ONLINE TRANSLATE
Ҳужжат паспорти
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 13.03.2020 yildagi O‘RQ-610-son

Qonun 10 ta bob va 58 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini olish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Qonunga ko‘ra, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi:

a) 1992 yil 28 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxs;

b) O‘zbekiston hududida yashagan va 1992 yil 28 iyulga qadar o‘qish uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda taʼlim olgan yoxud harbiy xizmatni o‘tagan va o‘qish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin bir yil ichida O‘zbekistonga qaytib kelgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud bo‘lmasa;

v) ushbu Qonun kuchga kirgan kunda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxs;

g) ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan shaxs.

3. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda olinadi:

tug‘ilganlik bo‘yicha;

bola farzandlikka olinganda;

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash natijasida.

4. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish:

umumiy tartibda;

soddalashtirilgan tartibda;

alohida tartibda amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagilar oqibatida tugatiladi:

a) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish;

b) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganlik.

6. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan shaxsan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashab turgan shaxs iltimosnomani doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda yashayotgan shaxs esa konsullik muassasasiga beradi. Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda (kasallik, konsullik muassasasining mavjud emasligi) notarial tartibda tasdiqlangan iltimosnoma ishonchli shaxslar orqali berilishi mumkin.

7. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni ko‘rib chiqish muddatlari:

Ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga materiallarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi talabnomani uch ish kuni ichida kiritadi.

Talabnomani ko‘rib chiqish, tekshiruv o‘tkazish va xulosa tayyorlash muddati bir oyni tashkil etadi. Qo‘shimcha hujjatlar yoki maʼlumotlar olish zarur bo‘lganda talabnomani ko‘rib chiqish va xulosa tayyorlash muddati bir oygacha uzaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni qabul qilgan konsullik muassasasi ularni diplomatik pochta jadvalini hisobga olgan holda Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuborish uchun materiallarni Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tayyorlash muddati bir oydan oshmasligi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni ko‘rib chiqishning umumiy muddati talabnoma O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga kiritilgan sanadan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini hal etishga doir konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish maqsadida besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi tuziladi.