Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.05.2018
 LexUZ sharhi
1. Xo‘jalik sudlarining e’tibori nizolarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan, taraflarning tengligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa tamoyillarini ta’minlagan holda hal etish zarurligiga qaratilsin.
2. XPKning 1-moddasiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni so‘rab xo‘jalik sudiga murojaat qilishga haqli. Bunda manfaatdor shaxs deganda, o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs tushunilishi lozim. Xo‘jalik sudiga murojaat qilishdan voz kechish haqiqiy emas.
Xo‘jalik sudiga murojaat qilish XPKda belgilangan tartib va shaklda amalga oshiriladi. Bunday murojaatlar va ularga ilova qilinadigan hujjatlar xo‘jalik sudiga axborot tizimi orqali elektron shaklda ham yuborilishi mumkin.
3. XPK 6-moddasining birinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudi manfaatdor shaxslarning, prokurorning, qonun bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida xo‘jalik sudiga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan so‘nggina xo‘jalik sudida ish qo‘zg‘atish mumkin. Bunday tartib, xususan O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilab qo‘yilgan. Nizolarni sudgacha hal etish (talabnoma yuborish) tartibi da’vogar uchun faqat qonun va shartnomada belgilangan hollarda majburiy ekanligini nazarda tutish lozim. Agar u nizomlar, qoidalar va boshqa qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa ham, qonunda ularni qo‘llash haqidagi havola normalari belgilangan hollardan tashqari, unga rioya qilish taraflar uchun majburiy hisoblanmaydi. Agar shartnomada taraflar tomonidan kelib chiqqan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish haqidagi shart nazarda tutilgan bo‘lsa, ammo nizoni hal etish tartibi belgilanmagan bo‘lsa, bu holda nizoni talabnoma yuborish yo‘li bilan hal etish tartibi majburiy hisoblanmaydi. Ishlarning prokuror, davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilishi talabnoma yuborish tartibiga rioya qilinganligidan qat’i nazar, amalga oshirilishini e’tiborga olish lozim.
5. XPK 14-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Sudya tomonidan imzolangan sud hujjatlari ishda qoldirilishi sababli, uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladigan nusxalari gerbli muhr bilan tasdiqlanishi lozim.
6. Rad qilish to‘g‘risidagi ariza faqat XPKning 17 va 18-moddalarida ko‘rsatilgan hollar mavjud bo‘lganda berilishi mumkin.
XPK 17-moddasi birinchi qismining 1-bandini qo‘llashda sudya, agar u ishda ishtirok etuvchi shaxslarning (ishda ishtirok etuvchi shaxslar rahbarlarining) yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa, ishni ko‘rishda qatnasha olmasligini nazarda tutish lozim.
Sudlar XPKda sudning barcha sudyalarini bir vaqtning o‘zida rad qilish nazarda tutilmaganligini, shu munosabat bilan barcha sudyalarni rad qilish haqidagi arizalar qanoatlantirilmasdan qoldirilishi lozimligini inobatga olishlari kerak.
XPK 21-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra bir necha sud’yani yoki ishni ko‘rayotgan butun sud tarkibini butunlay rad qilish masalasi shu sudning to‘liq tarkibida oddiy ko‘pchilik ovoz bilan hal qilinadi. Bunda “shu sud” deganda, ayni shu ishni ko‘rayotgan sud tarkibi nazarda tutilganligini hisobga olish lozim.
7. XPK 19-moddasining birinchi qismiga muvofiq ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan yoxud nazorat tartibida bekor qilingan bo‘lsa, shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok eta olmaydi, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rish bundan mustasno. Da’voni ko‘rmasdan qoldirish, da’vo arizasini qaytarish to‘g‘risidagi va boshqa alohida hujjat shaklidagi ajrimlarni chiqarishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok etishi mumkin.
Ishni ko‘rishda ishtirok etgan sudya deganda, ishni mazmunan ko‘rishda va hal qiluv qarori, qaror qabul qilinishida ishtirok etgan sudya tushuniladi. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, XPKning 19-moddasida o‘rnatilgan qoida da’vo arizasini qabul qilish va ish qo‘zg‘atish, ishni sud muhokamasiga tayyorlash, sud majlisini qoldirish to‘g‘risidagi va boshqa shikoyat qilinmaydigan ajrimlarni qabul qilishda ishtirok etgan sudyalarga tatbiq etilmaydi.
8. Xo‘jalik sudiga XPKning 23-moddasida belgilangan iqtisodiyot sohasida fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan xo‘jalik nizolari bo‘yicha ishlar taalluqlidir. Xo‘jalik sudiga taalluqli bo‘lgan, nizo kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa huquqiy munosabatlar deganda, fuqarolik va ma’muriy huquq normalari bilan qamrab olinmagan yer, soliq va boshqa munosabatlar tushunilishi lozim.
Sudlar inobatga olishlari lozimki, XPKning 15519-moddasida ko‘rsatilgan korporativ nizolarning ro‘yxati tugal hisoblanmaydi. Shuning uchun nizoning ushbu moddada ko‘rsatilmaganligini asos qilib, da’vo arizasini qabul qilishni rad etishga yoki ish yuritishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
81. XPK 31-moddasining uchinchi qismiga muvofiq korporativ nizolar bo‘yicha da’volar yuridik shaxs joylashgan joyda taqdim etiladi. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, ushbu qoidada ko‘rsatilgan yuridik shaxs deganda, nizo aynan qaysi yuridik shaxsning faoliyati yuzasidan kelib chiqqan bo‘lsa, shu yuridik shaxs tushuniladi.
