Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 7-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-sentabrdagi 721-sonli “Innovatsion faoliyatni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
innovatsiya — fuqarolik muomalasiga kiritilgan yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan, qoʻllanilishi amaliyotda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni taʼminlaydigan yangi ishlanma;
innovatsion infratuzilma — innovatsion faoliyatni moddiy-texnik, moliyaviy, tashkiliy-uslubiy, axborot, konsultativ va boshqa jihatdan taʼminlaydigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, mulkchilikning istalgan shaklidagi ular birlashmalarining majmui;
innovatsion loyiha — yangi ishlanmalar yaratish uchun bajarish muddatlarini, ijrochilarni, moliyalashtirish manbalarini va tegishli infratuzilmani shakllantirishni nazarda tutuvchi tadbirlar majmui;
innovatsion faoliyat — yangi ishlanmalarni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarish sohasida ularning oʻtkazilishi va amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha faoliyat;
innovatsiyalar yaratish uchun davlat buyurtmasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga innovatsion loyihani bajarish uchun topshiriq;
texnologiyalar transferi — yangi ishlanmani u olinadigan (ishlab chiqariladigan) sohadan amalda qoʻllash sohasiga oʻtkazishga qaratilgan tadbirlar majmui;
yangi ishlanma — mavjud oʻxshash intellektual faoliyat natijalariga nisbatan yangi belgilarga ega boʻlgan, amalda qoʻllash mumkin boʻlgan va amaliyotda undan foydalanganda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni taʼminlay oladigan intellektual faoliyat natijasi (ishlab chiqarish, maʼmuriy, tijorat yoki boshqa xususiyatga ega yangi yoki mukammal texnologiya, xizmat va tashkiliy-texnik yechim).
4-modda. Innovatsion faoliyatning asosiy prinsiplari
Innovatsion faoliyatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
innovatsion faoliyatning erkinligi;
innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashdan teng foydalanilishini taʼminlash;
innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning oshkoraligi va aniq yoʻnaltirilganligi;
raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish;
axborotni erkin almashish;
innovatsion faoliyat natijasida yaratilgan intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik.
2-bob. Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish
5-modda. Innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
innovatsion rivojlantirishning huquqiy jihatdan tartibga solinishini taʼminlash;
innovatsion faoliyat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, shu jumladan texnologik taraqqiyotni prognozlashtirish asosida belgilash;
innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
innovatsion faoliyat subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
innovatsion faoliyat sohasidagi respublika, tarmoq va hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirish boʻyicha faoliyatning shakllantirilishi va muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini tasdiqlaydi;
innovatsion rivojlanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
innovatsion rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
7-modda. Innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Vakolatli davlat organi:
innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(7-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
innovatsion faoliyat xavflarini baholash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
mamlakatning innovatsion rivojlanish holati tahlilini amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
innovatsion loyihalarning davlat ekspertizasi tashkil etilishini taʼminlaydi;
yagona davlat buyurtmachisi sifatida innovatsion loyihalarni shakllantiradi, tasdiqlaydi va moliyalashtiradi;
innovatsiyalar yaratish uchun davlat buyurtmasi doirasida innovatsion loyihalarning bajarilishini monitoring qiladi va bajarilish samaradorligini baholashni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan texnologiyalar transferiga oid shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga moliyalashtirish uchun yangi ishlanmalarni tavsiya qiladi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtiradi va texnologiyalar transferiga koʻmaklashadi;
innovatsion faoliyat subyektlarini tashkil etish va rivojlantirishga koʻmaklashadi, innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishga doir samarali mexanizmlarni shakllantiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qilishda ishtirok etadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
8-modda. Davlat boshqaruvi organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatlari
Davlat boshqaruvi organlari oʻz vakolatlari doirasida:
innovatsion faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlaydi;
innovatsion loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻz tasarrufidagi innovatsion faoliyat subyektlarining innovatsion loyihalarni amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Davlat boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari innovatsion faoliyat sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(9-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
tegishli hududda innovatsion faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda innovatsion loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda innovatsion faoliyat sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(9-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
tegishli hududda innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
vakolatli davlat organining tavsiyasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan innovatsion faoliyatni, shuningdek yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni va texnologiyalar transferini moliyalashtiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
10-modda. Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish
Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlar uchun zarur huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish, innovatsion loyihalar hamda yangi ishlanmalarni moliyalashtirish maqsadida amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Davlat innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlashni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini qabul qilish va amalga oshirish;
innovatsion faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
innovatsion faoliyat subyektlariga soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan innovatsiyalarni yaratishga oid davlat buyurtmasini bajarish;
innovatsion faoliyatni moliyalashtirishga xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlarini jalb qilish uchun shart-sharoit yaratish;
ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotning va ilgʻor texnologiyalarning kafolatlangan tarzda tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida ularning davlat xaridlarini tashkil etish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-maydagi PQ-3697-sonli “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
11-modda. Innovatsion rivojlantirish strategiyalari
Innovatsion rivojlantirish strategiyalari dunyo ilm-fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar asosida inson kapitalini, mamlakatni jadal rivojlantirish, innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.
