Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KOREYA EKSPORT-IMPORT BANKI VAKOLATXONASINI OCHISH TOʻGʻRISIDA
Bank va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hamda Koreya Respublikasi iqtisodiyotini integratsiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koreya eksport-import bankining Oʻzbekiston Respublikasi hududida vakolatxona ochish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Koreya eksport-import banki vakolatxonasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Koreya eksport-import banki vakolatxonasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining normativ hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda bankning Toshkent shahridagi vakolatxonasi faoliyatiga koʻmaklashish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
5. Toshkent shahar hokimligi Koreya eksport-import banki vakolatxonasiga ofis uchun bino berish bilan bogʻliq masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-noyabr,
238-son