9. XPKning 23-moddasida xo‘jalik sudiga taalluqli nizolar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqiy munosabatlar qatnashchilarining subyektli tarkibi belgilangan. U eng avvalo, yuridik shaxslarni va yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolarni hamda XPK 23-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha fuqarolar — jismoniy shaxslarni o‘z ichiga oladi. Sudlar nazarda tutishlari kerakki, agar da’vo bilan yuridik shaxsning o‘zi emas, balki uning alohida bo‘linmasi (filiali, vakolatxonasi) ishonchnoma asosida murojaat etsa, xo‘jalik sudi da’vo arizasini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Bunda bunday ishlar bo‘yicha vakil sifatida ishtirok etayotgan alohida bo‘linma emas, balki u manfaatlarini ko‘zlab harakat qilayotgan yuridik shaxs da’vogar hisoblanadi.
XPK 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq fuqaro, agar u yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, xo‘jalik sudiga taalluqli nizoning qatnashuvchisi deb tan olinadi. Xo‘jalik sudlari shuni nazarda tutishlari kerakki, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, lekin davlat ro‘yxatidan o‘tmagan fuqaro, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olmaydi va bunday shaxslar ishtirokidagi nizolar XPK 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq xo‘jalik sudiga taalluqli emas. Agar fuqaroning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligining amal qilishi, xususan guvohnomaning amal qilish muddatining tugashi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligining bekor qilinganligi va hokazolar munosabati bilan tugatilganda, tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, xo‘jalik sudiga taalluqlidir. Ammo fuqaro tadbirkor maqomining mavjudligi o‘z-o‘zidan uning ishtirokida xo‘jalik sudida nizoni ko‘rib chiqish uchun asos bo‘la olmaydi.
Bundan kelib chiqadiki, shartnoma oldidan bo‘ladigan nizoni, agar bunday shartnomani tuzish qonun bo‘yicha hech bo‘lmaganda bir taraf uchun majburiy bo‘lsa, xo‘jalik sudi ko‘rib chiqish uchun qabul qilishi shart (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 377-moddasi). Shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi nizoni xo‘jalik sudiga hal etish uchun berishning boshqa sharti taraflarning bunday imkoniyat haqidagi kelishuvi hisoblanadi. Mazkur kelishuv turli shakllarda, masalan, xatlar, telegrammalar, ma’lumotlar almashish yo‘li bilan, faksimil yoki elektron aloqa vositasida ifoda etilishi mumkin. Bundan tashqari, shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal etishni xo‘jalik sudiga topshirish tuzilishi kerak bo‘lgan shartnomaning sharti sifatida nazarda tutilishi va agar boshqa taraf kelishmovchiliklar bayonnomasida loyihaning bu sharti bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirmasa, taraflardan biri tomonidan loyihaga kiritilishi mumkin.
Shartnomalar shartlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi iqtisodiy nizolar ham xo‘jalik sudiga taalluqlidir. Bunday turdagi nizolarni xo‘jalik sudi o‘z ish yuritishiga qabul qilishi uchun shartnomaning turi ham, uni tuzish tartibi ham ahamiyatga ega emas. Shu bilan birga FK shartnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish, agar FK, boshqa qonunlar yoki shartnoma bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuvi bo‘yicha mumkinligi to‘g‘risidagi qoidani belgilaydi (FK 382-moddasining birinchi qismi). Taraflardan birining talabi bilan esa shartnoma sud tomonidan faqat ikkinchi taraf uni jiddiy ravishda buzsa hamda FK, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin (FK 382-moddasining ikkinchi qismi). Bunda xo‘jalik sudi bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi da’voni qabul qilishga haqli (FKning 384-moddasi).
11. XPK 23-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq xo‘jalik sudiga yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
Yuridik faktni aniqlash to‘g‘risidagi ariza XPK 112-moddasida bayon qilingan talablarga rioya etgan holda beriladi. Bundan tashqari, unda: arizachi aniqlashni so‘rayotgan fakt; uni tasdiqlovchi dalillar; ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati; arizachi uchun fakt aniqlanishi zarurligining maqsadi; arizachi tomonidan tegishli hujjatlarni olish imkoni yo‘qligini yoki yo‘qotilgan hujjatlarni boshqa usul bilan tiklashning imkoni yo‘qligini tasdiqlovchi dalillar ko‘rsatilishi lozim.
Yuridik faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar xo‘jalik sudi tomonidan XPKda nazarda tutilgan umumiy qoidalar bo‘yicha arizachi va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan shaxslar ishtirokida ko‘riladi.