Innovatsion rivojlantirish strategiyalari oʻrta muddatli va uzoq muddatli davrlar uchun qabul qilinishi mumkin.
Innovatsion rivojlantirish strategiyalari davlat va jamiyat oldida turgan kompleks maqsad va vazifalarni, tegishli davrga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarni, shuningdek ularni amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejalarini belgilaydi.
Innovatsion rivojlantirish strategiyalarining loyihalari vakolatli davlat organi tomonidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ilmiy tashkilotlarning, tadbirkorlik subyektlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va ekspertlarning takliflari asosida ishlab chiqiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi PF-165-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi.
12-modda. Innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish
Innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish va tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlar takliflari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasi doirasida bajariladigan innovatsion loyihalarni tanlab olishning asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:
import oʻrnini bosishga va eksportga yoʻnaltirilgan yoki sifatni takomillashtirishga, joriy etishga tayyor boʻlgan mavjud mahsulotlar va texnologiyalar tannarxini pasaytirishga qaratilgan yangi milliy mahsulotlar va texnologiyalar ishlab chiqilishini, shu jumladan yangi ish oʻrinlari tashkil etish va mahalliy xom ashyodan foydalangan holda taʼminlash;
tajriba, eksperimental namunalardan, texnologiyalardan, asbob-uskunalardan, materiallardan, buyumlardan va boshqa ilmiy ishlanmalardan kelgusida amalda foydalanish maqsadida ularni konstruksiya qilish, tayyorlash hamda sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish;
ilm-fan yutuqlariga, yuqori texnologiyaga asoslangan mahsulot namunalarini yoki prototiplarini tayyorlashni tugallash va (yoki) ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotni ishlab chiqarishni tayyorlash va (yoki) xizmatlarni (tibbiy, moliyaviy, axborotga oid va boshqa xizmatlar) iqtisodiyotning tegishli tarmogʻiga, ijtimoiy sohaga, bank-moliya sektoriga joriy etish uchun ularning tajriba-sinovini oʻtkazish va boshqalar.
Innovatsion loyihalarni innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasi doirasida amalga oshirishning eng koʻp muddati ikki yildan oshishi mumkin emas.
Innovatsion faoliyat innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan taqdirda, ularning natijalari davlatga tegishli boʻladi.
13-modda. Innovatsion loyihalarning texnik va ilmiy ekspertizalari
Innovatsion loyihalarning texnik va ilmiy ekspertizalari innovatsion loyihalarning amaliy ahamiyatini, ilmiy-texnologik darajasini hamda iqtisodiy samaradorligini kompleks baholash, ularni moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi va hajmi toʻgʻrisida tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida amalga oshiriladi.
