Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA XALQARO BANK MAKTABINI
TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston banklari uchun malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni takomillashtirish, bank ishlarini tashkil etishning xalqaro standartlarini taʼminlash hamda moliya va kredit sohasidagi amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universitetining, Oʻzbekiston Respublikasining bir qancha yetakchi banklarining Yevropa tiklash va taraqqiyot banki, Yevropa hamjamiyatli komissiyasi ishtirokida Xalqaro bank maktabi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Xalqaro bank maktabi quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent shahri, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 71-uy.
3. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universitetiga Maktabga tashkiliy, ilmiy va uslubiy rahbarlik qilishni, uning kadrlar tarkibini shakllantirishni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
4. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universiteti Yevropa tiklash va taraqqiyot banki hamda boshqa muassislar bilan birgalikda, Maktabning 1993-yil 7-sentabrda ochilishini taʼminlash uchun, taʼsisi hujjatlarini, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin.
5. Quyidagilar Maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalqaro standartlarga javob beradigan bank xodimlarini tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
bank taʼlimi sohasidagi jahon tajribalarini oʻrganish va ulardan foydalanish;
bank xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
bank ishlari masalalari boʻyicha ilmiy va oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish, ommalashtirish;
bank ishlarida amaliy ingliz tiliga oʻrgatishni tashkil qilish;
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish, uning amaliy yoʻnalishini taʼminlash maqsadida Maktab huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining oʻquv filiali tashkil qilinadi.
7. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviyakompaniyasi Maktabda ishlashga taklif etilgan chet ellik mutaxassislarning istiqomat, ovqatlanish va transport xarajatlari uchun MDH fuqarolari uchun koʻzda tutilgan narxlar boʻyicha rublda haq olsinlar.
8. Maktabning professor-oʻqituvchilari tarkibi, ilmiy xodimlari va oʻquv-yordamchi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari tarkibiga, ilmiy xodimlariga va oʻquv-yordamchi xodimlariga qoʻshimcha imtiyozlar berish haqida” 1992-yil 5-fevraldagi Farmonining amal qilishi tatbiq etilsin.
9. Maktab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, respublika Oliy Kengashi sessiyalarining materiallari, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasining materiallari bir nusxadan albatta yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 29-iyun,
321-son