O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“AERBAS INDASTRI” KOMPANIYASI ISHLAB CHIQARGAN “A-310” SAMOLYOTINI XARID QILISHNI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASH SXEMASI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi havo kemalari parkini yangilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan “Aerbas Indastri” kompaniyasi o‘rtasida umumiy summasi 68,0 mln AQSH dollari bo‘lgan bitta yangi “A-310” samolyotini sotib olishga tuzilgan kontraktga muvofiq 10,2 mln AQSH dollari miqdorida 15 foiz avans to‘langanligi;
kontrakt summasining qolgan 85 foizi (57,8 mln AQSH dollari) “Kofas” (Fransiya), “Germes” (Germaniya), Eksport Kreditlar Kafolati Departamenti (YESGD) (Buyuk Britaniya) eksport kredit agentliklarining kafolati ostida “Sosyete Jeneral” (Fransiya) bankining eksport kredit agentliklarining sug‘urta mukofotini o‘z ichiga olgan yillik foiz stavkasi 6,8365 foiz bo‘lgan, 10 yil muddatga beriladigan krediti hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Moliyaviy lizingning quyidagi tuzilmasiga rozilik berilsin, unda:
samolyotni sotib olish uchun qarz “Sosyete Jeneral” banki tomonidan “Kofas”, “Germes”, YESGD eksport kredit agentliklarining sug‘urtasi ostida Kayman orollarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Xiva Lizing Limited (Kayman orollari) (“Xiva Lizing”) maxsus lizing kompaniyasiga beriladi;
“Xiva lizing” kompaniyasi moliyaviy lizing davrida, kredit to‘liq to‘langungacha samolyotning egasi hisoblanadi va uni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ijaraga beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki samolyotni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga subijaraga beradi;
“Xiva lizing” “A-310” samolyotiga garovni “Sosyete Jeneral” foydasiga ro‘yxatdan o‘tkazadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi:
xarid qilinayotgan samolyotni mablag‘ bilan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ijara, subijara, garov va boshqa bitimlar to‘g‘risida Bitimlar tuzsinlar va ularning bajarilishini ta’minlasinlar;
tuzilgan bitimlar shartlariga va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq samolyotni ro‘yxatdan o‘tkazsinlar;
subijara, vositachilik haqi, foizlar to‘lash, muddati o‘tkazib yuborilgan to‘lovlarni qoplash, shuningdek kreditga va moliyaviy lizingga xizmat ko‘rsatishda paydo bo‘luvchi boshqa xarajatlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan kafolat bitimi tuzsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S.Hamidov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan ijara, subijara va bitishuv bo‘yicha boshqa hujjatlar shartlarining bajarilishi yuzasidan “Sosyete Jeneral”, YESGD, “Kofas”, “Germes” va “Xiva Lizing” lizing kompaniyasi uchun maqbul bo‘lgan shakl va mazmunda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan majburiyat xatini berishga vakil qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri J. B. Sayfiddinov:
“Sosyete Jeneral”, YESGD, “Kofas”, “Germes” va “Xiva Lizing” lizing kompaniyasi foydasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining ijara, subijara va bitishuv bo‘yicha boshqa hujjatlar shartlarining o‘z vaqtida bajarilishini kafolatlovchi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolatlar berishga;
subijara to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi majburiyatlari yuzasidan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki foydasiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini imzolashga vakil qilinsin.
6. Belgilansinki, kreditlarni to‘lash Ijara to‘g‘risidagi asosiy bitim va Subijara to‘g‘risidagi asosiy bitim shartlariga muvofiq “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining tijorat faoliyati hisobiga ijara to‘lovi to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
8. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va xarid qilinadigan samolyotni mablag‘ bilan ta’minlashning boshqa qatnashchilari soliqlar, to‘lovlar, bojlar, vositachilik haqining barcha turlaridan, hujjatlar bojxonada va notarial rasmiylashtirilganligi, ushbu mablag‘ bilan ta’minlash bilan bog‘liq kontraktlar va bitimlar ro‘yxatdan o‘tkazilganligi va qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganligi uchun yig‘imlardan, shuningdek garov to‘g‘risidagi shartnomalar rasmiylashtirilishiga tegishli sug‘urta bo‘yicha majburiy to‘lovlardan ozod qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xarid qilinadigan “A-310” samolyotini mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha “Sosyete Jeneral”, YESGD, “Kofas”, “Germes” va “Xiva Lizing” lizing kompaniyasi uchun maqbul bo‘lgan shakl va mazmunda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Ijara va subijara to‘g‘risidagi bitim majburiyatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatlari bo‘yicha yuridik xulosa bersin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur bitishuv amalga oshirilishi munosabati bilan tuzilgan kontraktlar va bitimlarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari L. A. Axmetov va B. S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 11-iyun,
246-son