12. Da’vogar XPK 40-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan da’vo asosini yoki predmetini o‘zgartirish, da’vo talablari miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish huquqidan birinchi instansiya sudida hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar foydalanishi mumkin. Bu norma ish boshqa instansiyalarda ko‘rilayotganida qo‘llanilmaydi. Qayd etilgan huquq da’vogar tomonidan, shuningdek hal qiluv qarori apellatsiya, kassatsiya instansiyalari tomonidan yoki nazorat tartibida bekor qilinib, ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rilayotganda foydalanilishi mumkin. Da’vo predmetining o‘zgarishi da’vogarning javobgarga nisbatan moddiy-huquqiy talablarining o‘zgarishini bildiradi. Da’vo asosini o‘zgartirish da’vogarning javobgarga nisbatan o‘z talablarini asoslantirgan holatlarning o‘zgarishini bildiradi. Da’vo predmeti va asosi tushunchalaridan shu narsa kelib chiqadiki, agar bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi talab shartnomani bekor qilish talabi bilan almashtirilsa va bu o‘zgarishga boshqa asoslar keltirilsa, bunday holda da’voning predmeti va asosi o‘zgargan hisoblanadi. XPK da’vo predmeti va asosini bir vaqtda o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaydi. Da’vo talablari miqdorining ko‘paytirilishi deganda, da’vogar tomonidan da’vo arizasida bayon qilingan o‘sha talab bo‘yicha da’vo summasining ko‘paytirilishi tushuniladi. Da’vo talablari miqdorining ko‘paytirilishi da’vogar tomonidan da’vo arizasida ko‘rsatilmagan qo‘shimcha talablarni taqdim qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Masalan, mulkiy sanksiyalarni qo‘llash haqidagi talab asosiy qarzni undirish to‘g‘risidagi da’vo bo‘yicha talablar miqdorining ko‘paytirilishi deb hisoblanmasligi kerak. Bunday talab da’vo predmeti bo‘lmagan yangi talab hisoblanishi sababli, ko‘rib chiqilmasligi va mazkur talab mustaqil ravishda bildirilishi mumkinligi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ko‘rsatiladi.
13. XPK 49-moddasining birinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudida tashkilotlarning ishlarini ularning organlari va vakillari olib boradi. Tashkilotlar deganda, yuridik shaxslar (korxonalar, tashkilotlar, muassasalar) tushunilishi lozim. Vakilning ishonchnomasida ishonch bildirgan shaxsning nomidan sudda vakil amalga oshirishga haqli bo‘lgan, XPKning 52-moddasida nazarda tutilgan protsessual harakatlar sanab o‘tilgan bo‘lishi lozim. Agar vakilga berilgan ishonchnomada uning aniq vakolatlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa, vakil unga XPKning 52-moddasiga muvofiq amalga oshirish uchun vakolatlar berilishi zarur bo‘lgan protsessual harakatlardan tashqari, protsessual harakatlarni amalga oshirishga haqli.
XPK 49-moddasining uchinchi qismiga muvofiq fuqarolar o‘z ishlarini xo‘jalik sudlarida shaxsan o‘zlari yoki vakillari orqali yuritishlari mumkin. XPK 49-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolar deganda, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar, shuningdek XPK 23-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan nizolar ishtirokchilari — jismoniy shaxslar tushunilishi lozim.
14. XPK 55-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudi, agar ishni mavjud dalillar asosida ko‘rib chiqishning imkoniyati yo‘q deb hisoblasa, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qilishga haqlidir. Bunda xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishga majbur emas, balki haqli ekanligi hisobga olinishi kerak. Xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishga majburlamasdan, faqat taklif etadi. Qo‘shimcha dalillar nizoning to‘g‘ri hal qilinishi va u bo‘yicha qonuniy hamda asoslantirilgan sud hujjati qabul qilinishi uchun zarur bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, shuni nazarda tutish lozimki, XPK 130-moddasining birinchi qismiga ko‘ra sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslarga taqdim etishni taklif qilgan da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr yoki qo‘shimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni unda mavjud materiallar asosida ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
15. XPK 56-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi yoki ishtirok etmaydigan shaxsdan zarur dalillarni talab qilib olishi mumkin. Talab qilingan dalillarni uzrsiz sabablarga ko‘ra sudga taqdim etish majburiyati bajarilmagan holda ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan jarima ishda ishtirok etuvchi shaxsga ham, ishtirok etmayotgan shaxsga ham qo‘llanilishi mumkin.
17. XPKning 77-moddasida ko‘rsatilgan da’voni ta’minlash choralari, agar ularni qo‘llamaslik sudning hal qiluv qarorini bajarishga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lsa yoxud bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘ysa, ish bo‘yicha ish yuritishning har qanday bosqichida qabul qilinishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, XPK 77-moddasining birinchi qismi hisob raqamiga band solish kabi da’voni ta’minlash chorasini nazarda tutmaydi. Shuning uchun ishda ishtirok etuvchi shaxsning javobgarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lariga band solish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqishda hisobga olish kerakki, kredit muassasasidagi hisob raqami emas, balki da’voda ko‘rsatilgan summa doirasida hisob raqamlarida mavjud bo‘lgan mablag‘lari xatlanadi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qaroriga asosan ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan)
Mol-mulk, agar u uzoq saqlanganda o‘zining sifatini yo‘qotmasa, xatlanishi mumkin. Bunday chora, xususan tez buziladigan mahsulotlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Pul mablag‘lari hisobdan chiqariladigan yoki mol-mulkni sotishga qaratilgan hujjatni haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi berilgan hollarda, da’vogarning arizasiga ko‘ra, javobgarga bu mablag‘larni hisobdan chiqarish yoki mol-mulkni sotishni taqiqlash haqidagi masala hal etilishi mumkin (XPK 77-moddasi birinchi qismining 2-bandi). XPK 80-moddasining ma’nosi bo‘yicha da’voni rad qilish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganda ishni birinchi instansiyada ko‘rgan xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi yoki o‘zining tashabbusi bo‘yicha da’voni ta’minlashni bekor qilishga majbur. Xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi yoki o‘zining tashabbusi bo‘yicha, agar da’voni ta’minlashga sabab bo‘lgan asoslar yo‘qolgan deb topsa, da’voni rad etish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar ham da’voni ta’minlashni bekor qilishga haqli. Da’vo qanoatlantirilganda uni ta’minlash chorasi hal qiluv qarori haqiqatda ijro etilgunga qadar amal qiladi.
