Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA KOREYA XALQARO HAMKORLIK AGENTLIGI (KOICA) ISHTIROKIDA KASB-HUNARGA OʻQITISH MARKAZINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Ish bilan vaqtincha band boʻlmagan aholini, shu jumladan umumtaʼlim maktablarini, akademik litseylarni tamomlagan va doimiy ishga ega boʻlmagan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan 2007—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasiga “Kasb-hunarga oʻqitish imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish uchun 4 mln AQSH dollari miqdorida grant mablagʻlari berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligining KOICAning grant mablagʻlari hisobiga “Kasb-hunarga oʻqitish imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida Toshkent shahrida 360 oʻquvchiga moʻljallangan, 100 oʻrinli yotoqxonasi boʻlgan Kasb-hunarga oʻqitish markazi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Toshkent shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ish bilan band boʻlmagan aholini, shu jumladan kollejlar va litseylarni tamomlagan hamda doimiy ishga ega boʻlmagan shaxslarni, 11-sinf maʼlumotiga ega boʻlgan fuqarolarni quyidagi asosiy kasblar:
avtomobillarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish (avtomobil dvigatellariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash chilangari, avtomobil shassisiga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash chilangari, avtoelektrik, avtomobil kuzov ishlari boʻyicha chilangar, avtomobil va dvigatellar diagnostikasi operatori);
mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyasi (tokar, frezerlovchi, dasturlashtirilgan dastgohlar boʻyicha dasturchi, dasturlashtirilgan dastgohlarni boshqaruvchi operator);
elektr, elektronika va avtomatlashtirish (elektr montaj ishlari boʻyicha elektr montyor, elektron qurilmalarini taʼmirlash, sozlash va xizmat koʻrsatish boʻyicha elektr montyor, elektr qurilmalarini oʻrnatish, sozlash, dasturlash va avtomatlashtirish boʻyicha elektr montyor);
axborot texnologiyalari (loyihalash va kompyuter grafikasi dizayneri, web dasturchi, ofis jihozlarini sozlash va taʼmirlash boʻyicha usta, kompyuter texnikalari va kompyuter tarmoqlari montajchisi) boʻyicha 1 yildan ortiq boʻlmagan muddatda bepul qayta tayyorlash;
Koreyaga ishga yuborilayotgan fuqarolarni ketishdan oldin pulli asosda tayyorlash va moslashtirish;
Oʻzbekistonning mehnat bozorida talab katta boʻlgan kasblar boʻyicha ish izlayotgan shaxslarni pulli asosda qisqa muddatda oʻqitish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Toshkent shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazi bevosita Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasiga boʻysundirilsin, unga umumiy oʻquv-metodik rahbarlik qilish esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga yuklansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi KOICAning grant mablagʻlarini olish va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan, Koreya tomoni bilan kelishilgan barcha tartibotlarning oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlasinlar.
KOICAning grant mablagʻlariga hisob-kitob xizmati koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuklansin.
6. Toshkent shahar hokimligi:
Koreya tomoni bilan kelishgan holda umumiy maydoni 1,8 ga, shu jumladan Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazining oʻquv korpusini qurish uchun 2,7 ming kv.m va yotoqxona qurish uchun 1,1 ming kv.m yer uchastkasini bir oy muddatda ajratsin;
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga Kasb-hunarga oʻqitish markazini qurish boʻyicha dastlabki ruxsat berish hujjatlari (APZ-I,II)ni tayyorlashda koʻmaklashsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda:
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin, ekspertizadan oʻtkazsin va tasdiqlasin, pudrat qurilish tashkilotini aniqlash boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazilishini tashkil qilsin;
ikki oy muddatda loyihani amalga oshirish jadvalini ishlab chiqsin va uni oldindan KOICA, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan kelishib olsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Koreya tomoni bilan kelishgan holda:
bir oy muddatda Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazining ustavini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazi ishida qoʻllaniladigan zarur oʻquv-metodik dasturlar va materiallar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Belgilansinki, Toshkent shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazi taʼminoti, ish bilan band boʻlmagan aholini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek import qilinadigan oʻquv-laboratoriya jihozlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlanishi, rasmiylashtirilishi va transportda tashilishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
10. Quyidagilar:
KOICAning begʻaraz yordami mablagʻlari hisobiga Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazini qurish va jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinayotgan oʻquv-laboratoriya jihozlari va moddiy resurslar bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno);
loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha vizalarni hamda vaqtincha roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda konsullik yigʻimlari va davlat bojlari toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahridagi Kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, ular yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-avgust,
170-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 33-34-son, 341-modda; 2017-y., 15-son, 249-modda, 37-son, 990-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)