ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 24.02.2026 yildagi PF-29-son

Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish;

ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish;

ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish.

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan loyihalarga “Yangi O‘zbekiston” massivi maqomini berish orqali ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarining yo‘l-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va “yashil” transport muhiti yaratiladi.

Farmonga ko‘ra, “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ va “Samarqand Invest kompaniyasi” AJ tajribasi asosida aksiyadorlik jamiyati shaklida investitsiya kompaniyalari (Investitsiya kompaniyalari) tashkil etiladi.

Investitsiya kompaniyalari tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi.

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (Ipoteka dasturi) doirasida:

ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshiriladi;

2026 yil 1 apreldan byudjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromad oladigan fuqarolar, shuningdek, joriy yilda oxirgi 1 yillik, 2027 yilda oxirgi 2 yillik va 2028 yildan boshlab oxirgi 3 yillik davr ichida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ajratiladi.