O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SAN’ATShUNOSLIK ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI FAOLIYATINI YaNADA RIVOJLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining izlanishlar yo‘nalishlari Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar ilmiy muassasalarida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liqligini hisobga olib, institutda olib borilayotgan fundamental tadqiqotlarni yuqori darajada tashkil qilish va samarali boshqarish, olib borilayotgan tadqiqotlarning jamiyat ijtimoiy hayotidagi ahamiyatini oshirish hamda institutning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tarkibidagi San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2010-yilda San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti binosini kapital ta’mirlash va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirishni nazarda tutsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-may,
141-son