Da’vo rad etilgan holda xo‘jalik sudi da’voni ta’minlash chorasini bekor qilish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin. Bunda XPK alohida ajrim chiqarilishini nazarda tutadi va da’voni rad etish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorida da’voni ta’minlash chorasining bekor qilinishi ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
18. Ish yuritishni to‘xtatish xo‘jalik sudi tomonidan ushbu ish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha protsessual harakatlarning to‘xtatilishini anglatadi. Ish yuritishni to‘xtatish asoslari XPKning 82 va 83-moddalarida nazarda tutilgan. Bunda xo‘jalik sudi XPKning 83-moddasida belgilangan asoslar bo‘yicha ish yuritishni o‘z tashabbusi bilan yoki taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra to‘xtatishga haqli ekanligi va XPKning 82-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha iltimosnoma mavjudligidan qat’i nazar, 7 ish yuritishni to‘xtatishga majbur ekanligini e’tiborga olish lozim. Ish yuritishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sud ajrimida ish yuritishni to‘xtatish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatilishi kerak.
XPK 82-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq xo‘jalik sudi ushbu ishni konstitutsiyaviy, fuqaroviy, jinoyat yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish tartibida ko‘rilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmaganda, ish yuritishni to‘xtatib turishga majbur.
19. Xo‘jalik sudi XPKning 86-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra ish bo‘yicha ish yuritishni tugatadi. Ish yuritishni tugatish nizoning mohiyati bo‘yicha sud qarorini chiqarmasdan ish yuritishni tamomlash shakllaridan biri hisoblanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan ish yuritishni tugatish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar ish xo‘jalik sudida ko‘rish uchun tegishli bo‘lmasa, sud ish yuritishni tugatadi. Ishning xo‘jalik sudiga taalluqliligi XPK 23 va 24-moddalarining talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda sudga taalluqlilik boshlanib bo‘lgan xo‘jalik protsessida ham o‘zgarishi mumkinligini e’tiborga olish kerak, masalan protsessga protsessual munosabatlar ishtirokchilari maqomiga ega bo‘lmagan shaxslar: jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar bo‘lmagan tashkilotlar va boshqalarning jalb etilishi munosabati bilan. Biroq, ishga jalb qilingan nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxsning yuridik shaxs maqomiga ega emasligini yoki fuqaro (jismoniy shaxs) ekanligini vaj qilib, ish yuritishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
20. Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish kabi nizoning mazmuni bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilmasdan turib sud muhokamasini tamomlash shakllaridan biri hisoblanadi. XPKning 88-moddasida ko‘rsatilgan da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida sud XPKning 89-moddasi talablariga muvofiq keladigan ajrim chiqaradi. Ajrimning mazmunida, XPKning 89-moddasida belgilangan ma’lumotlardan tashqari, XPKning 88-moddasida qayd etilgan, ishni ko‘rish uchun to‘sqinlik qilayotgan va da’voni ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lgan holatlarni bartaraf etish usullari tushuntirilishi lozim. XPKning 88-moddasida ko‘rsatilgan asoslardan tashqari da’vo da’vogar tomonidan uning manfaatida davlat organi yoki boshqa organ tomonidan taqdim etilgan da’vodan voz kechilgan holda ham ko‘rmasdan qoldiriladi (XPKning 44-moddasi).
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
XPKning 105-moddasiga muvofiq arizachi (kreditor) sud buyrug‘ini berish to‘g‘risida ariza berganida qarzdorga shu arizaning nusxasini topshirishga majbur. Qarzdorga sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaning nusxasi topshirilganligining dalili bo‘lib, qarzdor rahbarining muhr bilan tasdiqlangan imzosi hisoblanadi. Agar arizaning nusxasi aloqa vositalari orqali yuborilgan bo‘lsa, sudya XPK 107-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni rad etadi.
XPK 111-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, agar qarzdor sud buyrug‘i berilgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida ariza bersa, sudya buyruqni bekor qiladi. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, agar sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu moddada ko‘rsatilgan muddatni o‘tkazib berilgan bo‘lsa va muddatning o‘tkazilishi sabablari uzrli hisoblansa, sudya uni tiklab, sud buyrug‘ini belgilangan tartibda bekor qilishga haqli. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi. Bunda ajrimda kreditorning sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqi va nizoning umumiy tartibda ko‘rilishi tushuntiriladi.
22. XPKning 112-moddasiga muvofiq xo‘jalik sudiga taqdim etilayotgan da’vo arizasi da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. O‘zining buzilgan huquqi va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat etayotgan shaxs da’vogar hisoblanadi. XPK 112-moddasining birinchi qismi mazmuniga ko‘ra da’vo arizasi da’vogarning rahbari yoki uning vakili tomonidan o‘z qo‘li bilan imzolangan bo‘lishi lozim. Bunda imzoning mexanik yoki boshqa nusxa ko‘chirish vositalari orqali amalga oshirilishiga qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.