Texnik va ilmiy ekspertizalarni oʻtkazish jarayonida ishtirokchilarning mustaqilligi hamda huquqiy jihatdan himoyalanganligi, ekspertizalar natijalarining xolisligi, ochiqligi taʼminlanishi kerak, davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno.
Texnik va ilmiy ekspertizalar innovatsion loyihani amalga oshirish uchun bajarilayotgan yoki taklif etilayotgan yoʻnalishga muvofiq boʻlgan mutaxassislarni jalb etish orqali oʻtkaziladi.
Texnik va (yoki) ilmiy ekspertizalarni oʻtkazish jarayonida ekspertizalar natijalaridan shaxsan manfaatdor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Texnik va (yoki) ilmiy ekspertizalarni oʻtkazishda ishtirok etgan hamda qabul qilingan xulosadan norozi boʻlgan ekspert mazkur xulosaga oʻzining asoslantirilgan fikrini ilova qilishga haqlidir.
Texnik ekspertiza loyihaga oid talabnomaning taqdim etilgan hujjatlari belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlashga, shuningdek loyihaga oid talabnoma boʻyicha taqdim etilgan axborotni idrok etish va tahlil qilishning buzilishiga olib keladigan xatolarni aniqlashga qaratilgan faoliyatdir.
Texnik ekspertizani oʻtkazish muddati loyihaga oid talabnoma olingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kalendar kundan oshmasligi kerak.
Texnik ekspertiza quyidagi tartib-taomillarni oʻz ichiga oladi:
loyihaga oid talabnomaning toʻliq va toʻgʻri rasmiylashtirilganligini, shuningdek zarur imzolar, muhrlar va shtamplarning mavjudligini tekshirishni;
berilgan loyihaga oid talabnomaga oʻxshash boʻlgan, ilgari amalga oshirilgan loyihalarning mavjudligini tekshirish va loyihaga oid talabnomalarning takrorlanishini aniqlashni;
taqdim etilgan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarning toʻgʻriligini aniqlashni;
loyihaga oid talabnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni tekshirishni, texnik xatolar va noaniqliklarni aniqlashni;
vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan loyihalarni texnik ekspertizadan oʻtkazish reglamentiga muvofiq boshqa tartib-taomillarni.
Ilmiy ekspertiza innovatsion loyiha boʻyicha asoslangan qaror (xulosa) qabul qilish maqsadida innovatsion loyihaning ilmiy yangiligini, dolzarbligi va amaliy ahamiyatini oʻrganishga, shu jumladan ilmiy jamoaning ilmiy-uslubiy salohiyatini, moddiy-texnika bazasini tahlil qilish hamda baholashga qaratilgan faoliyatdir.
Ilmiy ekspertizani oʻtkazish muddati loyihaga oid talabnoma olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan oshmasligi kerak.
Ilmiy ekspertizani baholash mezonlari quyidagilardan iborat:
ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulot ishlab chiqarishni tayyorlash (tashkil etish), ushbu mahsulotning import oʻrnini bosishi va (yoki) eksportga yoʻnaltirilganligi boʻyicha salohiyatini baholash uchun ilmiy-texnik hujjatlarni ishlab chiqishni rejalashtirishni nazarda tutuvchi loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar;
loyihani tijoratlashtirish istiqbollari;
innovatsiya obyektiga boʻlgan talab darajasi;
intellektual mulk obyektlariga doir muhofaza hujjatlarining mavjudligi;
loyiha ijrochilarida ilmiy-texnik yoki innovatsion faoliyatni amalga oshirish boʻyicha tegishli tajribaning va tajriba-konstruktorlik ishlari natijalarining mavjudligi;
ishlab chiqarish bazasining texnologik jihatdan taʼminlanganlik darajasi.
Ilmiy ekspertizani oʻtkazishga xorijlik mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasi doirasida bajariladigan innovatsion loyihalar ilmiy va texnik ekspertizalar oʻtkazishni nazarda tutuvchi majburiy davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Davlat ilmiy va texnik ekspertizalari vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkaziladi.
