Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
YARASHUV TOʻGʻRISIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
Sud statistikasi maʼlumotlari hamda yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, jinoyat qonunchiligiga ushbu institutning kiritilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita boʻldi. Mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, respublikada sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qoʻllanilishiga imkon yaratdi.
Sudlar yarashuv toʻgʻrisidagi ishlarni asosan toʻgʻri hal qilmoqdalar. Shu bilan birga ushbu Qonunni qoʻllashda xato va kamchiliklar, ayrim muammolar mavjud.
Sud amaliyotida mazkur huquqiy institutning bir xilda qoʻllanilishi va qonun talablariga toʻliq rioya etilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan, Oliy sud Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilish turi sifatida shaxsning aybdorligi masalasini hal etmay turib jinoyat ishlarini tugatish uchun asos boʻladi.
Yarashuv toʻgʻrisida ish yuritish mumkin boʻlgan jinoyat tarkiblari Jinoyat kodeksining 661-moddasida tugal keltirilgan boʻlib, uning doirasi kengaytirib talqin etilishi mumkin emas.
Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishning tartibi Jinoyat-protsessual kodeksining 62-bobida belgilangan.
2. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, yarashuv toʻgʻrisidagi arizaning shakli, mazmuni va uni taqdim etish tartibiga nisbatan qonunda muayyan talablar qoʻyilgan.
Yarashuv toʻgʻrisidagi ariza har doim yozma shaklda taqdim etilib, unda jinoyat natijasida yetkazilgan zarar bartaraf etilganligi (yoki jabrlanuvchining zarardan voz kechganligi) va yarashilganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimos koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Yarashuv toʻgʻrisida ish yuritish masalasini qoʻzgʻatish huquqiga qonunda belgilangan tartibda jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) deb topilgan shaxs yoki uning qonuniy vakili egadir.
Jabrlanuvchi bilan ayni bir vaqtning oʻzida ishda fuqaroviy daʼvogar ham qatnashgan hollarda yarashuv toʻgʻrisida ish yuritishni boshlash uchun ham jabrlanuvchi, ham fuqaroviy daʼvogar tomonidan tegishli ariza berilgan boʻlishi shart.
Ish boʻyicha bir gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va bir necha jabrlanuvchi boʻlgan hollar uchun ham qonunda aynan shunday talablar belgilangan. Jabrlanuvchilarning hatto birortasidan tegishli ariza boʻlmagan hollarda ham yarashuv toʻgʻrisida ish yuritish mumkin emas. Bunday holda jinoyat ishi boʻyicha ish yuritish umumiy asoslarda olib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tushuntirilsinki, qonunda yarashuv toʻgʻrisidagi ariza surishtiruv va dastlabki tergovning istalgan bosqichida, yaʼni shaxs gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan paytdan boshlab, sudlanuvchi esa jinoyat ishini koʻrib chiqayotgan birinchi instansiya sudi maslahatxona (alohida xona)ga kirgunga qadar berilishi mumkin, bundan JPK 583-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirgunga qadar berilishi mumkin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16 dekbrdagi 39-sonli qarori tahririda)
4. Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi toʻgʻrisidagi qonunning hayotga tatbiq etilishini taʼminlash, bu borada aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida sudlar yarashuv toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda surishtiruv yoki dastlabki tergov davrida jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning qonuniy vakillariga yarashuv institutining mohiyatini, Jinoyat kodeksi 661-moddasida koʻzda tutilgan jinoiy javobgarlikdan ozod etish asoslari tushuntirilganligiga va bu haqda tegishli bayonnoma tuzilganligiga eʼtiborlarini qaratishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud zimmasiga qonun bilan yuklatilgan majburiyatlardan biri, bu — yarashuv sud tomonidan tasdiqlangandan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarni jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) yoki uning qonuniy vakiliga tushuntirish shartligidir. Qonunning ushbu talabiga rioya etmaslik yarashuv toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqarilgan qarorning bekor qilinishiga asos boʻlishi mumkin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) yoki uning qonuniy vakili faqat birinchi instansiya sudi maslahatxona(alohida xona)ga kirgunga qadar ayblanuvchi (sudlanuvchi) bilan yarashishdan voz kechishga haqli.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
5. Yarashuv toʻgʻrisidagi qonun normalari qoʻllanilishining tezkorligini taʼminlash va kafolatlash gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar)ning huquqlarini muhofaza etish maqsadida yarashuv toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror chiqarish va sudga yuborish uchun qonunda oʻn sutkalik muddat belgilangan.
