O‘zbekiston Respublikasining qonuni
ISTE’MOL KREDITI TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2005-yil 22-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda ma’qullangan
2005-yil 22-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi iste’mol krediti berish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunchilik
Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Iste’mol krediti tushunchasi va shakllari
Iste’mol krediti jismoniy shaxsga (iste’molchiga) uning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan kreditdir.
Moliyaviy iste’mol krediti va tovar iste’mol krediti iste’mol kreditining shakllaridir.
4-modda. Moliyaviy iste’mol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Moliyaviy iste’mol krediti sotib olingan tovarlar (xizmatlar) haqini to‘lash uchun pul mablag‘lari tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlari moliyaviy iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son)
5-modda. Tovar iste’mol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Tovar iste’mol krediti sotib olingan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir.
Iste’mol tovarlarini (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotlar tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir.
6-modda. Iste’mol krediti obyekti
Jismoniy shaxsning iste’mol ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) iste’mol krediti obyekti bo‘lishi mumkin.
Ko‘chmas mulk, shuningdek qonunga muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mol-mulk iste’mol krediti obyekti bo‘lishi mumkin emas.
7-modda. Iste’mol krediti berish
Iste’mol krediti iste’mol krediti berish qoidalariga muvofiq iste’mol krediti shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) bo‘yicha to‘lovlilik, muddatlilik va ta’minlanganlik shartlari bilan beriladi.
Iste’mol krediti o‘z faoliyati natijasida olingan daromadlarga, pensiya va boshqa daromadlarga (bundan buyon matnda daromadlar deb yuritiladi) ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Iste’mol krediti berish qoidalari iste’mol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Iste’mol krediti berish qoidalari hamma tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lishi va ularda iste’mol krediti berish shartlari, shuningdek kredit miqdori, uni berish muddati, foiz stavkasi, iste’molchi to‘lashi lozim bo‘lgan to‘lovlar jadvali to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kreditga sotish sotuv kunida amalda bo‘lgan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining keyinchalik o‘zgarishi shartnoma taraflarining majburiyatlariga ta’sir etmaydi.
8-modda. Iste’mol krediti olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Iste’mol krediti berish qoidalariga muvofiq iste’molchi iste’mol krediti olish uchun kredit buyurtmasini va o‘z daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan boshqa hujjatlarni iste’mol krediti beruvchi tashkilotga taqdim etadi.
Kredit buyurtmasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
iste’molchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (shaxsini tasdiqlovchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash joyi;
(8-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi O‘RQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
iste’mol kreditining obyekti;
iste’mol kreditining muddati;
iste’molchining faoliyat turi va daromadlari;
iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usuli.
Kredit buyurtmasi buyurtma berilgan sana ko‘rsatilgan holda iste’molchi tomonidan imzolanadi.
9-modda. Kredit buyurtmasini ko‘rib chiqish tartibi
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot kredit buyurtmasini olganidan so‘ng kredit berish to‘g‘risida yoki kredit berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida besh ish kuni ichida qaror qabul qiladi.
Iste’mol krediti berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, iste’mol krediti beruvchi tashkilot iste’molchiga bu haqda yozma shaklda ma’lum qilishi shart.
Kredit buyurtmasi iste’mol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
iste’molchining daromadlari yetarliligini va kredit tarixini aniqlash;
kredit buyurtmasida bayon etilgan ma’lumotlarning bir-biriga zid bo‘lmasligi;
iste’mol krediti summasini qaytarishning maqbul istiqbollari mavjudligi.
10-modda. Shartnoma shartlari
Shartnomada quyidagilar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
iste’molchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (shaxsini tasdiqlovchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash joyi;
(10-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi O‘RQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
iste’mol krediti beruvchi tashkilotning nomi va boshqa rekvizitlari;
iste’mol kreditining obyekti haqidagi ma’lumotlar;
iste’mol kreditining umumiy summasi;
iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usuli;
foiz stavkasi;
iste’mol krediti beruvchi tashkilot talab qilgan taqdirda, sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) qiymatini oldindan to‘lash uchun bo‘nak miqdori;
iste’mol krediti berish hamda uning summasini qaytarish tartibi va muddatlari;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
shartnomaning amal qilish muddati;
shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar.
(10-moddaning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Shartnomaning shakli va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish
Shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Shartnoma quyidagi hollarda notarial tartibda tasdiqlanadi:
taraflardan birining talabi bo‘yicha;
iste’mol krediti obyekti bo‘lgan mol-mulk bo‘yicha bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab etilgan taqdirda.
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
(11-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma shartlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi mumkin.