14-modda. Innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish
Davlat innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga hamda amalga oshirishga:
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga doir davlat buyurtmalarini shakllantirish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga hamda ularning malakasini oshirishga doir davlat talablari va standartlarini ishlab chiqish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar taʼlimi markazlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
ilm-fan va texnika yutuqlarini targʻib qilish;
yoshlarning texnik ijodkorligini qoʻllab-quvvatlash va ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish orqali koʻmaklashadi.
Davlat innovatsion tadbirkorlik sohasida kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan davlat taʼlim tashkilotlari faoliyatiga moliyaviy yordam koʻrsatadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
3-bob. Innovatsion faoliyatni amalga oshirish
15-modda. Innovatsion faoliyat subyektlari
Innovatsion faoliyat subyektlari quyidagilardan iborat:
innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
innovatsion faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar;
tashkiliy-huquqiy shaklidan va mulkchiligidan qatʼi nazar, yangi ishlanmalarni yaratadigan, joriy etadigan va innovatsiyalardan foydalanadigan ilmiy, ilmiy-tadqiqot, oliy taʼlim, ishlab chiqarish tashkilotlari va boshqa tashkilotlar;
innovatsiyalar ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilar manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari;
innovatsion faoliyat jarayonida amalga oshiriladigan va foydalaniladigan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq egalari;
innovatsion faoliyatga investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investorlar va tadbirkorlik subyektlari.
16-modda. Innovatsion faoliyat subyektlarining huquqlari
Innovatsion faoliyat subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
usullarni, texnik vositalarni va asbob-uskunani mustaqil ravishda tanlagan hamda qoʻllagan holda erkin innovatsion faoliyatni amalga oshirish;
innovatsion faoliyatni yakka tartibda yoki jamoaviy asosda amalga oshirish;
innovatsion loyihalar tanlovlarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etish;
innovatsion faoliyat xavflarini mustaqil belgilash va baholash, ularni baholash hamda kamaytirish usullarini tanlash;
innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ilmiy, texnologik, statistikaga oid va boshqa axborotni olish, davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno;
intellektual mulk obyektlari yaratilgan hollarda, ularning mualliflari yoki huquq egalari deb eʼtirof etilish, shuningdek intellektual mulkni huquqiy jihatdan himoya qilish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq, bojxona imtiyozlaridan va preferensiyalardan foydalanish;
innovatsion faoliyat davomida oʻzlari olgan natijalarni, agar ular davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olmagan boʻlsa, eʼlon qilish.
Innovatsion faoliyat subyektlari qonun hujjatlariga va tuzilgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17-modda. Innovatsion faoliyat subyektlarining majburiyatlari
Innovatsion faoliyat subyektlari:
innovatsion faoliyatni amalga oshirish chogʻida qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan innovatsion loyihalarni amalga oshirish doirasida yaratilgan yangi ishlanmalarning belgilangan tartibda tijoratlashtirilishini taʼminlashi;
innovatsion faoliyatga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanishi;
fuqarolarning hayotiga va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi;
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha talablarga rioya etishi shart.
Innovatsion faoliyat subyektlarining zimmasida qonun hujjatlariga va tuzilgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
18-modda. Innovatsiyalarning turlari
Innovatsiyalar quyidagi turlarga boʻlinadi:
mahsulotga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotni (ishlarni va xizmatlarni) ishlab chiqishga hamda joriy etishga qaratilgan innovatsiyalar;
jarayonga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan ishlab chiqarish yoxud taʼlim usullarini ishlab chiqish va joriy etishga, shuningdek texnologiyalar transferini amalga oshirishga qaratilgan innovatsiyalar;
marketingga oid innovatsiyalar — mahsulotlarning dizayni va qadoqlaridagi oʻzgarishlarni qamrab oluvchi yangi yoki takomillashtirilgan usullarni joriy etishga, mahsulotni (ishlarni va xizmatlarni) sotish va taqdim etishning yangi usullaridan foydalanishga, yangi narxlash strategiyalarini shakllantirishga qaratilgan innovatsiyalar;
tashkiliy innovatsiyalar — biznesni tashkil etish va yuritish, ish oʻrinlarini tashkil etish va tashqi aloqalarni yoʻlga qoʻyishning yangi yoki takomillashtirilgan usullarini joriy etishga qaratilgan innovatsiyalar.
