Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NEFT MAHSULOTLARI, SUYuLTIRILGAN VA SIQILGAN GAZ SOTISh TIZIMINI TARTIBGA SOLISh, ULARDAN FOYDALANISh VA AVTOTRANSPORT VOSITALARINING IShLATILIShI USTIDAN NAZORATNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Avtotransport vositalari uchun neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz sotish tizimini tartibga solish va yonilgʻi taqsimlashning talon tizimi keltirib chiqaradigan suiisteʼmollarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gazni davlat taloni boʻyicha sotish tizimi 1999-yil 1-fevraldan boshlab bekor qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda:
bir transport birligiga (maxsus avtotransportdan tashqari) oylik yoʻl bosish limitini va neft mahsulotlari sarfi normasini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari fondlar, korxonalarning xoʻjalik faoliyatidan ajratmalar hisobidan saqlanayotgan hamda tijorat va davlat tashkilotlarining maʼmuriy-boshqaruv apparatiga xizmat koʻrsatuvchi xizmat avtotransporti sonini qisqartirish toʻgʻrisida ikki hafta muddatda taklif kiritsin;
xizmat safarlari uchun xodimlarning shaxsiy avtomobillaridan foydalanganligi uchun kompensatsiya miqdori va uni toʻlash tartibi toʻgʻrisida ikki hafta muddatda taklif kiritsin.
3. “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:
yonilgʻi-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazning, yonilgʻi tegishli turining olingan hajmiga nazorat-kassa apparatining chekini majburiy ravishda taqdim etgan holda, ajratilgan limitlar doirasida vedomostlar asosida, yonilgʻi quyish shoxobchalari orqali sotilishini tashkil etsin;
bir hafta muddatda barcha yonilgʻi quyish shoxobchalarini nazorat-kassa apparatlari bilan jihozlasin;
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda yonilgʻi-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazni talonsiz sotish tartibini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Banklar uyushmasi bilan birgalikda yonilgʻi quyish shoxobchalarida yonilgʻi-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazni tijorat banklarining soʻmlardagi elektron kartochkalari boʻyicha sotib olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-oktabrdagi 222-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2005-y., 40-son, 307-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi respublikaning barcha yonilgʻi quyish shoxobchalari nazorat-kassa apparatlari bilan oʻz vaqtida jihozlanishi va ulardan toʻgʻri foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzdavstandart” markazi bilan birgalikda ishlatilayotgan avtotransport vositalari texnik koʻrikdan oʻtishi, belgilangan davlat standartlariga rioya qilinishi, shuningdek spidometrlar tamgʻalanishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
7. Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar, kompaniyalar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari:
bir oy muddatda xizmat yengil avtomobillari uchun belgilangan xarajatlar limiti doirasida ularning ishlash smenasini va foydalanish kunlarini belgilasinlar, bunda yonilgʻi-moylash materiallari ajratilgan limitlardan ortiqcha sarflanishiga yoʻl qoʻymasinlar;
yonilgʻi-moylash materiallari, suyultirilgan va siqilgan gazning belgilangan normativlari doirasida tejalgan qiymatning 50 foizigacha miqdordagi mablagʻlarni haydovchilarni mukofotlashga yoʻnaltirsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida taklif tayyorlasin.
Vazirliklar va idoralar idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 31-dekabr,
542-son