O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GERMANIYANING “KfV” TARAQQIYOT BANKI TOMONIDAN MABLAG‘ BILAN TA’MINLANADIGAN OROLBO‘YI QISHLOQ AHOLISINI ICHIMLIK SUV BILAN TA’MINLASH LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Germaniyaning “KfV” taraqqiyot banki tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanadigan Orolbo‘yi qishloq aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash dasturining investitsiya qismini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati qishloq aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash loyihasining investitsiya qismini amalga oshirish uchun “KfV” banki tomonidan 23 mln. Germaniya markasi miqdorida moliyaviy mablag‘lar, ulardan 20 mln. Germaniya markasi yillik foiz stavkasi 0,75 foiz, uzish muddati 40 yil bo‘lgan, 10 yil mobaynidagi imtiyozli davr ham shu jumlaga kiradi va qaytarilmaydigan ssuda sifatida 3 mln. Germaniya markasi berilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi asosiy qarz oluvchi va Xorazm viloyatining qishloq joylarini ichimlik suv bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan qarz mablag‘larining maqsadli foydalanilishi va taqsimlanishi uchun mas’ul tashkilot etib belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“Obi hayot” aksiyadorlik investitsiya kompaniyasi “KfV” bankining imtiyozli krediti hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadigan loyihani ijro etuvchi tashkilot, buyurtmachi va obyektlardan foydalanuvchi tashkilot, shuningdek, kreditning o‘z vaqtida qaytarilishi uchun mas’ul hisoblanadi;
kredit doirasida yetkazib beriladigan asbob-uskunalar loyiha tugallangandan so‘ng ijro etuvchi tashkilotga mulk qilib beriladi.
4. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Obi hayot” aksiyadorlik investitsiya kompaniyasi bilan birgalikda “KfV” banki bilan uch tomonlama kredit bitimini imzolash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar paketi tayyorlanishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Obi hayot” aksiyadorlik investitsiya kompaniyasi bilan birgalikda “KfV” banki bilan uch tomonlama kredit bitimi imzolanganidan so‘ng uch hafta muddatda kreditga xizmat ko‘rsatish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda dastlabki besh yilda foizlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplashni nazarda tutsin.
6. “Obi hayot” aksiyadorlik investitsiya kompaniyasi jalb qilinadigan xorijiy konsultantlar bilan birgalikda, mablag‘ bilan ta’minlovchi tashkilot mezonlarini hisobga olgan holda, qishloq aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash obyektlari ro‘yxatini tayyorlasin hamda uni Xorazm viloyati hokimligi va Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishib olsin.
7. Xorazm viloyati hokimligi Moliya vazirligi va “Obi hayot” aksiyadorlik investitsiya kompaniyasi bilan birgalikda loyihani amalga oshirishda mintaqa qishloq aholisini ichimlik suvdan oqilona foydalanish jarayoniga faol jalb etish, ichimlik suv bilan ta’minlash obyektlaridan foydalanish xarajatlarini qoplaydigan tarif stavkalarini takomillashtirish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki dasturi doirasida Orolbo‘yi aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash loyihalarining umumiy muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I. X. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 8-iyun,
243-son