Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“DAM OLISH VA SPORTNI RIVOJLANTIRISH XALQARO KORPORATSIYASI” OʻZBEKISTON-AMERIKA QOʻSHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, Oʻzbekiston Respublikasida turizm, madaniy dam olish va sportni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining ustav sarmoyasi 2 mln AQSH dollari miqdorida boʻlgan, Toshkent shahridagi Rohat koʻlida xalqaro andozadagi golf-klubni qurish va keyinchalik foydalanish uchun “Dam olish va sportni rivojlantirish xalqaro korporatsiyasi” Oʻzbekiston-Amerika qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
qoʻshma korxonani, ustav sarmoyasidagi ulush tegishli ravishda 20 va 80 foiz miqdorida taqsimlangan holda, Oʻzbekiston tomonidan Toshkent shahar hokimligi va Amerika tomonidan “Olden Star Ink” kompaniyasi taʼsis etadilar;
“Olden Star Ink” kompaniyasining investitsiyasi 6,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi;
Toshkent shahar hokimligining qoʻshma korxona ustav sarmoyasiga ulushi yerdan foydalanish huquqi, mavjud muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, oʻtish yoʻllari sifatida qoʻshiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoʻshma korxonani belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
4. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Toshkent shahrining Rohat koʻlidagi xalqaro andozadagi golf-klubni tashkil etishga doir loyihani Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari R.R. Yunusov va S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 19-sentabr,
324-son