyaviy barqarorlashtirishning belgilangan ko‘rsatkichlariga erishishga qaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kadrlarga nisbatan talabchanlikni oshirish, ularda bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq keluvchi yangicha fikrlashni shakllantirish, boqimandalik psixologiyasiga va boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usuliga barham berish, xodimlarning kasb-hunar darajasini, tashabbusi va tadbirkorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish barcha darajadagi rahbarlarning muhim vazifalari deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Mehnat vazirligi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublikani 1999-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda Davlat budjeti prognozi loyihalarini 1998-yil 15-sentabrgacha bo‘lgan muddatda tayyorlasinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi, Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi zarar ko‘rib ishlayotgan hamda moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lmagan korxonalarni qayta ixtisoslashtirish, sanatsiya qilish va tugatish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish ishlarini faollashtirsinlar. Bunda sanatsiya qilinadigan korxonalar qarzlarini tarkibiy o‘zgartirish korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilsin.
Komissiya ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida 1998-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida axborot bersin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda:
mulkning davlat ulushini boshqarishni takomillashtirish, aksiyadorlik jamiyatini boshqarishning yuqori organi sifatida aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining ahamiyatini oshirish, aksiyalashtirilgan korxonalar rahbarlarining aksiyadorlar yig‘ilishiga qat’iy bo‘ysunishi, shuningdek aksiyalashtirishning tegishli prinsiplariga muvofiq rahbarlarni va ma’muriy-boshqaruv xodimlarini tayinlash mexanizmini joriy etish;
olingan mablag‘lardan renovatsiyaga, korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish maqsadida ularni o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirgan holda erkin sotishga, shu jumladan, xorijiy investorlarga sotishga mo‘ljallangan aksiyalar paketlarini sotishni jadallashtirish;
korxonalarni aksiyalashtirish va boshqarishda qatnashishga xususiylashtirish investitsiya fondlarini keng jalb qilish, bunda mustahkam me’yoriy-huquqiy baza yaratish asosida ularning aksiyalari egalari manfaatlari va huquqlari ishonchli himoya qilinishini nazarda tutish;
korxonalarni aksiyalashtirishga xorijiy sarmoyani jalb qilish, ayniqsa aksiyalarini qimmatli qog‘ozlarning tashqi bozorlariga qo‘yish zarur bo‘lgan ustuvor korxonalar bo‘yicha O‘zbekiston fond bozorining jahon sarmoya bozoriga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvining tasdiqlangan rejasini jadal amalga oshirish yuzasidan bir oy muddatda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi (O‘. T. Sultonov) xususiy tadbirkorlikni, kichik va o‘rta biznesni jadal rivojlantirish asosida real mulkdorlar sinfi shakllanishi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga qaratilgan Hukumat qarorlari bajarilishi, shuningdek ushbu maqsadlar uchun jalb qilinayotgan xorijiy kreditlardan samarali foydalanish ustidan qattiq nazoratni ta’minlasin.
Olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida 1998-yil yakunlari bo‘yicha axborot berilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Respublika meva-sabzavot xo‘jaligida monopoliyadan chiqarish va ixtisoslashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1997-yil 18-iyuldagi 363-son qarorini bajarish yuzasidan zarur nazoratni ta’minlamaganligi, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi sustkashligi, korxonalarda ishlab chiqarish va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish, shuningdek ularni eksportga sotish bo‘yicha yetarlicha ish olib bormaganligi uchun “O‘zmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi raisi B. N. Nosirovga hayfsan e’lon qilinsin.
“O‘zmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi raisi B. N. Nosirov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari joriy yilning ikkinchi yarim yilligida eksportni ko‘paytirish ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini, 1998-yilda nazarda tutilgan investitsiya dasturlarining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlasinlar, tarmoq korxonalarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, ular faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni faollashtirsinlar.
Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida 1998-yil yakunlari bo‘yicha B. N. Nosirovning hisoboti eshitilsin.
7. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi, “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
boshoqli don ekinlari hosili o‘rim-yig‘imini tezda tugallash va davlatga don sotish yuzasidan shartnoma majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar, boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yerlarning joriy yilning 15-avgustigacha haydalishini ta’minlasinlar;
qishloq xo‘jaligi korxonalari mehnat jamoalarini g‘o‘zalarni kompleks parvarish qilishga safarbar etsinlar, sust rivojlanayotgan g‘o‘zalarga va paxta terish texnikasini tayyorlab qo‘yishni joriy yilning 1-sentabrigacha tugallashga alohida e’tibor bersinlar.
Paxta terish mashinalarini tuzatish-tiklash ishlarini o‘tkazishni moddiy-texnikaviy ta’minlash bo‘yicha shaxsan javobgarlik “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi raisi B. A. Olimjonov, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi raisi R. D. Matchonov zimmasiga yuklansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda, 1998-yil hosil yig‘im-terimi yakunlarini hisobga olgan holda, ekish mavsumini o‘tkazish, boshoqli don ekinlari yetishtirish va 1999-yil hosilidan davlat xaridlari hajmlari bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi takliflarni 20 kun muddatda ko‘rib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tegishli banklar va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 1996-1997-yillarda “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi va “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligi korxonalarining qarzlarini uzish bo‘yicha aniq takliflarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
10. Vazirlar Mahkamasi Komplekslari, vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar, hokimliklar hamda boshqaruvning boshqa tuzilmalari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari bilan aloqada bo‘lishdan, muloqotdan o‘zini chetga tortishi, jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi muammolarning matbuotda, televideniye va radioda yoritilishiga yetarli e’tibor bermasligi va ko‘maklashmasligi singari qaror topgan amaliyot qoralansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 29-iyul,
320-son