Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OSIYO RIVOJLANTIRISH BANKI KREDIT LINIYASIDAN FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Osiyo rivojlantirish banki tomonidan beriladigan kredit liniyasidan samarali foydalanish va mazkur kredit liniyasi doirasidagi loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash boshlanishini hamda ularni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Osiyo rivojlantirish banki tomonidan berilayotgan 50 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilayotgan kichik va oʻrta korxonalari loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi;
kredit liniyasi Osiyo rivojlantirish banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Mablagʻ jalb qilish bitimi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasidagi Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq hamda Osiyo rivojlantirish banki bilan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasidagi Loyiha bitimi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati 50 mln. AQSH dollarini Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga beradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Moliya vaziri B.S.Hamidovga Oʻzbekiston Respublikasi bilan Osiyo rivojlantirish banki oʻrtasidagi 50 mln. AQSH dollari miqdorida Mablagʻ jalb qilish bitimini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasidagi Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.
3. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisi R.S.Azimovga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Osiyo rivojlantirish banki oʻrtasida 50 mln. AQSH dollari miqdoridagi Loyiha bitimini imzolash vakolati berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Osiyo rivojlantirish banki oʻrtasidagi Mablagʻ jalb qilish bitimi yuzasidan yuridik xulosa bersin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S.Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-mart,
146-son