1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.17.00 Attestatsiya (xodimlarni) (shuningdek, 13.02.04.00 va 13.01.16.00ga qarang);
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami koʻrsatish / 14.01.03.01 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 7-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3426]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi PQ-4668-son “Oʻzbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-aprel,
7-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 3-apreldagi 7-son buyrugʻiga ILOVA
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarining (bundan buyon matnda Hududiy markazlar deb yuritiladi) xalq tabobati boʻyicha tayyorlash yoki qayta tayyorlash yoxud malaka oshirish kurslariga (bundan buyon matnda oʻquv kurslari deb yuritiladi) tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
talabgor — oʻquv kurslariga kirish istagini bildirgan hamda kamida umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus yoxud professional maʼlumotga ega boʻlgan xalq tabobati boʻyicha mutaxassis, tibbiyot xodimi va tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxs;
tinglovchi — oʻquv kurslariga qabul qilingan xalq tabobati boʻyicha mutaxassis, tibbiyot xodimi va tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxs;
bitiruvchi — oʻquv kurslarini tamomlagan xalq tabobati boʻyicha mutaxassis, tibbiyot xodimi va tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxs;
tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni tayyorlash (bundan buyon matnda tayyorlash deb yuritiladi) — tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarning xalq tabobati faoliyatini amalga oshirishi uchun kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmini egallashga qaratilgan taʼlim turi;
xalq tabobati boʻyicha mutaxassis va tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash (bundan buyon matnda qayta tayyorlash deb yuritiladi) — tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq boʻlgan, shuningdek xalq tabobati faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmini egallashga qaratilgan taʼlim turi;
xalq tabobati boʻyicha mutaxassis va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish (bundan buyon matnda malaka oshirish deb yuritiladi) — xalq tabobati boʻyicha mutaxassislar va tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini taʼminlash, ularning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qilishga qaratilgan taʼlim turi.
2. Tinglovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Hududiy markazlar tomonidan amalga oshiriladi.
3. Oʻquv kurslarida tinglovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tinglovchilarning asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi.
Hududiy markazlarda auditoriya oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
4. Oʻquv kurslarida tinglovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (bundan buyon matnda Sogʻliqni saqlash vazirligi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha pullik asosda amalga oshiriladi.
Bunda, oʻquv kurslarida tinglovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish qiymatining miqdori Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi (bundan buyon matnda Respublika markazi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
2-bob. Hududiy markazlarga talabgorlarni qabul qilish
5. Oʻquv kurslarida oʻqish uchun talabgorlar Respublika markaziga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
6. Respublika markazi tomonidan talabgorning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida unda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrganib chiqiladi.
7. Talabgor tomonidan ariza mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilmagan boʻlsa yoki arizada tegishli maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoxud notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, Respublika markazi tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkinligi toʻgʻrisida ushbu ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda maʼlum qilinadi.
8. Talabgor tomonidan taqdim etilgan arizada mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Respublika markazi va talabgor oʻrtasida uni oʻqitish yuzasidan shartnoma tuziladi.
9. Shartnomada koʻrsatilgan oʻqitish qiymati talabgor tomonidan shartnomada belgilangan muddatda toʻliq toʻlangandan soʻng, talabgor Respublika markazi direktorining buyrugʻi bilan tegishli oʻquv kurslariga oʻqishga qabul qilinadi.
10. Talabgor tomonidan shartnoma imzolanmagan yoki oʻqitish qiymati shartnomada belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, talabgor oʻqishga qabul qilinmaydi hamda talabgorga bu haqda Respublika markazi tomonidan shu kunning oʻzida yozma ravishda xabarnoma yuboriladi.
11. Quyidagilar oʻquv kurslariga oʻqishga qabul qilinmaydi:
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turadigan shaxslar;
kamida umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus yoxud professional maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar.
Bunda, Respublika markazi tomonidan mazkur bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali zarur boʻlgan hujjat va maʼlumotlarni soʻrab olish orqali aniqlanadi.
3-bob. Bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi
12. Xalq tabobati boʻyicha mutaxassis yoki tibbiyot xodimi boʻlgan bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish uchun Hududiy markazlar, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va davlat tibbiyot tashkilotlarining mutaxassislari ichidan Respublika markazi direktorining buyrugʻi bilan kamida besh kishidan iborat tarkibda Attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda Attestatsiya komissiyasi deb yuritiladi) Hududiy markazlarda tashkil etiladi.
13. Tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan bitiruvchilar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiya (bundan buyon matnda Maxsus komissiya deb yuritiladi) tomonidan Hududiy markazlarda attestatsiyadan oʻtkaziladi.
14. Attestatsiya komissiyasi hamda Maxsus komissiya yigʻilishlari ularda tegishliligiga koʻra, oʻz aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganida vakolatli hisoblanadi.
15. Bitiruvchilarning attestatsiyasi oʻquv kurslari tugagandan soʻng 10 kunlik muddat ichida oʻtkaziladi.
16. Respublika markazi oʻquv rejalari va dasturlari mazmunini toʻliq qamrab olgan holda attestatsiya savollarini shakllantiradi.
17. Attestatsiya savollari attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin tinglovchilar eʼtiboriga yetkazilishi lozim.
18. Respublika markazi bitiruvchilar sonidan kelib chiqib, attestatsiya savollari variantlarini tuzadi hamda ularning oshkor etilmasligini taʼminlaydi.
19. Attestatsiya oʻtkaziladigan xonaga mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitoblar, lugʻat, shpargalkalar va boshqa materiallar olib kirgan, attestatsiya jarayonida ulardan foydalangan tinglovchilar attestatsiya oʻtkazish tartibini buzgan deb hisoblanadi hamda dalolatnoma asosida attestatsiyadan chetlashtiriladi.
20. Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi va uning natijalari ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Bitiruvchi 86 — 100 ballar oraligʻida ball toʻplasa, uning bilimi “aʼlo” deb, 71 —85 ballar oraligʻida ball toʻplasa “yaxshi” deb, 56 — 70 ballar oraligʻida ball toʻplasa, “qoniqarli” deb baholanib, attestatsiyadan oʻtgan deb hisoblanadi.
21. Attestatsiya natijalari boʻyicha bitiruvchi 55 va undan kam ball toʻplagan hollarda uning bilimi “qoniqarsiz” deb baholanib, attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
22. Bitiruvchining bilimini baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) “aʼlo” baho (86 — 100 ball) olish uchun bitiruvchi:
hamma savollarga toʻliq javob berishi, mustaqil va ijodiy fikrlay olishi va toʻgʻri qarorlar qabul qilishi, egallagan koʻnikmalarni xalq tabobatida qoʻllay olishi, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunishi;
oʻquv dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
xalq tabobati boʻyicha terminologiyadan aniq, oʻz oʻrnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri ifodalashi;
muammoli holatlarda oʻz pozitsiyasini asoslab bera olishi;
b) “yaxshi” baho (71 — 85 ball) olish uchun bitiruvchi:
hamma savollarga javob berishi, ijodiy fikrlay olishi, toʻgʻri qarorlar qabul qilishi, egallagan koʻnikmalarni xalq tabobatida qoʻllay olishi, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunishi;
oʻquv dasturining boʻlimlari boʻyicha tizimli va kerakli bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
xalq tabobati boʻyicha terminologiyadan oʻz oʻrnida foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri ifodalashi;
muammoli holatlarda oʻz pozitsiyasini asoslab bera olishi;
v) “qoniqarli” baho (56 — 70 ball) olish uchun bitiruvchi:
savollarga qisman javob berishi, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunishi, savol va fan mavzusi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlishi, egallagan koʻnikmalarni xalq tabobatida qisman qoʻllay olishi;
oʻquv dasturining boʻlimlari boʻyicha bilimga ega boʻlishi, dalillar bilan qisman asoslantirishi;
xalq tabobati boʻyicha terminologiyadan foydalanishi, savollarga javobni toʻgʻri ifodalay olishi;
muammoli holatlarda oʻz pozitsiyasini qisman ifodalay olishi;
g) bitiruvchining bilim darajasi “qoniqarsiz” baho bilan (0 — 55 ballgacha) baholanadi, agar:
savollarga javob bera olmasa, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunmasa, savol va fan mavzusi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlmasa, egallagan koʻnikmalarni amaliyotda qoʻllay olmasa;
oʻquv dasturining boʻlimlari boʻyicha yetarli bilimga ega boʻlmasa, faqat ayrim bilimlarga ega boʻlsa, zarur dalillar bilan asoslantira olmasa;
terminologiyadan aniq, oʻz oʻrnida foydalana olmasa, savollarga javobni toʻgʻri ifodalay olmasa;
muammoli holatlarda oʻz pozitsiyasini ifodalay olmasa.