XPK 112-moddasining birinchi qismini qo‘llashda shuni nazarda tutish kerakki, agar tashkilotni hay’at organi boshqarsa va da’vo arizasiga uning rahbari yoki o‘rinbosarining uni imzolashga vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan bo‘lsa, sudya ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda da’vogarga tegishli hujjatni taqdim etishni taklif qilishi kerak.
23. XPKning 115-moddasiga muvofiq da’vogar o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir necha talabni bitta da’vo arizasida birlashtirishga haqli. Bir necha da’vo talablari, agar ular xo‘jalik sudiga taalluqli bo‘lgan nizoli moddiy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan holda o‘zaro bog‘liq bo‘lsa, birlashtirilishi mumkin (xususan, qaytarilmagan kredit, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar va neustoykani undirish haqida; hujjatni haqiqiy emas deb topish va shu hujjat asosida to‘langan summalarni qaytarish haqida; bir necha transport hujjatlari bo‘yicha olingan va bitta qabul qilish hujjati bilan rasmiylashtirilgan yoki bitta hisob-kitob hujjati bo‘yicha to‘langan kamomad miqdorini undirish haqida). Agar qo‘shimcha da’vo talabi dastlabki da’vo bilan bog‘liq bo‘lmasa yoki ikkala talabni birgalikda ko‘rish maqsadga nomuvofiq deb topilsa, sud XPK 118-moddasi birinchi qismining 7-bandiga mos holda uni qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Ish qo‘zg‘atilgunga qadar sud dalillarni ta’minlash choralarini ko‘rishga (XPKning 72-moddasi), sud topshiriqlarini berishga (XPKning 74-moddasi), da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishga (XPKning 77-moddasi), ish yuritishni to‘xtatish yoki tugatishga (XPKning 82, 86-moddalari), ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishga (XPKning 122-moddasi), hal qiluv qarori qabul qilishga (XPKning 135-moddasi) haqli emas. Da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish masalasi hay’at tarkibida ko‘rish qoidalariga bog‘liq bo‘lmagan holda sudya tomonidan yakka tartibda hal etiladi.
XPK 116-moddasining uchinchi qismini qo‘llashda shuni nazarda tutish lozimki, ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ko‘rsatma hamda ishda ishtirok etayotgan shaxslarning bajarishi lozim bo‘lgan harakatlari va ularni bajarish muddatlari da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimda yoxud ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda aks ettirilishi mumkin, biroq bu hujjatlarning ketma-ketligi protsessual munosabatlarning haqiqiy rivojlanishiga muvofiq bo‘lishi kerak. Sudya avval da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish masalasini hal etib, bu haqda ajrim chiqaradi, so‘ngra XPKning 123-moddasiga muvofiq ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Ishni sud muhokamasiga tayyorlashga qaratilgan XPKning 122-moddasida qayd etilgan protsessual harakatlarni sudya XPKda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi. Agar ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya boshqa javobgarni yoxud boshqa shaxslarni jalb qilishni, ekspertiza tayinlashni, da’voni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishni zarur deb topsa, u holda tegishli harakatlar ishni sud muhokamasiga tayyorlash haqidagi ajrimda qayd qilinadi.
25. Da’vo arizasini qabul qilishni rad etish asoslari XPKning 117-moddasida nazarda tutilgan va ushbu ro‘yxat kengaytirilgan tarzda talqin qilinmaydi. Agar XPK 117-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasi birinchi qismining tegishincha 1 va 3-bandlariga asosan tugatiladi. XPK 117-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan da’vo arizasini qabul qilishni rad etish uchun asos da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, da’vo XPK 88-moddasining 1-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldiriladi.
26. Xo‘jalik sudlari XPK 118-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asoslar ro‘yxatini kengaytirilgan tarzda talqin etishga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutishlari kerak. Agar XPK 118-moddasi birinchi qismining 1, 4, 5, 7-bandlarida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish asoslari xo‘jalik sudi tomonidan da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingandan so‘ng aniqlansa, ish mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim. Bunda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni da’vo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar bilan tanishtirish choralarini ko‘rishi hamda XPKning 115-moddasi tartibida talablarni alohida ish yuritishga ajratish masalasini ko‘rib chiqishi (agar bir nechta talablar bir yoki bir nechta javobgarlarga nisbatan qo‘yilgan bo‘lib, o‘zaro bog‘liq bo‘lmasa) shart. XPK 118-moddasi birinchi qismining 2 va 8-bandlarida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asoslar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, sud da’voni XPK 88-moddasining tegishincha 3 va 4-bandlari asosida ko‘rmasdan qoldiradi. Da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingandan so‘ng XPK 118-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun bo‘lgan asos aniqlangan holda, sud XPK 33-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga asosan sudlovga tegishlilik qoidalari bo‘yicha ishni ko‘rish uchun boshqa xo‘jalik sudiga o‘tkazishi lozim.
