O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
KOSMIK TADQIQOTLARNI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kosmosni tadqiq etish va astronomiya sohasidagi mavjud salohiyatdan kompleks hamda samarali foydalanish, kosmik tadqiqotlar va texnikaning zamonaviy yutuqlari mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalari hamda tarmoqlariga joriy etilishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston kosmik tadqiqotlar davlat agentligi (“O‘zbekkosmos”) tugatilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Kosmik tadqiqotlar markazi tashkil etilib, Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti, Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti, Chirchiq “Kompozit” tajriba-eksperimental zavodi, RT—70 Radioastronomik observatoriya uning tarkibiga kiritilsin.
3. “Granit” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tarkibiga o‘tkazilsin.
“KOINOT” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining uni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. “Kosmik fazoni tadqiq etish va foydalanish bo‘yicha strukturalar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 11-dekabrdagi PF-506-son Farmonining 4 va 5-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-sentabr,
PF-3135-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 176-modda)