Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI MEHMONXONA KOMPLEKSLARIGA IMTIYOZLAR BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalqaro turizmni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil 1-yanvardan boshlab:
“Bakri Investindo” (Indoneziya) kompaniyasining “Le Meridian” mehmonxona kompleksi va “Buig” (Fransiya) kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida yangi qurilgan mehmonxona mehmonxona xizmatlari boʻyicha uch yil muddatga qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
“Bakri Investindo” kompaniyasining “Le Meridian” mehmonxona kompleksi mehmonxonani rekonstruksiya qilish va butlash uchun olib kelinadigan asbob-uskunalar va materiallar uchun 2000-yil 1-yanvargacha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
2. “Bakri Investindo” kompaniyasining “Le Meridian” mehmonxona kompleksining koʻrsatilgan xizmatlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha 1999-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra budjet oldidagi mavjud qarzdorligi 18 oy muddatga kechiktirilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-iyul,
339-son