27. XPK 120-moddasining birinchi qismiga muvofiq javobgar ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar da’vogarga dastlabki da’vo bilan birga ko‘rish uchun qarshi da’vo arizasini taqdim etishga haqli. Bunda nazarda tutish kerakki, XPK 120-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan shartlardan birontasi mavjud bo‘lsa, qarshi da’vo ish yuritishga qabul qilinishi mumkin. Qarshi da’vo protsessual qonun hujjatlari talablariga rioya qilingan holda taqdim etilgan bo‘lsa-yu, ammo yuqorida ko‘rsatilgan moddadagi shartlar mavjud bo‘lmasa, sud qarshi da’vo arizasini qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Qarshi da’vo arizasini XPK 120-moddasida nazarda tutilgan shartlar mavjud emasligi asosida qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim xo‘jalik sudiga mustaqil da’vo taqdim etishga to‘sqinlik qilmasligi uchun shikoyat qilinmaydi. Agar qarshi da’vo arizasini qabul qilish XPKning 117-moddasida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha rad etilgan bo‘lsa, qarshi da’vo arizasini qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim shikoyat qilinishi mumkin.
28. XPKning 122-moddasiga binoan sudya ishni sud muhokamasiga tegishli tartibda tayyorlashi zarur, chunki bu nizoni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal qilishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya tomonidan bajariladigan harakatlar sud muhokamasini mukammal va tez o‘tkazish uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan. XPK 122-moddasining birinchi qismida qayd etilgan harakatlarning barchasini bajarish talab etilmaydi. U yoki bu harakatlar bajarilishining zaruriyati har bir holatda sudyaning ixtiyorida bo‘lib, nizoning holatlariga va ishda ishtirok etuvchilarning faolligiga bog‘liq. XPK 122-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bo‘yicha harakatlarning ro‘yxati tugal hisoblanmaydi hamda sudya nizoni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etishga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30. XPK 122-moddasi birinchi qismining 9-bandiga muvofiq sudya taraflarni murosaga keltirish choralarini ko‘radi. Xo‘jalik sudlari nizoning xarakteridan kelib chiqqan holda ishni kelishuv bitimi tuzish yo‘li bilan tamomlashga ko‘maklashishlari lozim. Nizoni kelishuv bitimi tuzish bilan hal etish imkoniyati ishni sud muhokamasiga tayyorlash paytida ham (XPK 122-moddasi birinchi qismining 9-bandi), sud muhokamasi jarayonida ham (XPKning 132-moddasi) aniqlanishi lozim. Taraflar tomonidan tuzilgan kelishuv bitimining shartlari ijro qilinayotganda uning mazmuni bo‘yicha noaniqliklar va nizolar bo‘lmasligi uchun ajrimning xulosa qismida aniq va ravshan ifodalangan bo‘lishi lozim. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqida ajrim chiqariladi (XPKning 132-moddasi). Kelishuv bitimi agar u qonun hujjatlariga xilof bo‘lmasa, boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa va shart asosida tuzilmagan bo‘lsa, xo‘jalik sudlari hujjatlari ijrosini tartibga soladigan umumiy qoidalar va XPK 146-moddasining beshinchi qismidagi qoidalar hisobga olingan holda ijro qilinadigan xo‘jalik sudining ajrimi bilan tasdiqlanadi.
31. XPK 125-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ishni ko‘rish muddatini uzaytirish masalasi xo‘jalik sudi raisi tomonidan ishni ko‘rayotgan sudyaning bildirgisi asosida hal etiladi. Sudyaning bildirgisida ishni bir oylik muddatda ko‘rish imkoni bo‘lmaganligi sabablari ko‘rsatilib, ishni ko‘rish muddatini uzaytirish so‘raladi. Xo‘jalik sudi raisi tomonidan ushbu bildirgiga ish ko‘rish muddatini uzaytirish yoki uni rad qilish haqida rezolyutsiya qo‘yiladi.
XPK 125-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ishni ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish haqidagi qoida o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham tatbiq etiladi.
32. XPK 128-moddasining birinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudi ishni ko‘rayotganda ish bo‘yicha dalillarni tekshiradi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatmalarini, ekspertlarning xulosalarini eshitadi; yozma dalillar bilan tanishadi; ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechiradi. Bunda sudya sud majlisida dalillarni ularning ishonchliligi, daxldorligi va ularga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi nuqtai nazaridan baho berish maqsadida shaxsan o‘zi tekshirishi lozimligi inobatga olinishi kerak. Sud tomonidan bevosita tekshirilmagan dalillar (masalan, taraflardan birining vakili tomonidan unga og‘zaki yetkazilgan) sud hujjatining asosiga qo‘yilishi mumkin emas. Bundan tashqari, sud yozma ravishda taqdim etilgan va sud majlisida o‘zlari tomonidan e’lon qilinmagan (masalan, sud majlisiga kelmaganligi uchun) taraflarning tushuntirishlari, guvohlarning ko‘rsatmalari va ekspertlarning xulosalarini e’lon qilishga majbur. Bunday dalillarning e’lon qilinishi protsessning boshqa ishtirokchilariga ularni baholash va o‘zlarining fikrlarini bildirish imkonini berish uchun zarur.
33. Xo‘jalik sudlari nazarda tutishlari lozimki, XPK 128-moddasining uchinchi qismida mustahkamlangan qoida boshlangan sud protsessining dam olish uchun belgilangan vaqtdan tashqari uzluksiz davom ettirilishini talab qiladi. Alohida hollarda majlisda uch kundan oshmagan muddatga tanaffus e’lon qilinishi mumkin.
