Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
8 MART — XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kunini keng nishonlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Toshkent shahar hokimligi (K. Toʻlaganov) Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda bayramga bagʻishlangan tantanali kechani 1996-yil 7-mart kuni “Turkiston” saroyida oʻtkazishni taʼminlasin.
3. Madaniyat ishlari vazirligi (E. Hayitboyev) Toshkent shahar hokimligiga “Turkiston” saroyida boʻladigan tantanali kechani oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xotin-qizlar kuni munosabati bilan tegishli tadbirlar belgilasinlar hamda joylarda bayramning koʻtarinki ruhda oʻtishini taʼminlasinlar.
5. Bayramni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar mahalliy budjet hisobidan qoplanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-fevral,
56-son