O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JIZZAX VA SIRDARYO VILOYATLARIDA CHORVACHILIK-SUT KOMPLEKSLARI QURISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son va “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2009-yil 26-yanvardagi PQ-1047-son qarorlarini amalga oshirish, shuningdek Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida zamonaviy chorvachilik komplekslari qurish yo‘li bilan chorva mollari bosh sonini va sut mahsulotlari yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari tomonidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida chorvachilik komplekslari qurish (500 bosh molga) loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi uchun III xalqaro mini texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo — 2008” ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-sotuvida o‘tkazilgan tanlash asosida “Van der Pioeg International B.V.” (Gollandiya), “DELAVAL EXPORT SERVICE AB” (Shvetsiya) va “CONEXX” Sp.z o.o. (Polsha) kompaniyalari bilan yig‘ma metall konstruksiyalari va maxsus asbob-uskunalar yetkazib berishga Doiraviy bitimlar imzolanganligi;
b) imzolangan Doiraviy bitimlarni bajarish yuzasidan:
“Uzprommashimpeks” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan “Van der Pioeg International B.V.” kompaniyasi (Gollandiya) o‘rtasida yig‘ma metall konstruksiyalari va maxsus asbob-uskunalar yetkazib berishga 2008-yil 19-sentabrda 1283-200/2008 IM-1107-son kontrakt imzolanganligi (Sirdaryo viloyatida chorvachilik kompleksi qurilishi uchun);
“DELAVAL EXPORT SERVICE AB” kompaniyasi (Shvetsiya) bilan “Markazsanoateksport” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi o‘rtasida maxsus asbob-uskunalar yetkazib berishga 2008-yil 13-oktabrda 310842-son va “CONEXX” Sp.z o.o. kompaniyasi (Polsha) bilan — yig‘ma metall konstruksiyalari yetkazib berishga 2008-yil 13-avgustda 0015-son kontraktlar imzolanganligi (Jizzax viloyatida chorvachilik kompleksi qurilishi uchun) ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chorvachilik komplekslari qurilishi va ularni jihozlash uchun maxsus asbob-uskunalar va yig‘ma metall konstruksiyalari o‘tkazilgan tanlov asosida tashqi savdo kompaniyalari tomonidan sotib olinishi hamda xaridlarni maqsadli qarz berish haqida tashqi savdo kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining maxsus hisob raqamida jamlanadigan “KfV” bankining (Germaniya) notijorat valyuta kreditlari mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar:
a) chorvachilik komplekslari qurish bo‘yicha:
Jizzax viloyatida — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “O'zmarkazimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi va “Markazsanoateksport” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Milkfoods” mas’uliyati cheklangan jamiyat;
Sirdaryo viloyatida — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Uzinterimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi va “Uzprommashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Inter Milk” mas’uliyati cheklangan jamiyat buyurtmachilar etib;
b) chorvachilik komplekslari qurish bo‘yicha bosh pudratchi etib — “Kamol” ko‘p tarmoqli qurilish korxonasi;
v) loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalovchi etib — “O‘zqishloqqurilishloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyat belgilansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifati, shuningdek davlat standartlari talablariga qurilish normalari va qoidalariga rioya qilinishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazorati olib borilishini ta’minlasin.
5. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:
bir oy muddatda chorvachilik komplekslari qurilishi va ularning ozuqa bazasi tashkil etilishi uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratsinlar;
hududlarni obodonlashtirish, irrigatsiya, ko‘kalamzorlashtirish, mavjud muhandislik kommunikatsiyalarini rekonstruksiya qilish va Yangi muhandislik kommunikatsiyalari qurish yo‘llari bajarilishida amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.
2009-yil 5-noyabr,
291-son