19-modda. Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflari, uni baholash va kamaytirish usullari
Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflari — innovatsion faoliyat maqsadiga erisha olmaslik, shu jumladan innovatsion loyihaning bajarilmasligi ehtimolidir.
Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflari siyosiy, tashkiliy, moliyaviy, bozorga, tijoratga, sanoatga, investitsiyaga va ekologiyaga oid boʻlishi mumkin.
Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflari innovatsion faoliyat subyektlari tomonidan mustaqil tarzda yoki tuziladigan shartnomalarga muvofiq boshqa shaxslar tomonidan aniqlanishi va baholanishi mumkin.
Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflarini baholash ehtimol tutilgan zararni kamaytirish yoki uning oldini olish maqsadida, shu jumladan innovatsion loyihani moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligiga doir asoslangan qaror qabul qilish uchun oʻtkaziladi.
Innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflarini kamaytirish uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin:
innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflarini innovatsion faoliyat subyektlari va davlat oʻrtasida taqsimlash;
resurslarni boshqa innovatsion loyihalar oʻrtasida qayta taqsimlash;
innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflarining oʻrnini qoplash uchun sugʻurta qilish mexanizmlaridan foydalanish.
Innovatsion faoliyat xavflarini baholashda yoʻqotilgan foyda hisobga olinmaydi.
Innovatsion faoliyat subyektlari innovatsion loyihaning oʻziga xos texnikaviy yoki iqtisodiy xususiyatlaridan va loyihaning amalga oshirilishidan kelib chiqqan holda innovatsion faoliyatning amalga oshmaslik xavflarini baholashga haqli.
20-modda. Texnologiyalar transferining ustuvor yoʻnalishlari va usullari
Texnologiyalar transferining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
mavjud texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqariladigan oʻxshash mahsulotga nisbatan yuqori sifatli va raqobatbardosh yangi yoki yaxshilangan mahsulot ishlab chiqarish;
yangi ishlanmalar va texnologiyalar asosida mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarish;
oʻxshash texnologiyalarga nisbatan energiyani va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish.
Texnologiyalar transferining asosiy usullari quyidagilardan iborat:
texnologiyalarni bepul asosda olish;
qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali texnologiyalarni joriy etish;
texnologiyalarni litsenziya shartnomalari asosida joriy etish;
texnologik hujjatlarni berish;
texnologiyalarni toʻlaligicha sotib olish.
Texnologiyalar transferi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullar orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
21-modda. Texnologiyalar transferi mexanizmlari
Texnologiyalar transferi:
texnik tavsifnomalarni, texnik-iqtisodiy asoslarni, yoʻriqnomalarni va boshqa hujjatlarni tahlil qilish va baholash;
texnologiyalar transferini amalga oshiruvchi tarafning ekspertlarini jalb qilgan holda oʻquv treninglarini tashkil etish;
inshootlar qurish va asbob-uskunalarni oʻrnatish hamda ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan texnik bilimlarni oʻzlashtirish;
texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashuvchi mexanizmlardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Texnologiyalar transferi boshqa mexanizmlardan foydalangan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
22-modda. Texnologiyalar transferini amalga oshirish cheklovlari
Oʻzbekiston Respublikasiga:
tarkibida himoyalanmagan (yaʼni tabiiy atrof-muhitga tarqaluvchi) zaharli moddalar yoki qayta ishlanmaydigan, ekologik jihatdan xavfli chiqindilar mavjud boʻlgan;
belgilangan normadan yuqori radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan;
aholining sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi mahsulotlar yaratish uchun moʻljallangan;
milliy qadriyatlarga, anʼanalarga va ijtimoiy xulq-atvorga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi mahsulotlarni yaratish hamda targʻib qilish uchun moʻljallangan asbob-uskunalar va mahsulotlardan foydalanishga asoslangan texnologiyalar transferiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23-modda. Texnologiyalar transferi uchun shartnoma tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish
Texnologiyalar transferi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Intellektual mulkka boʻlgan huquq mavjudligi va undan tushgan foyda texnologiyalar transferi uchun shartnoma tuzishning asosiy sharti hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan texnologiyalar transferi uchun shartnomalar vakolatli davlat organi tomonidan roʻyxatga olinadi.
