Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
IJTIMOIY XAVFLI TAJOVUZLARDAN ZARURIY MUDOFAA HUQUQINI TAʼMINLOVCHI QONUNLARNI SUDLAR TOMONIDAN QOʻLLANISHI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 37-moddasida ifoda qilingan zaruriy mudofaa huquqi fuqarolarning shaxsi, uy-joy va mulk haqidagi konstitutsiyaviy qoidalarni kafolatlaydi, fuqarolarning davlat mulkini, davlat va jamoat manfaatlarini qoʻriqlash borasidagi Konstitutsiyada belgilangan burchlarni amalga oshirishni taʼminlaydi. Bu esa sudlardan odil sudlovni amalga oshirishda zaruriy mudofaa toʻgʻrisidagi qonun talablariga ogʻishmay, qatʼiy rioya etishni talab etadi.
Sud amaliyotining tahlili shuni koʻrsatdiki, sudlar zaruriy mudofaa toʻgʻrisidagi qonunni asosan toʻgʻri amalga oshirmoqdalar. Shu bilan birga bu masalada muayyan jinoyat ishlarni koʻrishda xato va kamchiliklar hali yoʻq emas. Baʼzi sudlar zaruriy mudofaa toʻgʻrisidagi qonunni fuqarolar oʻzlariga qilingan tajovuzga nisbatangina amalga oshirish huquqiga ega boʻladilar deb notoʻgʻri talqin qiladilar, vaholanki, zaruriy mudofaa toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllash davlat mulki, jamoat tartibi, boshqa fuqarolarning hayoti, shaʼni qadr-qimmati, manfaatlarini tajovuzdan qoʻriqlashga ham oiddir.
Ayrim sudlar tajovuzga uchragan shaxs, undan qochib qutilish, boshqa fuqarolarga va hokimiyat vakillariga yordam soʻrab murojaat qilish yoki boshqa usullar bilan tajovuzdan saqlanish imkoniyatiga ega boʻlsa, bunday holda tajovuzga qarshi aktiv ravishda mudofaalanish huquqiga ega boʻlmaydilar degan notoʻgʻri fikrga asoslanadilar. Bu xil fikr fuqarolarning tajovuzga nisbatan aktiv mudofaalanish huquqini cheklashga va jinoyatchilikka qarshi kurashni susaytirishga olib keladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy xavfli tajovuzni qaytargan shaxslarning harakatlarini baholashda, ayrim sudlar tajovuzning xarakteri va xavfliligini, uning kutilmaganda va tezlik bilan sodir etilganligini, tezligini, himoyalanuvchining tajovuzni qaytarish yuzasidan imkoniyatini inobatga olishmay, faqatgina yetkazilgan zararning ogʻirligidan kelib chiqishadi, bu esa zaruriy mudofaa holatida harakat qilgan shaxslarni notoʻgʻri hukm qilinishiga olib keladi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Sudlar hamma vaqt ham jazoni individual tartibda belgilash toʻgʻrisidagi qonun talabiga rioya qilmaydilar, zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxslarga ularning shaxsi haqidagi maʼlumotlar va ishning boshqa holatlarini hisobga olmay ogʻir jazo chorasi belgilaydilar.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida va sud amaliyotida vujudga kelgan masalalar boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining maxsus qismida nazarda tutilgan harakatlar uni sodir etgan shaxsning javobgarlikka tortilganligi yoki aqli norasolik tufayli, jinoiy javobgarlik yoshiga toʻlmaganligi sababli va boshqa asoslarga koʻra javobgarlikdan ozod qilinganligidan qatʼi nazar Jinoyat kodeksining 37-moddasi doirasida himoyalanishiga asos beruvchi ijtimoiy xavfli tajovuz deb hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
2. Sudlarga tushuntirilsinki, zaruriy mudofaa holati faqatgina ijtimoiy xavfli tajovuz yuz bergan paytning oʻzidagina emas, balki tajovuzning boshlanish xavfi mavjud boʻlgan hollarda ham vujudga keladi. Zaruriy mudofaa holati tajovuz tugagandan soʻng ham boʻlishi mumkin, agar himoyalanuvchi ish holatlariga koʻra tajovuz tugagan vaqtni aniq anglay olmagan boʻlsa. Hujum vaqtida ishlatilgan qurol va boshqa ashyolarning tajovuzchidan himoyalanuvchining qoʻliga oʻtib qolishining oʻzi tajovuz tugaganligidan dalolat bermaydi.
