15.10.2008 yildagi -son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga amal qilgan holda “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqidagi ishni ochiq majlisda ko‘rib chiqdi.
Masala “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V. Tyanning Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovaning tashabbusi bilan kiritildi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V. Tyan Konstitutsiyaviy sudga yo‘llagan murojaatida boquvchining vafot etganligi munosabati bilan zararni to‘lash tartibini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1009-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasi normalarining bir xilda emasligini ta’kidlab, ushbu normalarning qaysi biri amaliyotda qo‘llanilishi lozimligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1009-moddasining uchinchi qismiga muvofiq boquvchining o‘limi munosabati bilan zarar: voyaga yetmaganlarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar; o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — o‘quvning kunduzgi shaklida o‘qishni tugatgunga qadar, biroq yigirma uch yoshdan oshmaguncha to‘lanadi.
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasining beshinchi qismida o‘n olti yoshdagi va undan katta o‘quvchilar, o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishni tugatgunlarigacha, lekin o‘n sakkiz yoshga qadar bo‘lgan davrda, zararni undirish huquqiga egadirlar, deb belgilangan.
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasiga muvofiq o‘n sakkiz yoshdan katta va yigirma uch yoshga to‘lmagan, o‘quv yurtining kunduzgi bo‘limida tahsil olayotgan shaxslar zararni undirish huquqiga ega bo‘lmaydilar, vaholanki O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1009-moddasining normalariga asosan esa ular bunday huquqqa egadirlar.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining boquvchining o‘limi munosabati bilan zararni to‘lash tartibini belgilovchi normalaridagi mazkur farq ushbu normalarning amaliyotda qo‘llanilishida jiddiy qiyinchiliklarga olib kelmoqda.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasiga asosan har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga asosan har kim bilim olish huquqiga ega.
4. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasiga muvofiq davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 3-moddasining ikkinchi qismiga asosan boshqa qonunlar va qonun hujjatlaridagi fuqarolik qonun hujjatlari normalari ushbu Kodeksga mos bo‘lishi shart.
Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasiga o‘quvning kunduzgi shaklida ta’lim olayotgan shaxslarning ular yigirma uch yoshga yetgunga qadar boquvchining o‘limi munosabati bilan zararni to‘lash huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish lozim.
Bayon qilinganlarga asoslanib va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10, 25, 26, 27-moddalariga, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 192-moddasining beshinchi qismini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1009-moddasining uchinchi qismiga muvofiqlashtirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilsin (ilova qilinadi).