O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QO‘QON TEMIR YO‘L KASB-HUNAR KOLLEJINI “O‘ZBEKISTON TEMIR YO‘LLARI” DAVLAT-AKSIYADORLIK KOMPANIYASI TASARRUFIGA O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, pedagog va muhandis-pedagoglarning tajribasini orttirish, o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Davlat mulki qo‘mitasi va Farg‘ona viloyati hokimligining O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga qarashli Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kollejini 2009/2010 o‘quv yilidan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kollejini belgilangan tartibda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufiga o‘tkazish, kollejning moddiy boyliklarini topshirish va qabul qilish bilan bog‘liq tashkiliy, moliyaviy va huquqiy masalalarni 2009-yil 1-iyulgacha hal etsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi belgilangan tartibda Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kollejini o‘z tasarrufiga qabul qilib olgandan so‘ng, uni moddiy va moliyaviy ta’minlashni, o‘quvchilarni kasbga o‘rgatishni va ularda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni amalga oshiradi;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kollejiga tashkiliy, o‘quv-uslubiy va ilmiy rahbarlik qilish, o‘quv ta’lim va kasb-hunar dasturlarini birxillashtirish, pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlarini olib boradi;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kolleji O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda hududda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydilar, bitiruvchilarni mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtiradilar va ularning ish bilan bandligini monitoringini olib boradilar.
4. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Qo‘qon temir yo‘l kasb-hunar kollejini mukammal ta’mirlash, o‘quv ustaxonalarini kasbga oid jihozlar bilan boyitish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S.Qosimov va N.M.Xanov zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 17-iyun,
165-son