Tushuntirilsinki, ushbu muddatlar jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) tomonidan ariza berilgan kundan boshlab hisoblanadi. Basharti, ariza jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar berilgan boʻlsa, unda bu muddat jinoyat ishining qoʻzgʻatilgan kunidan boshlanadi. Bordiyu, ariza berilgan vaqtda jinoyat ishi boʻyicha qilmishning Jinoyat kodeksi 661-moddasida koʻrsatib oʻtilgan jinoyat tarkiblaridan birini tashkil etish-etmaslik masalasi hal qilinmagan boʻlsa, arizaning koʻrib chiqish muddati qilmishning kvalifikatsiya qilish uchun yetarli asoslar toʻplangan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Shuningdek, yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud muhokamasi jinoyat ishi sudga kelgan paytdan eʼtiboran oʻn sutkadan kechiktirilmay oʻtkaziladi. Yarashuv toʻgʻrisidagi ariza sud majlisida berilgan hollarda, bu masala sud majlisida darhol hal etilishi lozimligi sudlarga uqtirilsin.
Sudlar surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan ishni sudga yuborish muddatlari buzilishiga nisbatan murosasiz boʻlishlari va buning oldini olish maqsadida xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.
6. Ish boʻyicha bir jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) va bir necha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchilar boʻlgan taqdirda ham qonun jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar)ning ulardan ayrimlari bilan yarashuvga kelishi mumkinligini eʼtirof etadi.
Bunday hollarda ishning jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) yarashuvga kelgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchilarga oid qismi alohida ish yurituvga ajratilib Jinoyat-protsessual kodeksining 584-moddasi tartibida sudga yuboriladi, qolganlarga doir qismi boʻyicha esa, ish yuritish umumiy asoslarda olib boriladi.
7. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ishtirok etuvchi shaxslar doirasi boshqa toifadagi jinoyat ishlari boʻyicha protsess ishtirokchilaridan birmuncha farq qiladi.
Jumladan, qonunda yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud majlisida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), ularning qonuniy vakillari, himoyachilari va prokuror ishtirok etishi nazarda tutilgan. Biroq, bu sudning ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun zarur boʻlgan hollarda yuqorida koʻrsatilganlardan tashqari oʻzga shaxslarni ham ishga jalb etish hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlardan foydalanish huquqini cheklamaydi.
8. Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha, qonunda sud muhokamasini olib borishning alohida tartibi hamda yarashuv tufayli ishni tugatish masalasini hal etish chogʻida sud aniqlashi shart boʻlgan holatlar doirasi belgilangan (JPK 585-moddasi 5-qismi).
Oldingi tahrirga qarang.
Agar sud majlisi davomida yarashuv, aybga iqror boʻlish ixtiyoriy emasligi, zararni qoplashdan bosh tortish, shuningdek sodir etilgan qilmishda ogʻirroq jinoyat tarkibi belgilari mavjudligi aniqlangudek boʻlsa, sud umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilishi uchun ishni prokurorga yuborish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yarashuv toʻgʻrisidagi ish jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) yoki uning qonuniy vakilining ishtiroki taʼminlangan holda koʻrilishi shart.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
9. Yarashilganligi sababli ishni tugatish haqidagi sud qarori birinchi instansiya sudi tomonidan ajrim shaklida chiqariladi. Sud ajrim chiqarishda Jinoyat-protsessual kodeksining 586-moddasida nazarda tutilgan talablarga qatʼiy rioya etishi shart.
11. Agar shaxs bir nechta jinoyat sodir etgan boʻlib, ulardan biri Jinoyat kodeksining 661-moddasida koʻrsatilgan boʻlsa, ishning shu qismi Jinoyat-protsessual kodeksining 62-bobida belgilangan tartibda tugatilishi mumkin, lekin bu tartib takroriylik belgisini beradigan jinoyatlarga tatbiq etilmaydi.
2002-yil 25-oktabr,
27-son