Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
FIRIBGARLIKKA OID IShLAR BOʻYIChA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 11-oktabrdagi 35-sonli “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan
Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mulk uning barcha shakllarida daxlsizdir va unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan taʼqib etiladi.
2. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar orasida oʻzganing mulkini firibgarlik yoʻli bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar kengayishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
3. Firibgarlik uzganing mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan haq toʻlamay egallashda ifodalanib, buning taʼsirida mulk egasi yoki boshqa shaxs yoxud vakolatli hokimiyat organi mulkni yoki unga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga beradi yoinki ushbu mulk yoki unga boʻlgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qoʻyilishiga imkoniyat beradi.
4. Jinoyat kodeksining 168-moddasi dispozitsiyasiga muvofiq firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar xabar qilinishi yoki ish holati boʻyicha mulk egasi yoki boshqa shaxsga maʼlum qilinishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud mulk egasi yoki boshqa shaxsni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Firibgarlikda yolgʻon maʼlumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs oʻzini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida koʻrsatishi) taalluqli boʻlishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki toʻlov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni oʻynash chogʻida aldov usullarini qoʻllash va h.k. kiradi.
5. Firibgarlikda ishonchni suiisteʼmol qilish deganda, aybdor tomonidan mulk egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan boshqa shaxslar bilan boʻlgan ishonchli munosabatlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urugʻlik munosabatlari sabab boʻlishi mumkin.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish mulkni yoki unga boʻlgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatan anglash qobiliyatiga ega boʻlmagan (masalan, oʻta yoshligi, ruhiy jihatdan norasoligi alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda taʼsirida ogʻir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkni olish firibgarlik tariqasida emas, balki oʻgʻirlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
7. Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning gʻayriqonuniy egaligiga oʻtgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega boʻlgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga koʻra, shaxs bankdagi pul mablagʻlarini ular uning bankdagi hisobvaraqasiga kelib tushgan (oʻtkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega boʻlganligi tufayli, jinoyat bu mablagʻlar ularni mablagʻ egasi hisobvaraqasidan aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisobvaraqasiga oʻtkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.
Oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik aybdorda oʻzganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo boʻlgan paytdan {masalan, koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq roʻyxatga olinishi shart boʻlgan boshqa mulkka nisbatan huquq roʻyxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori uchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
8. Agar shaxs oʻzganing mulkini yoki unga boʻlgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan boʻlsa, qilmish aybdorda oʻzganing mulkini yoki unga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishga nisbatan qasd faqat oʻzganing mulki yoki unga boʻlgan huquq qoʻlga kiritilgunga qadar paydo boʻlgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Oʻzganing mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan qasd mavjudligi toʻgʻrisida, jumladan, aybdor tomonidan soxta hujjat yoki kafolat xatlaridan foydalanish, qarz mavjudligi yoki mulk garov ostidaligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni yashirish, bitimda taraflardan biri sifatida ishtirok etishi uchun soxta korxona (tashkilot) tuzilishi, kredit mablagʻlaridan maqsadga zid foydalanish yoxud ularni naqdlashtirish kabilar guvohlik berishi mumkin. Qayd etilgan holatlar sud shaxsning firibgarlik sodir etishda aybdorligi toʻgʻrisida oldindan xulosaga kelishi uchun oʻz-oʻzidan asos boʻlmaydi, shu tufayli, shaxsning oʻz majburiyatlarini bila turib bajarish niyati boʻlmaganligi har bir muayyan holda ishning barcha holatlaridan kelib chiqib aniqlanishi shart.
