Farmonga ko‘ra, quyidagilar mazkur Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
Yangi Toshkent shahri va hududlarda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, turizm salohiyatini oshirish uchun qiymati 50 mln AQSH dollari va undan ortiq bo‘lgan yirik shaharsozlik loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi maʼmuriy to‘siqlar va byurokratik g‘ovlarni to‘liq bartaraf etish va boshqalar.
Mazkur Farmon ilovasida belgilangan hududlarda (maxsus hududlar) shaharsozlik sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi (maxsus huquqiy rejim) joriy etilishi belgilandi.
Qonunchilik hujjatlarida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga berilgan barcha vakolatlar, imtiyozlar, huquqlar, shu jumladan, quyidagi vakolatlar boshqa maxsus hududlarni barpo etishga masʼul direksiyalarga ham tatbiq etilishi belgilandi:
hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha hujjatlarga bo‘lgan talablarni mustaqil ravishda belgilash va tasdiqlash;
yer uchastkalarini sotishda ularda barpo etiladigan obyektlarga qo‘yiladigan asosiy talablarni mustaqil belgilash;
hududdagi yer uchastkalarini realizatsiya qilishda har bir loyihaga alohida texnik shart belgilash va boshqalar.
Farmonga ko‘ra, maxsus huquqiy rejim doirasida “davlat – investitsiyaviy sherik” tamoyili asosida quyidagi imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi:
maxsus huquqiy rejim doirasida shaharsozlik loyihasini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar quyidagi muddatlar davomida loyiha obyektini ijaraga berish va sotish natijasida olingan foydadan 1 foiz stavka bo‘yicha foyda solig‘ini to‘laydi:
to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi kamida 50 mln AQSH dollarini tashkil etganda – 5 yil davomida;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi kamida 100 mln AQSH dollarini tashkil etganda – 10 yil davomida;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi kamida 500 million AQSH dollarini tashkil etganda – 15 yil davomida;
investitsiya hajmi kamida 50 mln AQSH dollarini tashkil etadigan shaharsozlik loyihalari doirasida foydalaniladigan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslar 20 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi;
shaharsozlik loyihasini amalga oshirish doirasida bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini amalga oshirmaydigan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslardan sotib olinadigan xizmatlar QQSdan ozod etiladi;
2040 yil 1 yanvarga qadar investorlar (tashabbuskorlar) tomonidan shaharsozlik loyihasi doirasida olingan dividendlar tarzidagi daromadlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga qayta investitsiya qilingan taqdirda, bunday daromadlar soliqdan ozod qilinadi.