22.12.2000 yildagi 33-son
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.07.2011
 LexUZ sharhi
 LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan mamlakatimiz iqtisodiyotining negizini tashkil qilgan turli mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlab berdi. Mulk va mulk huquqini vujudga keltiruvchi obyektlardan biri — meros huquqi davlat himoyasida ekanligi e’tirof etilib, mulkdorlarning huquq va erkinliklari kengaytirildi.
Shuningdek, yangi qabul qilingan Fuqarolik kodeksida meros qonunchiligiga jiddiy o‘zgarishlar kiritilganligi hamda ushbu qonunlarni qo‘llashda sud amaliyotida ayrim tushunmovchilik va muammolar kelib chiqayotganligi mazkur qonun mohiyatini atroflicha yoritib berishni taqozo qilmoqda.
1. Sudlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi, mulkdorning mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi to‘g‘risidagi huquqlarining buzilishi yuzasidan kelib chiqqan nizolarni har taraflama, to‘liq, xolisona va sinchkovlik bilan ko‘rib, qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda adolatli qarorlar chiqarishlari lozim.
“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-apreldagi Qonuni 9-moddasiga muvofiq, tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq yer uchastkasini ijaraga olish huquqi, dehqon va fermer xo‘jaligining boshlig‘i (rahbari) vafot etgan taqdirda — shu xo‘jalik a’zolarining o‘zaro kelishuvi asosida dehqon, fermer xo‘jaligi faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan xo‘jalik a’zolaridan biriga meros bo‘lib o‘tadi. Dehqon, fermer xo‘jaliklariga berilgan tomorqa yer uchastkalari bo‘linishi mumkin emas.
3. Fuqarolik kodeksining 1118-moddasi talabiga muvofiq meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlar bo‘lishi mumkin.
Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan meros qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarida bo‘lgan shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradi, hamda qarindoshlik darajasiga qarab, Fuqarolik kodeksining 1135—1138-moddalari talabiga muvofiq vorislikka chaqiriladilar. Oldingi navbatdagi merosxo‘rlarning bo‘lmasligi, noloyiq merosxo‘rlarning merosdan chetlashtirilgan bo‘lishi yoki merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechganligi tasdiqlangan taqdirda, meros olish huquqi keyingi navbatdagi merosxo‘rlarga o‘tishi sudlarga tushuntirilsin.
4. Fuqarolik kodeksining 1139, 1141-moddalarida ko‘rsatilgan meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlarini uch toifasini bir-biridan ajratish lozim.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan boqimlar (1-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, ular meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lishi, ikkinchidan, u bilan birga yashagan bo‘lishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi kerak.
Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan boqimlar (2-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, Fuqarolik kodeksining 1136—1138-moddalarida ko‘rsatilgan merosxo‘rlar jumlasiga mansub bo‘lgan meros qoldiruvchining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi navbatdagi merosxo‘rlari bo‘lishi, ikkinchidan meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lishi, uchinchidan, mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 1139-moddasida ko‘rsatilgan boqimlar (3-toifa) bo‘lishi uchun, birinchidan, meros qoldiruvchining qarindoshlari jumlasiga kirmaydigan, ikkinchidan, merosxo‘r bilan birga yashamagan yoki bir yil muddatdan kam yashagan, uchinchidan hayot kechirishi uchun birdan bir manba sifatida meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lib, undan moddiy yordam olib turgan mehnatga qobiliyatsiz shaxs bo‘lishi kerak.
7. FKning 1119-moddasi 4-qismiga muvofiq, meros qoldiruvchi yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan meros olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi yoxud shaxslarning ota-onalik huquqidan mahrum etilgani haqidagi sudning hal qiluv qarori mavjudligi vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka da’vo qilishda da’vo arizani qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi va sud majlisida da’voni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilolmaydi. Qaysiki, noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar, faqat, sud tomonidan belgilanadi.
Voris tomonidan taqdim qilingan vasiyatnoma haqiqiy emas, deb topilganda, u vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r bo‘la olmaydi, biroq, FKning 1130-moddasi 4-qismiga muvofiq. meros qoldiruvchining oxirgi xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, bu shaxs, umumiy asoslarda qonun bo‘yicha meros olish huquqlaridan mahrum etilmaydi.
9. Vasiyatnoma bir tomonlama bitim bo‘lganligi sababli, vasiyatnomalarni haqiqiy emas deb, topish haqidagi nizolar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya qilib hal etiladi (FKning 113—128-moddalari). Ushbu turdagi nizolarni hal etishda, sudlar, ish holatlaridan kelib chiqib yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, tegishli ekspertizalar tayinlash masalalarini muhokama etishlari lozim.
10. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tgandan keyin merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlarga beriladi. Ayrim hollarda FKning 1146-moddasi uchinchi qismi talabiga muvofiq, guvohnoma olti oylik muddat tugamasdan ham berilishi mumkin. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani olish vorisning huquqi bo‘lib, majburiyat hisoblanmaydi va shuning uchun guvohnoma olinmaganligi vorislik huquqini yo‘qotgan degan, tushunchani bermaydi. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomalar bo‘yicha kelib chiqadigan barcha nizolar sud tomonidan ko‘rilib, umumiy tartibda hal qilinadi.
12. Fuqarolik kodeksining 1132-moddasiga muvofiq, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning turar joydan umrbod foydalanish huquqi, bu turar joyga mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham o‘z kuchida saqlanib qoladi. Shu sababli, bu holat taraflar o‘rtasida tuziladigan shartnomada qayd etilmog‘i lozim bo‘ladi.
Fuqarolik kodeksining 100-moddasi 2-qismiga binoan, vorislar meros qoldiruvchining vafotidan keyin uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya etishni talab qilishga haqlidirlar. Bunday holda, vafot etgan shaxsga yetkazilgan ma’naviy zarar qoplanmaydi va bu huquq vorislarga o‘tmaydi. Ammo, sud, meros qoldiruvchining sha’n va qadr-qimmati orqali bevosita uning vorislariga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo talablarini ko‘rib chiqishi mumkin.
14. Agar, merosxo‘r merosni qabul qilmagan va meros mulki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga, davlatga yoxud biror-bir shaxsning egaligiga o‘tkazilmagan bo‘lsa, merosxo‘r istagan vaqtida merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma olish uchun notariusga murojaat qilishi mumkin. Bunday guvohnomani berish rad etilgan taqdirda, merosxo‘r notariusning harakati yuzasidan FPKning 273-moddasiga muvofiq sudga shikoyat qilishga haqli va shikoyat alohida ish yurituv tartibida ko‘rilishi lozim. Meros mulki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organiga, davlatga yoki biror-bir shaxsning egaligiga o‘tkazilganligi uchun merosxo‘rlarga notarius tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish rad etilsa, merosxo‘r sudga shikoyat qilishga haqli va bunday shikoyat da’vo yuritish tartibida ko‘rib hal etilishi, sudlarga tushuntirilsin.
15. Ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlashda, sudya FPKning 158-159-moddalari talablarini to‘liq bajarishi kerak, ya’ni, taraflarning huquqiy munosabatlarini, ishni ko‘rishda amal qilishi lozim bo‘lgan qonunni, taraflarning talab va e’tirozlarini asoslovchi faktlarni aniqlashi, ishga qo‘shimcha javobgar va uchinchi shaxslarni jalb qilishi, dalillar to‘plash doirasini aniqlashi zarur.
17. Fuqarolik kodeksining 1151-moddasi talabidan kelib chiqqan holda, sudlarga uqtirilsinki, meros qabul qilish uchun muddat tatbiq qilinmaydi.
18. Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga muvofiq, qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosxo‘rlar jumlasiga kiradigan navbatdagi boshqa shaxslar foydasiga merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish, bir necha merosxo‘rlar foydasiga bo‘lganda, merosxo‘r, ularning har biriga tegadigan ulushni belgilab berishi shart. Aks holda, merosdan voz kechgan vorisning meros mulkidagi ulushi barcha merosxo‘rlar foydasiga kechilgan hisoblanib, ularga teng taqsimlanadi. Merosdan voz kechishga qonunda belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng yo‘l qo‘yilmaydi.
19. FKning 1153-moddasiga muvofiq, meros ochilgunga qadar uch yil va undan ortiq yillar mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar, meros taqsimlanishida, meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek, uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini natura holida olishga imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
20. Mol-mulkni egasiz qolgan deb topish haqidagi ariza, meros ochilgan kundan e’tiboran, bir yil o‘tgandan keyin FPKning 298—300-moddalari asosida alohida ish yuritish tartibida ko‘riladi (FKning 1157-moddasi). Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar hozir bo‘lgan taqdirda, ular FKning 1144-moddasi talabiga ko‘ra, notariusdan meros boshqaruvchisini chaqirib olinishini talab qilishlari, shu bilan birga, merosni boshqaruvchidan hisobot berish va meros mulkini qaytarishni talab qilishlari, mulk egasiz qolgan deb topilgan hollarda, bu qarorni bekor qilishni so‘rab, sudga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
21. Meros amaldagi Fuqarolik kodeksi harakatga kiritilgunga qadar ochilgan bo‘lib, 1997-yilning 1-mart kuniga qadar merosxo‘rlarning hech biri tomonidan qabul qilib olinmagan va meros huquqi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi va davlat mulkiga o‘tkazilmagan bo‘lsa, meros yuzasidan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan amaldagi kodeks tatbiq qilinadi. Agar, meros vorislarning birortasi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, davlat mulkiga o‘tkazilgan bo‘lsa, u holda 1963-yil tahriridagi Fuqarolik kodeksi qoidalari tatbiq qilinadi.