XPKga muvofiq birinchi instansiya sudida protsess hal qiluv qarori qabul qilish (XPKning 135-moddasi), ish yuritishni tugatish haqidagi ajrim (XPKning 86-moddasi) yoki da’voni ko‘rmasdan qoldirish haqidagi ajrim (XPKning 88-moddasi) chiqarilishi bilan tugatilishi mumkin. Ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilingunga yoki yuqorida qayd etilgan ajrimlar chiqarilgunga qadar xo‘jalik sudi boshqa ishlarni ko‘rishga haqli emas.
34. Xo‘jalik sudlari XPK 129-moddasining birinchi qismida belgilangan, taraflarning arizalari va iltimosnomalari sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari eshitib bo‘lingach, hal qilinishi to‘g‘risidagi qoidaga rioya etishlari lozim.
XPK 129-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq arizalar va iltimosnomalarni ko‘rish natijalari bo‘yicha xo‘jalik sudi ajrim chiqaradi. Ajrimning shakli iltimosnomaning mazmuni va uni ko‘rib chiqish natijalariga bog‘liq. Masalan, agar iltimosnoma sud majlisini qoldirish to‘g‘risida berilgan bo‘lsa, u qanoatlantirilganda alohida hujjat tariqasida ajrim chiqariladi, qanoatlantirish rad etilganda — hal qiluv qarorida ko‘rsatiladi. Agar taraf ish hujjatlariga qo‘shimcha dalillarni qo‘shish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilsa, u qanoatlantirilganda yoki rad etilganda og‘zaki ajrim chiqariladi. Berilgan iltimosnomalar bo‘yicha chiqariladigan ajrimlarga qo‘yiladigan umumiy talab — ma’lumotlar sud majlisi bayonnomasiga kiritilishining majburiyligi.
35. XPKning 131-moddasi xo‘jalik sudining ishni shu majlisda, shu jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar va tarjimonlardan biri kelmaganligi yoki qo‘shimcha dalillar taqdim etish zarurligi sababli yoxud xo‘jalik sudining videokonferensaloka rejimidagi majlisini o‘tkazish chog‘ida videokonferensaloka o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda ishni ko‘rishni keyinga qoldirish huquqini belgilaydi. Ushbu moddada ko‘rsatilgan ishni ko‘rishni qoldirish asoslari tugal hisoblanmaydi. Bunda nazarda tutish lozimki, ishni ko‘rish sudning tashabbusi bilan ham, taraflarning iltimosnomalariga ko‘ra ham keyinga qoldirilishi mumkin. Sudlar ishni ko‘rish muddatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir aniq holatda sud majlisini qoldirish masalasini ish holatlaridan, iltimosnomada keltirilgan ishni qoldirish sabablaridan kelib chiqqan holda hal etishlari zarur. Ishni ko‘rishni keyinga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilganda yoki sud majlisi sudning tashabbusi bilan qoldirilganda, sud majlisi ishni ko‘rish uchun belgilangan bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga qoldirilishi kerak (XPKning 125-moddasi). Agar sud majlisini ishni ko‘rish umumiy muddatidan oshadigan muddatga qoldirish zarur bo‘lsa, u xo‘jalik sudining raisi tomonidan XPK 125-moddasining ikkinchi qismiga asosan bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Ishni ko‘rishni keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi. Shu bilan birga sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar yangi sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida bevosita sud majlisida xabardor qilinishlari mumkin, bunday holda xabardor qilinganlik fakti ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladigan tegishli tilxat bilan tasdiqlanadi.
36. XPK 67-moddasining birinchi qismiga muvofiq ishni ko‘rish vaqtida kelib chiqadigan, fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan savollarni tushuntirib berish uchun xo‘jalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosiga ko‘ra ekspertiza tayinlaydi. Bunda nazarda tutish kerakki, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga ekspertiza o‘tkazish vaqtida tushuntirib berilishi kerak bo‘lgan savollarni taqdim etishga, xo‘jalik sudi esa shaxslarni bunday savollarni sudga taqdim etishga majburlashga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taklif etilgan savollar rad etilsa, sud ularni asoslab berishi shart. Shu bilan birga xo‘jalik sudi taqdim etilgan savollarning mazmunini aniqlash, ularni tuzatish, mustaqil ravishda ekspert oldiga savollar qo‘yishga haqli. Zaruriyat tug‘ilganda xo‘jalik sudi sud majlisiga ekspertni chaqirishi hamda savollarni to‘g‘ri va aniq ifoda qilish maqsadida uning ishtirokida ekspertiza o‘tkazish uchun savollarni shakllantirishga haqli. Ekspertizaning xulosasi talab qilinadigan savollarning uzil-kesil ro‘yxati xo‘jalik sudi tomonidan belgilanadi.
XPK 67-moddasining birinchi qismi ekspertizaning faqat taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra tayinlanishi imkonini nazarda tutadi. Sudlar shuni hisobga olishlari lozimki, qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza tayinlanganda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi mavjudligi talab etilmaydi.