(12-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olingan va uni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tovar iste’mol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida yozma ravishda xabardor etilgan kundan e’tiboran bir oy ichida iste’molchi tomonidan bekor qilinishi mumkin. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, tovar iste’mol krediti bergan tashkilot sotib olingan tovar (ish, xizmat) uchun to‘langan pul summasini iste’molchiga qaytarib beradi.
Iste’molchi foydalanilmagan moliyaviy iste’mol kreditidan voz kechish haqida moliyaviy iste’mol krediti bergan tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur kreditdan voz kechishga haqli.
Iste’molchi shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran bir oy ichida iste’mol kreditidan foydalanmagan taqdirda, iste’mol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida iste’molchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali jo‘natilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
13-modda. Iste’molchining huquq va majburiyatlari
Iste’molchi quyidagi huquqlarga ega:
iste’mol krediti berish qoidalari bilan tanishib chiqish;
o‘z huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, shu jumladan iste’mol krediti berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
tegishli darajada sifatli bo‘lmagan sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) almashtirilishini talab qilish yoki uni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati bo‘lmaganida shartnomani bekor qilish;
iste’mol krediti beruvchi tashkilotdan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilish.
Iste’molchi:
iste’mol krediti olish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishi;
bank yoki boshqa kredit tashkilotidan olingan moliyaviy iste’mol kreditidan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
tovar (ish, xizmat) haqini shartnomaga muvofiq o‘z vaqtida to‘lashi;
olingan moliyaviy iste’mol kreditini qaytarishni va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashni shartnomada belgilangan tartibda hamda muddatlarda amalga oshirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’molchi qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(13-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Iste’mol krediti beruvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
iste’molchiga iste’mol krediti berish yoki iste’mol krediti berishni asoslantirilgan holda rad etish;
iste’mol krediti berish va shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni iste’molchidan so‘rab olish;
to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, berilgan iste’mol krediti summasi muddatidan ilgari qaytarib berilishini va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar to‘lanishini talab qilish.
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot:
iste’molchining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, shu jumladan iste’mol krediti berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar haqida iste’molchiga ishonchli hamda to‘liq axborotni ma’lum qilishi;
moliyaviy iste’mol kreditini yoki tovarni (ishni, xizmatni) shartnomada belgilangan tartibda va muddatda berishi;
iste’mol krediti berish qoidalarini hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan joyga joylashtirishi;
tovar iste’mol krediti berilganda, tovarni (ishni, xizmatni) sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirishi, bunda narxlarda farq bo‘lgan taqdirda, iste’molchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshirishi;
shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rnini iste’molchiga qoplashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(14-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Moliyaviy iste’mol kreditining xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanishda shartnoma tovarni (xizmatni) iste’molchi tomonidan sotib olishga doir shartnoma kuchga kirguniga qadar yoki kuchga kirganidan keyin tuzilishi mumkin.
Moliyaviy iste’mol krediti berish iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchining yoki realizatsiya qiluvchi subyektning (yuridik va jismoniy shaxsning) bankdagi hisobvarag‘iga bank yoxud boshqa kredit tashkiloti tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Moliyaviy iste’mol kreditining naqd pulda berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 10-apreldagi O‘RQ-828-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 03/23/828/0206-son)
16-modda. Iste’mol kreditini muddatidan ilgari qaytarish
Iste’molchi olingan iste’mol krediti summasini qaytarishni va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashni muddatidan ilgari amalga oshirishga haqli. Bunday holda iste’molchi faqat iste’mol kreditidan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun foizlar to‘laydi.
17-modda. Iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash
Iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi:
bank yoki sug‘urta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxslarning kafilligi;
mol-mulk va qimmatli qog‘ozlar garovi, shu jumladan garov depoziti, banklarning omonat sertifikatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta’minlanishi mumkin.
(17-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Iste’molchining daromadlari hajmi, shuningdek shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishining iste’molchi tomonidan taqdim etilgan ta’minoti iste’mol krediti summasini qaytarish va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’mol krediti berish shartnomasi va uning qarz oluvchi tomonidan bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit tarixini shakllantirish uchun kredit byurolariga taqdim etiladi hamda ulardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi. Moliya iste’mol krediti berish shartnomasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kredit axborotining davlat reyestriga ham taqdim etiladi.
(17-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’molchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kafolat beruvchi yoki kafil iste’mol kreditini qaytarish muddati tugagach, iste’mol krediti beruvchi tashkilotning birinchi talabiga binoan qonunchilikka va shartnomaga muvofiq iste’mol krediti summasini qaytarishi hamda mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashi shart.
(17-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’mol krediti berish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(19-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(20-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 6-may,
O‘RQ–33-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 19-son, 160-modda; 2012-y., 15-son, 163-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son; 11.04.2023-y., 03/23/828/0206-son)