Agar aybdorda oʻzganing mulkini qoʻlga kiritishga nisbatan qasd mulk olingandan keyin paydo boʻlgan boʻlsa, qilmish oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
9. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar (masalan, qonunga muvofiq tuzilgan qarz, kredit, arenda, prokat, pudrat, omonat saqlash va h.k.)ni bajarmaganlik uchun javobgarlik, basharti shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, fuqarolik qonunchiligi normalari boʻyicha kelib chiqadi. Shu munosabat bilan fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan shaxslarga nisbatan ishlarni koʻrishda, sudlar jinoyat ishini jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli tugatish masalasi muhokama etishlari hamda manfaatdor shaxslarga bunday masalalar fuqarolik yoki xoʻjalik sud ishlarni yuritish tartibida hal qilishning zarurligini tushuntirishlari
10. Taqdim etuvchiga beriladigan qimmatli qogʻozlar yaʼni ularni ushlab turgan har qanday shaxs ularda tasdiqlangan huquqni amalga oshirishi mumkin boʻlgan qimmatli qogʻozlar (obligatsiya, aksiya, taqdim etuvchiga beriladigan omonat daftarchasi yoki qonunga koʻra, qimmatli qogʻozlar qatoriga kiritilgan boshqa hujjatlarni yashirin ravishda talon-toroj qilish firibgarlik tarkibini tashkil etmaydi. Qilmish bunday hollarda oʻzganing mulkini oʻgʻirlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Oʻzganing pul mablagʻlarini oʻgʻirlangan (qalbakilashtirilgan) kredit yoki hisob kartasidan foydalangan holda talon-toroj qilish, agar naqd pul mablagʻlari bankomat vositasida amalga oshirilgan boʻlsa, oʻzganing mulkini oʻgʻirlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Biroq oʻzganing bankdagi hisobida turgan pul mablagʻlarini oʻgʻirlangan (qalbakilashtirilgan) kredit yoki hisob kartasidan foydalangan holda talon-toroj qilish, faqat shaxs kredit, savdo yoki servis tashkilotining vakolatli xodimini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan yanglishtirgan holdagina (masalan, savdo yoki servis markazida tovarlarga yoki xizmatlarga haq toʻlash uchun bank kartasidan foydalangan holda shaxs xarid chiptasiga kartaning qonuniy egasi oʻrniga imzo qoʻyadi yoki uning nomiga qalbakilashtirilgan pasport taqdim etadi) firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
11. Ijtimoiy toʻlov, nafaqa, boshqa pul toʻlovlari (masalan, kompensatsiyalar, sugʻurta toʻlovlari)ni yoki boshqa mulkni sodir boʻlishi qonunga koʻra toʻlovlar yoki mulkni olish uchun asos boʻladigan holatlar mavjudligi (jumladan, oluvchining shaxsi, nogironligi, boqimandalari borligi, urush harakatlarida qatnashganligi, ishga joylashtirish imkoniyati yoʻqligi, sugʻurta hodisasi roʻy berganligi) toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qilishga vakolatli ijro hokimiyati, mahalliy oʻzini-oʻzi boshqaruv organlari, muassasa yoki tashkilotlarga, bila turib, yolgʻon maʼlumotlar taqdim etish yoʻli bilan olish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Ijtimoiy toʻlov, nafaqa yoki boshqa pul toʻlovlarini mazkur toʻlovlarni olish uchun qonuniy asoslar tugaganligi toʻgʻrisida tegishli organlarga qasddan xabar bermay, ularni olishda davom ettirgan shaxsning harakatlari ham shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak.
12. Firibgarlik jinoyatidan aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan mulkiy zarar yetkazish jinoyatini (JK 170-moddasi) farqlash lozim. Soʻnggi holda shaxs oʻzganing mulkini bevosita olib qoʻymasdan va unga nisbatan huquqqa ega boʻlmasdan, qonunga (shartnomaga) koʻra, mulkdor egaligi yoki tasarrufiga oʻtishga lozim boʻlgan tovar-pul qimmatliklarini oʻzlashtiradi va ular hisobiga boyiydi.
Mulkiy xususiyatdagi gʻayriqonuniy foyda olish maqsadida aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish, misol uchun, shaxs tomonidan qonunchilikda belgilangan toʻlovlarni toʻlashdan ozod etuvchi qalbaki hujjatlarni taqdim etishda (JK 184-moddasida nazarda tutilgan hollardan tashqari) ifodalanishi mumkin.
13. Aldov shaxs tomonidan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritishni yengillatish maqsadida ishlatilgan boʻlib, mulkni olib qoʻyish jarayonida mulk egasi yoki boshqa shaxs uning asl niyatini sezib qolgan, aybdor buni anglasada, biroq mulk egasining erkiga zid ravishda mulkni olishni yoki ushlab turishni davom ettirgan hollarda, qilmish talonchilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, shaxs mobil telefonni uning egasidan vaqtincha foydalanish uchun soʻrab olib, soʻngra talon-toroj qilingan telefon bilan yashiringan holda).
