Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“KEYS KORPOREYShN” AMERIKA FIRMASINING HAYDOV TRAKTORLARINI XARID QILISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika xoʻjaliklarini jahon darajasidagi yuqori unumli haydov texnikasi bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining:
19,2 mln AQSh dollariga osma uskunalari bilan birga 150 ta “Magnum-7240” traktorini, ularni qisman respublikada yigʻishni hisobga olgan holda, xarid qilish;
valyuta xarajatlarini kontrakt qiymatining 85 foiz miqdorini AQShning Eksimbanki sugʻurtasi ostida xorijiy banklarning kreditlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlash;
kreditlarni 1997—2002-yillar davomida “Oʻzqishloqxoʻjalik-taʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi mashina-traktor parklarining oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
ikki oy muddatda AQShning Eksimbanki sugʻurtasi ostida xorijiy banklar bilan kredit bitimini ishlab chiqishni va tuzishni tugallasin;
olinadigan kreditlarning “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasiga oʻz vaqtida qayta moliyalanishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga “Magnum-7240” modelidagi 150 ta haydov traktorini xarid qilish uchun olinadigan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini imzolash vakolati berilsin.
5. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi yetkazib beriladigan haydov traktorlarini butlash uchun detallar ishlab chiqarilishini taʼminlasin.
6. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi kontraktni amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi xorijiy mutaxassislar uchun vizalar va boshqa hujjatlar rasmiylashtirilganligi uchun konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 21-may,
186-son