24-modda. Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish
Foyda olish maqsadida innovatsion faoliyat subyektlari munosabatlarini tartibga soluvchi har xil turdagi shartnomalardan foydalangan holda yangi ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga joriy etish jarayoni yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishdir.
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish:
yangi ishlanmalarni qoʻllagan holda yaratilgan tovarlarni (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) realizatsiya qilish yoki ulardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
taʼsischisi yoki taʼsischilaridan biri ustav jamgʻarmasiga ulush sifatida intellektual mulk obyektini yoki texnologiyani kiritgan tashkilot (affillangan tashkilot) boʻlgan tijorat tashkilotlarini tashkil etish;
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulk huquqlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazish va mazkur obyektlardan foydalanishga boʻlgan huquqni royalti ajratmalariga asoslangan litsenziya shartnomalarini tuzish yoʻli bilan berish, shu jumladan ularni keyinchalik ushbu huquqlarni oluvchi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish orqali amalga oshiriladi.
Intellektual mulk obyektiga doir huquq egasining tashkilot ustav fondidagi ulushi miqdori taʼsischilarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanadi.
Davlat uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoki davlat sirlari jumlasiga kiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Innovatsion infratuzilma
25-modda. Innovatsion infratuzilmaning subyektlari
Innovatsion infratuzilmaning subyektlariga quyidagilar kiradi:
innovatsion texnologik park;
texnologiyalar transferi markazi;
innovatsion klaster;
venchur tashkiloti;
innovatsiya markazi.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, boshqa shaxslar innovatsion infratuzilmaning subyektlari boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi PF-165-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi.
26-modda. Innovatsion texnologik park
Innovatsion texnologik park direksiyasi nomidan innovatsion texnologik park (bundan buyon matnda innovatsion texnopark deb yuritiladi) innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladigan yagona moddiy-texnika majmuasi boʻlgan hududga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda egalik qiluvchi yuridik shaxsdir.
Innovatsion texnopark rezidenti innovatsion texnopark hududida innovatsion loyihani amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir.
Innovatsion texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga koʻmaklashish;
innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat subyektlariga moddiy-texnik, tashkiliy-uslubiy, moliyaviy, axborotga oid, maslahat xizmatlari va boshqa servis xizmatlari koʻrsatish;
innovatsion loyihalarni boshqarishda koʻmaklashish;
yangi ishlanmalarning tajriba-sanoat sinovlarini oʻtkazish va intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza berilishiga koʻmaklashish;
yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy, xorijiy investorlarni hamda tadbirkorlik subyektlarini jalb etish;
innovatsiyalarni tashqi bozorda ilgari surish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasida uzviy va amaliy hamkorlikni taʼminlash.
Innovatsion texnoparkning asosiy vazifasi uning rezidentlarini quyidagi yoʻllar bilan qoʻllab-quvvatlashdan iborat:
bozorda realizatsiya qilish uchun yangi yoki takomillashtirilgan mahsulot chiqaruvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga koʻmaklashish, shuningdek yangi yoki takomillashtirilgan texnologiyalarni oʻzlashtirish;
koʻchar va koʻchmas mulkni, shu jumladan turli funksional maqsadlarga moʻljallangan xonalarni shartnoma asosida ijaraga berish;
tajriba namunasini tayyorlash hamda ularning sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni va boshqa tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish;
mahsulotni sertifikatlashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
koʻrgazmalarda, konferensiyalarda va boshqa tadbirlarda ularning ishtirok etishini tashkil qilish orqali innovatsion mahsulotni, texnologiyalarni ilgari surish;
innovatsion texnoparkning ilmiy, ilmiy-texnikaviy va innovatsion faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish).