Tajovuzning oldi olingan yoki tugagandan soʻng va himoya vositalarini qoʻllash zaruriyati aniq yoʻqolganda himoyalanuvchining tajovuz qiluvchiga zarar yetkazganlikdagi harakati zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan deb hisoblanmaydi. Bunday holatlarda javobgarlik umumiy asoslarda yuz beradi.
Sudlanuvchining bunday harakatlariga toʻgʻri huquqiy baho berish maqsadida sudlar yuz bergan voqeaning barcha holatlarini hisobga olib, bu harakatlar ular tomonidan ijtimoiy xavfli tajovuz sababli kuchli ruhiy hayajonlanish holatida sodir etilgan- etilmaganligini aniqlashlari zarur.
3. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, agar shaxs ziyon yetkazish (urishish, azob berish, oʻch olish va boshqalar) niyatida hujumning kelib chiqishiga sababchi boʻlsa, bunday harakatlarni zaruriy mudofaa yoʻsinda qilingan deb topish mumkin emas. Bu holatlarda sodir etilgan xatti-harakatlar umumiy asoslarda tavsiflanishi lozim.
4. Qonun mazmuniga koʻra, tajovuzning xarakteri va xavflilik darajasiga butunlay muvofiq boʻlmagan mudofaani va buning oqibatida tajovuzchiga hech qanday zaruriyatsiz Jinoyat kodeksining 100, 107-moddalarida nazarda tutilgan qasddan zarar yetkazilsagina zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi. Tajovuzchiga uning hujumini qaytarish vaqtida ehtiyotsizlik bilan yetkazilgan zarar jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
5. Sudlar zaruriy mudofaa alomatlari bor yoki yoʻqligi masalasini hal etishda himoyalanish va hujum vositalarini hisobga olishdan tashqari, tajovuzchi tomonidan himoyalanuvchiga tugʻdirilgan xavfning xarakteri, himoyaning kuchi va tajovuzni qaytarish imkoniyatlari, shuningdek, hujum va himoyalanuvchining kuchi nisbatlariga taʼsir koʻrsatuvchi ishdagi barcha holatlarini (hujum qiluvchi va himoyalanuvchilarning soni, ularning yoshi, jismoniy quvvati, quroli, joy, vaqt va boshqalar) hisobga olishlari zarur. Agar tajovuz bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, mudofaalanuvchi hujum qiluvchilarning har biriga nisbatan guruhdagi barcha tajovuzchilar harakatining xarakteri va xavflilik darajasiga qarab tegishli himoya choralarini koʻrishga haqli.
6. Tajovuz tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida himoyalanuvchi hamma vaqt ham yuz bergan xavfning xarakterini aniq anglab olmasligi va himoyaning tajovuzga nisbatan muvofiq usulini tanlay olmasligini sudlar eʼtiborda tutishlari kerak. Agar tajovuz qiluvchiga himoyalanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar, tajovuz qiluvchining yetkazgan zararidan koʻp boʻlsa va tajovuz oqibatida yetkazilgan zararni toʻla qoplasa hamda himoyalanish tajovuzning xarakteri va xavflilik darajasiga nisbatan butunlay nomuvofiq boʻlishiga yoʻl qoʻyilmagan boʻlsa, bunday holda himoyalanuvchining harakatlarini zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib sodir etilgan deb hisoblash mumkin emas.
7. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazilganlik tajovuzchining oʻlimiga olib kelsa, himoyalanuvchining aybi tajovuzchining oʻlimiga nisbatan ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan boʻlsa, Jinoyat kodeksining 107-moddasi bilan tavsiflanishi kerak.
8. Sudlar zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib, sodir etilgan qasddan odam oʻldirish, qasddan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlarini kuchli hayajonlanish holatida yuz bergan odam oʻldirish, ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohatlari yetkazish jinoyatlaridan farq qila bilishlari kerak. Bu yerda shuni nazarda tutish kerakki, kuchli ruhiy hayajonlanish oqibatida sodir etilgan jinoyatlarda jabrlanuvchiga zarar yetkazish himoyalanish maqsadida boʻlmaydi, demak, zaruriy mudofaa holatida ham yuz bermaydi. Bundan tashqari jabrlanuvchining xatti-harakatlari tufayli toʻsatdan yuz bergan ruhiy hayajonlanish jinoyatlari (Jinoyat kodeksining 98, 106-moddalari) xuddi shunday hayajonlanish taʼsiri ostida vujudga keladi, zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib sodir etilgan jinoyatlar uchun esa bunday belgi boʻlishi shart emas.
Agar himoyalanuvchi toʻsatdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish oqibatida zaruriy mudofaa chegarasidan chiqsa, ayblanuvchining harakati Jinoyat kodeksining 100 yoki 107-moddalari bilan tavsiflanishi kerak.
10. Sudlar zaruriy mudofaa holatini aniq ijtimoiy xavfli tajovuz yuz bermasada, shaxsning yanglishib, shunday tajovuz qilishi mumkin degan taxminiy holatlaridan farqlashlari kerak.
Agar hodisa holatlariga koʻra, mudofaa choralarini qoʻllagan shaxs oʻzining yanglishganini bilmagan va bilishi ham mumkin boʻlmagan boʻlsa, uning harakatlari zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan deb hisoblanishi kerak.
Agar shaxs tajovuzning aslida yoʻq va xayoliyligini bila turib, ish holatlariga koʻra ham uni albatta bilishi mumkin boʻlgani holda zarar yetkazsa, uning harakatlari Jinoyat kodeksining ehtiyotsizlik orqasida zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan tavsiflanishi lozim.
11. Sud sudlanuvchining harakatlarida zaruriy mudofaa chegarasidan chiqish alomatlari bor deb hisoblaganda, ish holatini umumiy taʼriflash bilan chegaralanmay, hukmda ish yuzasidan aniqlangan hamma holatlarga asoslanib, himoyaning hujum xarakteri va xavflilik darajasiga butunlay nomuvofiq ekanligini anglatuvchi oʻz xulosasini bayon qilishi kerak.
12. Sudlar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib odam oʻldirishda, ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazishda aybli topilganlarga nisbatan jazo choralari belgilashda, Jinoyat-protsessual kodeksining 467-moddasi talabiga koʻra har bir muayyan ish yuzasidan jinoyatning sodir etilishi holatlarini va sudlanuvchilarning shaxsiga oid maʼlumotlarni eʼtiborga olib, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlash masalasini muhokama qilishlari kerak. Agar ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilash lozim boʻlsa, bu holat hukmda asoslantirilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlar zaruriy mudofaa toʻgʻrisidagi qonunlarni qoʻllash bilan bogʻliq ishlar boʻyicha dastlabki tergov sifatiga nisbatan talabchanlikni kuchaytirishlari, jinoiy tajovuzga daxldor barcha shaxslar javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligini aniqlashlari va asoslar mavjud boʻlganda, ularni javobgarlikka tortish masalasini hal etish uchun bu haqda prokurorga xabar berishlari (JPK 417-moddasi) lozim.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
14. Sudlarning eʼtibori shunga jalb etilsinki, zaruriy mudofaa holatida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqmay yetkazilgan zarar Fuqarolik kodeksining 987-moddasiga koʻra undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsga uning ijtimoiy xavfli tajovuzini qaytarish paytida yetkazilgan zararni qoplash miqdori, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, ish holatlaridan hamda mudofaalanuvchi va tajovuz qiluvchining ayb darajasidan kelib chiqqan holda kamaytirilishi yoki zararni qoplash talabi rad etilishi lozim.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Jinoyat kodeksining 100, 107-moddalari bilan sudlangan shaxslardan, ularni davolashga sarflangan mablagʻlarni undirish qonunda koʻrsatilmagan. Bunday shaxslarni davolash harakatdagi qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi zaruriy mudofaa haqidagi qonunlarni sud faoliyatida qoʻllanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1992-yil 13-noyabrdagi “Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan zaruriy mudofaa huquqini taʼminlovchi qonunlarni sudlar tomonidan qoʻllanishi haqida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
1996-yil 20-dekabr,
39-son