14. Firibgarlik yoʻli bilan korxona, muassasa, tashkilotlar mulkini talon-toroj qilish uchun jinoiy javobgarlik, faqat, talon-toroj qilingan mulk summasi MjTK 61-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan miqdordan oshgan holdagina kelib chiqadi (jumladan, kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda ham).
Agar firibgarlik yoʻli bilan talon-toroj qilingan korxona, muassasa, tashkilotlar mulki summasi eng kam oylik ish haqi miqdorining oʻttiz baravaridan oshmasa, maʼmuriy huquqbuzarlik mavjud boʻladi. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining oʻttiz baravaridan oshmasa, maʼmuriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunda oz miqdorda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(14-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31 maydagi 09-sonli qarori tahririda).
15. Shuni taʼkidlash joizki, qonunga koʻra, fuqarolar mulkini firibgarlik yoʻli bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj miqdoridan qatʼi nazar kelib chiqadi. Ayni paytda, talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining oʻttiz baravaridan oshmagan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning shaxsiga va moddiy zarar qoplanishiga oid maʼlumotlarni inobatga olgan holda jinoyat ishini JK 65 va 66-moddalariga asosan tugatish masalasini muhokama etishlari shart.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31 maydagi 09-sonli qarori tahririda).
16. Jinoyat predmeti boʻlgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yoʻsinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan va tegishli hujjatlar bidan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud boʻlmaganda va talon-toroj miqdori toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi.
Aybdor tomonidan talon-torojni yashirish maqsadida talon-toroj qilingan mulk oʻrniga boshqa, qiymati kamroq mulk almashtirib qoʻyilgan hollarda ham qilmish talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Bunda talon-toroj qilingan mulk oʻrniga taqdim etilgan mulk qiymati aybdordan moddiy zararni undirish, shuningdek, jazo turi va miqdorini belgilash chogʻida hisobga olinadi.
17. Aybdorning harakatlarida koʻp yoki juda koʻp miqdorda firibgarlik sodir etilishi kabi kvalifikatsiya belgisi mavjudligi toʻgʻrisidagi masala Jinoyat kodeksining sakkizinchi boʻlimida bayon etilgan tushuntirishlarga muvofiq qal etilishi lozim.
Bir necha epizoddan iborat va yagona qasd bilan sodir etilgan davomli firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda sudlar talon-toroj miqdorini jami talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlashlari kerak.
Agar aybdor tomonidan bir emas, balki bir necha firibgarlik harakatlari sodir etilib, ularning har birida oʻzganing mulkini olishga yoʻnaltirilgan mustaqil qasd amalga oshirilgan boʻlsa, talon-toroj qilingan mulk qiymatini qoʻshib hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar shaxsning qasdi oʻzganing mulkini koʻp (juda koʻp) miqdorda egallashga yoʻnaltirilgan boʻlib, u aybdorga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra, oxiriga yetkazilmagan boʻlsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qatʼi nazar, qasd mazmunidan kelib chiqib, koʻp (juda koʻp) miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
18. Sudlarga tushuntirilsinki, qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, hujjat kim tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtirilganligidan kelib chiqib, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Shaxs firibgarlik maqsadida qalbaki hujjatdan foydalangan, biroq unga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra, oʻtganing mulkini ololmay yoki mulkka nisbatan huquqqa ega boʻlolmay qolgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui tarzida JK 25-moddasi ikkinchi qismi, JK 168-moddasi va JK 228-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
19. Mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yoʻqligi yoki oʻz xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qogʻoz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud boʻlgan taqdirda, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar shaxs (shu jumladan, mansab vakolati yoʻqligi yoki oʻz xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli muayyan harakat (harakatsizlik)ni aslida amalga oshira olmaydigan mansabdor shaxs), goʻyoki mansabdor shaxsga pora sifatida berish uchun pul yoki boshqa qimmatliklarni olib, biroq aslida bunday niyati boʻlmasdan, ularni oʻzlashtirsa, qilmish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Agar qimmatliklarni egallash maqsadida ularning egasi aybdor tomonidan pora berishga dalolat etilgan boʻlsa, uning harakatlari firibgarlikdan tashqari pora berishga dalolat etish sifatida qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Qimmatliklar egasining harakatlari esa, bunday hollarda, pora berishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
20. Firibgarlik natijasida olingan, shuningdek, ish boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan jabrlanuvchiga tegishli pul va boshqa qimmatliklar JPK 211-moddasi toʻrtinchi bandiga koʻra, oʻz egasiga qaytarib berilishi lozim, pul va boshqa qimmatliklar ular egasining tashabbusi bilan, bila turib, pora predmeti sifatida berilgan hollar bundan mustasno. Pul va boshqa qimmatliklar topilmagan hollarda ularning summasi yoki pul birligidagi qiymati sud tomonidan jabrlanuvchi foydasiga undiriladi.
