Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 10-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 9-iyulda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 9-iyulda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zoʻravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini joriy etishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda bolalar bilan ishlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlarini, shuningdek tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini aniqlashtirishga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarini yoʻqotilgan biometrik pasportlar (identifikatsiyalovchi ID-kartalar) oʻrniga biometrik pasportlar (identifikatsiyalovchi ID-kartalar) berganlik uchun, nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida va tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat bojini toʻlashdan ozod etishga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning yoʻqotilgan bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish toʻgʻrisida notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomalarini tasdiqlash huquqini berishga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga davlat hisobidan malakali yuridik yordam koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirishga, shuningdek ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda, № 11, 1193-modda; 2025-yil, № 2, 188, 194-moddalar, № 4, 522-modda) 136-moddasi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish toʻgʻrisida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Notariat toʻgʻrisida”gi 343-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 42-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2006-yil, № 9, 498-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda; 2020-yil, № 1, 3-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 10, 1076-modda, № 12, 1286-modda) 26-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish toʻgʻrisida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-561-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 586-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 12, 1194-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda; 2024-yil, № 10, 1076-modda) 28-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga olti oygacha muddatga joylashtirilishi mumkin. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish hamda undan chiqarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda; 2024-yil № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076, 1079-moddalar, № 11, 1191-modda, № 12, 1279, 1280, 1285-moddalar; 2025-yil, № 1, 4, 6-moddalar, № 2, 188, 189, 195, 197-moddalar, № 4, 519, 520-moddalar, № 5, 648-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 12-modda quyidagi mazmundagi 6-band bilan toʻldirilsin:
“6) Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar — ularga va ularning voyaga yetmagan farzandlariga tegishincha nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida va tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun”;
2) 13-moddaning toʻrtinchi qismi “nogironligi boʻlgan shaxslar” degan soʻzlardan keyin “Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyunda qabul qilingan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-848-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 6, 447-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 9-modda quyidagi mazmundagi 5-band bilan toʻldirilsin:
“5) “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi munosabati bilan surishtiruv, dastlabki tergov organlariga yoki sudga murojaat qilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar”;
2) 11-modda quyidagi mazmundagi yettinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga quyidagilar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladi:
alimentlarni undirish haqidagi;
bolalarning taʼminoti uchun qilinadigan qoʻshimcha xarajatlarni undirish toʻgʻrisidagi;
uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish va koʻchirish haqidagi;
otalikni belgilash yoki otalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi;
bolaning yashash joyini belgilash haqidagi;
bola bilan koʻrishish tartibini belgilash toʻgʻrisidagi;
nikohdan ajratish haqidagi;
mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi;
mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish haqidagi;
mol-mulkka yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi;
ishga tiklash haqidagi;
ish haqini undirish toʻgʻrisidagi”;
3) 16-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ariza tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan xotin-qizlar tomonidan berilgan taqdirda — ushbu Qonun 11-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan ish sudda koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma”;
toʻrtinchi qismidagi “Ushbu modda ikkinchi qismining toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida” degan soʻzlar “Ushbu modda ikkinchi qismining toʻrtinchi — yettinchi xatboshilarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 17-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan xotin-qizlarning iltimosiga koʻra sud tomonidan”;
5) 18-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ariza tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan xotin-qizlar tomonidan berilgan taqdirda — ushbu Qonun 11-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan ish sudda koʻrib chiqilayotganligi haqidagi axborot”;
6) 19-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan xotin-qizlar bilan bogʻliq boʻlgan, ushbu Qonun 11-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan ish sudda koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma mavjud boʻlmaganda”;
oltinchi va yettinchi xatboshilari tegishincha yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
8-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-sentabr,
OʻRQ-1175-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2026-y., 03/26/1175/0921-son)