23. Attestatsiya natijalari u oʻtkazilgan kunning oʻzida eʼlon qilinadi va komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan, tegishli komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi.
24. Respublika markazi tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasiga asosan qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchiga diplom, malaka oshirish kursini tamomlagan bitiruvchiga esa sertifikat taqdim etiladi.
Bunda, Hududiy markazlarning tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan, tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan bitiruvchilarga Maxsus komissiyaning xulosasi asosida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda xalq tabobatining tegishli yoʻnalishlarida faoliyat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi.
Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtmagan bitiruvchiga sertifikat yoki diplom yoxud guvohnoma berilmaydi. Bunda, bitiruvchiga oʻquv kurslarida oʻqishda qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
25. Hududiy markazlarning oʻquv rejalari va dasturlarini oʻzlashtirgan, biroq attestatsiyada uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat taʼtili, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) ishtirok etmagan yoki unda “qoniqarsiz” baholangan bitiruvchilar oʻqish muddati tugagandan boshlab 1 yil muddat ichida oʻz arizasiga muvofiq qayta attestatsiyani topshirish huquqiga ega.
Bunda, bitiruvchi tomonidan qayta attestatsiyani topshirish uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Bitiruvchilarning apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
26. Bitiruvchilarning apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Hududiy markazlarda attestatsiyani oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Attestatsiya komissiyasi va Maxsus komissiyaning qaroridan norozi boʻlgan bitiruvchilar attestatsiya natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy ichida Apellatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda, Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan bitiruvchini shikoyat koʻrib chiqilishidan 2 kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
28. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan bitiruvchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
29. Apellatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
30. Apellatsiya komissiyasi attestatsiya jarayonida bitiruvchining bergan javoblarini ular aks etgan videotasvirlarni koʻrish orqali tekshiruvdan oʻtkazadi. Apellatsiya komissiyasi tomonidan apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida bitiruvchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
attestatsiya natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
attestatsiya natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellatsiya shikoyatini koʻrishda bitiruvchining attestatsiya natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan bitiruvchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
33. Apellatsiya komissiyasining attestatsiya natijalariga oʻzgartirish kiritish va bitiruvchini sinov imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori asosida bitiruvchiga tegishli sertifikat yoki diplom yoxud guvohnoma beriladi.
34. Apellatsiya komissiyasi qarori ustidan bitiruvchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
35. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga talabgor tomonidan taqdim etiladigan arizaning
NAMUNAVIY ShAKLI
Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markaziga
1.
Ariza beruvchi shaxsning F.I.O:
2.
Yashash manzili (respublika, viloyat, shahar, tuman, qishloq, ovul, koʻcha xonadon raqami) toʻliq koʻrsatiladi):
3.
JShIR raqami:
4.
Pasport yoki ID-karta maʼlumotlari:
(seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan)
5.
Bogʻlanish uchun telefon:
7.
Maʼlumoti:
(umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy)
8.
Tugatgan taʼlim muassasasining nomi:
9.
Diplom (shahodatnoma) boʻyicha mutaxassisligi, uning seriyasi, raqami, berilgan sanasi va bergan taʼlim muassasasining nomi:
10.
Malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgani, seriyasi va raqami, qaysi mavzu boʻyicha malaka oshirganligi):
11.
Malaka toifasiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgani, seriyasi va raqami, qaysi ixtisoslik boʻyicha toifa berilgani):
12.
Xalq tabobati mutaxassisligi boʻyicha tayyorlash, qayta tayyorlashdan oʻtish yoki malakasini oshirish(biri tanlanadi):
13.
Tahsil olish istagini bildirgan Hududiy markazning nomi
14.
Ariza toʻldirilgan sana:
15.
Shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga roziligi (ariza beruvchi shaxsning imzosi):
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2023-y., 10/23/3426/0202-son)