Farmonga muvofiq:
1) O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21 oktyabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi;
2) Quyidagilar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilandi:
davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
o‘zbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini taʼminlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.