O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIGA TOVARLAR VA TRANSPORT VOSITALARINI ChETDAN VAQTINChALIK OLIB KELISh QOIDALARIGA QO‘ShIMChA KIRITISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorijiy davlatlarning diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning ehtiyojlari uchun, shuningdek ularning xodimlari ehtiyojlari uchun avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga vaqtinchalik olib kelish shartlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-avgustdagi 399-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 8-son, 85-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtinchalik olib kelish qoidalarining II bo‘limi 5-bandining “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga:
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan vakolatxonalar uchun, — bir xodimga 1 ta (bitta) avtotransport vositasi;
mazkur kichik bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy foydalanishi uchun, — vakolatxonaning bir xodimiga va uning oilasining voyaga yetgan a’zosiga 1 tadan (bittadan) avtotransport vositasi, biroq bir oilaga 2 tadan (ikkitadan) ortiq bo‘lmagan avtotransport vositasi hisobidan kelib chiqib yo‘l qo‘yiladi.
Avtotransport vositalarini vaqtinchalik olib kelishga miqdoriy cheklashlar O‘zbekiston Respublikasining erishilgan ahdlashuvlaridan kelib chiqib, shuningdek baravarlik shartlarida yoki muruvvat loyihalari va texnik ko‘maklashish loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zgartirilishi mumkin. Miqdoriy cheklash o‘zgarishi to‘g‘risidagi qaror akkreditatsiya bo‘yicha vakolatli organning birinchi rahbari tomonidan qabul qilinadi, keyinchalik bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilinadi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-avgust,
174-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 34-35-son, 343-modda)