ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.08.2025 yildagi PF-130-son

Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 4 mln gektardan ortiq yer maydonlarida ekinlarni ekish va sug‘orish jarayonlarini raqamlashtirish;

qishloq xo‘jaligi sohasida joriy etilgan 30 tadan ortiq axborot tizimlarini “yagona nuqta”ga birlashtirish orqali foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish hamda maʼlumotlarning o‘zaro muvofiqligi va ishonchliligini taʼminlash.

2026 yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘zlariga tegishli yer uchastkalariga ekish rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasiga (Agroportal) mustaqil joylashtirib boradi.

Agroportal qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun sohada xizmat ko‘rsatishning “yagona nuqtasi” sifatida eʼtirof etiladi.

Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga robototexnika, dron va boshqa qurilmalar yordamida xizmatlar ko‘rsatiladi.

Dron xizmatlaridan foydalanish uchun Agroportal orqali ariza berish, shartnomalarni tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Agroportal orqali uchish balandligi 30 metrgacha bo‘lgan dronlar yordamida ko‘rsatiladigan xizmatlar vakolatli idoralar bilan kelishilgan hududlarda ularning yillik ruxsatnomalari asosida taqdim etiladi.

Shuningdek, Agroportalda quyidagi xizmat turlari joriy qilinadi:

2025 yil 1 dekabrdan ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish;

2026 yil 1 martdan qishloq xo‘jaligi yerlari toifasini o‘zgartirish yuzasidan arizalar berish, ularning holatini onlayn kuzatib borish va natijalarini taqdim etish.