Sud majlisi bayonnomasidagi yozuvlar sud majlisi boshlangan vaqtdan to hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar protsessual harakatlar qanday ketma-ketlikda amalga oshirilgan bo‘lsa, shu yo‘sinda bayon qilinishi lozim. Guvohlarning ko‘rsatmalari va ekspertlarning o‘z xulosalarini og‘zaki tushuntirishlari sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va agar sud buni zarur deb topsa, ular tomonidan imzolanishi mumkin. XPKning 134-moddasiga muvofiq sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati tugal hisoblanmaydi. Bayonnomaga sud ish uchun muhim deb hisoblagan boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin. Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan bo‘lsa, bayonnomada bu haqdagi ma’lumot ko‘rsatilishi kerak. Xususan, unda guvohning ko‘rsatma berishni rad etishi yoki bo‘yin tovlashi, yolg‘on ko‘rsatma berganlik uchun javobgarligi haqida ogohlantirilganligi, shuningdek uning majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi haqida undan tilxat olinganligi ko‘rsatiladi. Bayonnoma raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi tomonidan majlisning ertasi kunidan kechiktirmay yoki bevosita alohida protsessual harakat bajarilgandan so‘ng imzolanishi lozim. Uch kunlik muddat ichida imzolash kechikkan taqdirda bayonnomaga fikrlar taqdim qilish uchun yangi muddat u imzolangan kunning ertasidan boshlanadi. Sud majlisi bayonnomasiga u imzolanganidan uch kun o‘tmasdan berilgan fikrlar ishda ishtirok etgan shaxslar chaqirtirilmasdan sud majlisiga raislik qilgan sudya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudya bayonnoma xususida berilgan fikrlar qabul qilinganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Bayonnoma yuzasidan berilgan fikrlar va sudyaning ajrimi ishga qo‘shib qo‘yilishi lozim. Muddat o‘tgandan keyin berilgan fikrlar sudya tomonidan ko‘rmasdan qaytariladi. O‘tkazib yuborilgan muddat XPKning 99-moddasida nazarda tutilgan tartibda tiklanishi mumkin.
38. XPKning 135-moddasiga muvofiq xo‘jalik sudi ishni mazmunan ko‘rib, shu sud majlisida XPK 138-moddasida ko‘rsatilgan talablarga rioya etgan holda hal qiluv qarori qabul qiladi.
39. XPK 16-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq boshqa sudyalarning qaroriga qo‘shilmagan sudya bu qarorni imzolashga majbur va muhrlangan konvertda ishga qo‘shib qo‘yiladigan o‘zining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishga haqli. Bunda nazarda tutish lozimki, alohida xonada ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha ajrim chiqarilgan hollarda ham sudya alohida fikrda qolishi mumkin. Alohida fikr sud majlisida e’lon qilinmaydi va u bilan ishda ishtirok etuvchi shaxslar tanishtirilmaydi. Alohida fikr shikoyat (protest) qilinadigan sud hujjati hisoblanmaydi. Alohida fikr hal qiluv qarorini apellatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rish uchun asos hisoblanmaydi, lekin u ishda ishtirok etuvchi shaxsning apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati asosida ish qayta ko‘rilayotganda e’tiborga olinishi mumkin.
40. Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi (XPKning 149-moddasi). Qo‘shimcha hal qiluv qarori faqat hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar, ya’ni u qabul qilingan kundan boshlab bir oylik muddat tugaguncha qabul qilinishi mumkin. Qonun hujjatlarida darhol qonuniy kuchga kirishi belgilangan hal qiluv qarorlari qabul qilingan ishlar (masalan, Oliy xo‘jalik sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari) bo‘yicha qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘shimcha hal qiluv qarori xo‘jalik sudi tomonidan sudning tashabbusi bilan ham va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi bilan ham qabul qilinishi mumkin. Qo‘shimcha hal qiluv qarori va qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim shikoyat (protest) qilinishi mumkin.
41. XPK 150-moddasining birinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudiga hal qiluv qarorini tushuntirib berish to‘g‘risidagi ariza bilan ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki sud ijrochisi murojaat qilish huquqiga ega. Hal qiluv qarorini tushuntirishda uning mazmuni to‘ldirilishi, aniqlangan faktik holatlarining bayon etilishiga, dalillarning baholanishiga, hal qiluv qarorining qabul qilinishi asoslari va xulosalariga, shu jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning hal etilgan iltimosnomalari va arizalarining natijalariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin emas.
42. XPK 151-moddasining birinchi qismiga muvofiq xo‘jalik sudi ishni ko‘rish keyinga qoldirilganda, ish yuritish to‘xtatib turilganda, tugatilganda, da’vo ko‘rmasdan qoldirilganda, shuningdek XPKda nazarda tutilgan boshqa hollarda alohida hujjat tariqasida ajrim chiqaradi.
43. XPK 26-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan Oliy xo‘jalik sudining har qanday ishni istalgan xo‘jalik sudidan olib qo‘yish va uni birinchi instansiya bo‘yicha o‘zining ish yuritishiga qabul qilish yoki bir xo‘jalik sudidan boshqasiga o‘tkazish huquqi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 53-moddasining yettinchi xatboshisiga asosan Oliy xo‘jalik sudining raisi tomonidan amalga oshiriladi.
44. Xo‘jalik nizolarini ko‘rishda iqtisodiyot sohasida qonunbuzilishi holatlarining kelib chiqish sabablari va sharoitlarini aniqlashga ko‘proq e’tibor berilishi lozim. Ishlarni ko‘rish jarayonida qonun buzilishi yoxud xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shuningdek ular mansabdor shaxslarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar aniqlangan hollarda xo‘jalik sudlari XPKning 152-moddasi asosida xususiy ajrimlar chiqarishga, jinoyat alomatlari aniqlanganda esa — jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishga haqli. Xususiy ajrimlar sud majlisida o‘qib eshittirilishi lozim.

Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi