O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SPORT ANJOMLARI, INVENTARLARI VA ASBOB-USKUNALARINING IXTISOSLAShTIRILGAN SINOV LABORATORIYASINI TAShKIL ETISh VA JIHOZLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2008 — 2012-yillar davrida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish asosida sifatli sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni kengaytirish dasturi to‘g‘risida” 2008-yil 20-fevraldagi 26-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zstandart” agentligining “Toshkent shahar sinash va standartlashtirish markazi” davlat korxonasi huzurida Sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining ixtisoslashtirilgan sinov laboratoriyasi (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan sinov laboratoriyasi deb ataladi) tashkil etilsin.
2. “O‘zstandart” agentligi:
ixtisoslashtirilgan sinov laboratoriyasining moddiy-texnik bazasini shakllantirish hamda uni sport anjomlari, inventarlari va asbob-uskunalarining sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish imkonini beradigan zarur sinash va o‘lchash asbob-uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni;
sotib olinadigan asbob-uskunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va qiyoslash, shuningdek ixtisoslashtirilgan sinov laboratoriyasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilish yuzasidan zarur ishlarni amalga oshirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Mashinasozlik, metallurgiya, geologiya, mineral xomashyo qazib olish va qayta ishlashni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-iyul,
162-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 31-32-son, 300-modda)