21. Firibgarlikni iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlardan, shu jumladan, oʻzganing mulkini talon-toroj qilishning boshqa shakllaridan farqlamoq lozim.
Firibgarlikning oʻgʻrilikdan (JK 169-moddasi) farqi shundaki, firibgarlikda aybdor mulkni oʻzganing egaligidan olib qoʻymaydi, balki u tomonidan yanglishtirilgan jabrlanuvchining oʻzi mulkni yoki mulkka boʻlgan huquqni berishiga erishadi.
Tovlamachilikdan (JK 165-moddasi) firibgarlik shu bilan farqlanadiki, tovlamachilikda jabrlanuvchining erki sindirilgan boʻladi va u qoʻrquv taʼsiri ostida harakat qiladi, firibgarlikda esa aldov natijasida jabrlanuvchining erki yanglishadi.
Firibgarlik jinoyatidan oʻtkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek, qimmatli qogʻozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish (JK 176-moddasi) Qasd yoʻnalishi va soxtalashtirish xususiyati bilan farqlanadi. Bunda pul belgisi yoki chet el valyutasi pul aylanmasiga kiritish uchun soxtalashtiriladi. Qimmatli qogʻozlarni qalbakilashtirish bilan bogʻliq firibgarlikda esa, (masalan, pul kupyurasiga bir necha nol raqamlarini qoʻshib yozish, suvenir banknotlarni, banknot yoki qimmatli qogʻozlarning foto-kseronusxalarini ishlatish va h.q.) qasd muayyan shaxsni aldash va mulkiy foyda olishga qaratilgan boʻladi.
22. Jinoyat-protsessual kodeksining 415-moddasi talablariga rioya etgan holda sud ayblovni oʻzgartirishi va sudlanuvchining harakatlarini qonunning boshqa moddasi (qismi,bandi)ga kvalifikatsiya qilishga, shuningdek, jinoyatning ayrim epizodlarini {sudlanuvchining aybiga kiritilgan harakatlardan) qonunning u boʻyicha sudlanuvchiga ayb eʼlon qilinmagan moddasiga kvalifikatsiya qilishga haqli, basharti yangi modda dispozitsiyasi ogʻirroq jinoyat alomatlarini nazarda tutmasa va ayblov ish boʻyicha eʼlon qilingan ayblovdan faktik holatlari jihatidan jiddiy farq qilmasa.
Shundan kelib chiqib, firibgarlik oʻzganing mulkini talon-toroj qilish shakllaridan biri ekanligini, oʻzganing mulkini firibgarlik, oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun moddalari (moddalari qismlari) sanksiyalari aynan bir xilligini inobatga olib, sud ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarmasdan aybdorning harakatlarini JPK 415-moddasiga rioya etgan holda JK 167-moddasidan JK 168-moddasiga yoki aksincha qayta kvalifikatsiya qilishga haqli.
23. Firibgarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish vaqtida sudlar ish boʻyicha jabrlanuvchi deb topilgan shaxs bilan mutloq fuqarolik munosabatlariga kirishgan shaxslar qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi va sudlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ziddiyat ishtirokchilari orasida mavjud boʻlgan haqiqiy munosabatlar xususiyatini sinchkovlik bilan aniqlashlari zarur. Ish boʻyicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
24. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar firibgarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
25. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 11-sonli “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi qarorining 13-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Toshkent sh.,
2009-yil 24-iyul,
8-son