O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FARG‘ONA VILOYATINING TOSHLOQ SHAHARCHASIDA “DEU TEKSTIL KOMPANI” TO‘QIMACHILIK KOMBINATINI ISHGA TUSHIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash va eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“DEU” korporatsiyasi va “O‘zbekyengilsanoat” korporatsiyasi o‘rtasida Toshloq noto‘qima materiallar fabrikasining 2,5 mln AQSH dollari summasidagi binolari va inshootlarining oldi-sotdi shartnomasi tuzilganligi;
yiliga 13 ming tonna paxta kalavasi ishlab chiqaradigan, ustav sarmoyasi 10,0 mln AQSH dollari bo‘lgan 60,0 mln AQSH dollari hajmidagi 100 foiz xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “DEU tekstil kompani” korxonasi tashkil etilganligi;
“DEU tekstil kompani” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotning hammasi (yiliga 35,0 mln AQSH dollari) eksportga yetkazib berilishi;
olingan foydani besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalarga, shu jumladan Farg‘ona viloyatining ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishga qayta moliyalashtirish nazarda tutilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
3. Toshloq shaharchasidagi to‘qimachilik kombinati ishlab chiqarish boshlangan vaqtdan boshlab ikki yil muddatga foyda solig‘idan ozod qilinsin.
4. Farg‘ona viloyati hokimligi xorijiy mutaxassislar oilalari bilan birgalikda uzoq muddat yashashlari uchun amaldagi me’yorlarga muvofiq sharoitlar yaratsin.
5. To‘qimachilik kombinatida ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga vizalarni rasmiylashtirish, respublika hududida yashashlari va transportning barcha turlarida yurganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar bo‘yicha haq to‘lash huquqi berilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 18-iyun,
311-son