Rezidentlardan laboratoriya asbob-uskunalarining, ishlab chiqarish, ofis xonalarining va boshqa xonalarning ijarasi, koʻrsatiladigan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda innovatsion texnopark tasarrufida qoladi.
Innovatsion texnoparkning faoliyat koʻrsatish muddati oʻttiz yilgachani tashkil etadi, keyinchalik bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Innovatsion texnopark rezidentining maqomi tanlov asosida oʻn yil muddatgacha beriladi.
Innovatsion texnoparkning rezidentlar bilan munosabatlari ular oʻrtasida tuziladigan innovatsion faoliyatni amalga oshirishga doir shartnomalar asosida tashkil etiladi.
Innovatsion texnoparkka hamda uning rezidentlariga qonun hujjatlariga muvofiq soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar belgilanishi mumkin.
Innovatsion texnoparkni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 49 — 55 moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 313-son “Respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Innovatsion texnoparkning faoliyati vakolatli davlat organi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
27-modda. Texnologiyalar transferi markazi
Texnologiyalar transferi markazi texnologiyalar transferini va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan yuridik shaxsdir.
Texnologiyalar transferi markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 4-bobi.
yangi ishlanmalarni ilgari surish tashkiliy-texnikaviy imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha bozor konyunkturasi tadqiqotlarini oʻtkazish;
muhandislik-maslahat va loyiha (injiniring) xizmatlari koʻrsatish;
biznes-rejalar tayyorlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
investitsiyalarni jalb qilish;
texnologiyalar transferi bilan bogʻliq axborotni tarqatish.
Texnologiyalar transferi markazini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
28-modda. Innovatsion klaster
Innovatsion klaster tegishli hududda innovatsiyalarni yaratishda ishtirok etuvchi innovatsion faoliyat subyektlarining, innovatsion faoliyat natijalari isteʼmolchilarining yigʻindisi sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladi va ushbu subyektlarning, isteʼmolchilarning asosiy maqsadi samarali hamkorlik qilishdan, quvvatlardan birgalikda foydalanishdan hamda bilimlar, koʻnikmalar almashishdan, shuningdek texnologiyalar transferiga ulushni taʼminlash orqali innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirishdan iborat boʻladi.
Innovatsion klaster faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
muayyan innovatsiyalarni yaratish, shuningdek bozor ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish sohasidagi innovatsion faoliyat subyektlarining salohiyatini birlashtirish;
innovatsion klasterlar faoliyatiga taalluqli boʻlgan kadrlarni tayyorlashga va qayta tayyorlashga, shu jumladan innovatsiyalarni yaratishga doir buyurtmalarni shakllantirish;
yangi yoki yaxshilangan ishlanmalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi tarmoqlar va korxonalar tashkil etishga koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat natijalarini birgalikda bozorda ilgari surish.
Innovatsion klaster iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, innovatsion faoliyat subyektlarining oʻzaro manfaatdorligi asosida tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning qarori boʻyicha tugatiladi.
29-modda. Venchur tashkilotlar, fondlar, shirkatlar
Asosiy faoliyat turi xavfli innovatsion loyihalar amalga oshirilishini moliyalashtirishdan iborat boʻlgan ham yuridik shaxs shaklida tashkil etiladigan, ham yuridik shaxs sifatida tashkil etilmaydigan ixtisoslashtirilgan moliya institutlari venchur tashkilotlar, fondlar, shirkatlardir (bundan buyon matnda venchur tashkilotlar deb yuritiladi).
Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar venchur tashkilotlarining taʼsischisi boʻlishi mumkin.
Venchur tashkilotlari:
yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning ustav fondida ulush asosida ishtirok etishga;
oʻz mablagʻlarini yangi ishlanmalarni amalga oshirish uchun garovsiz, kafilliksiz va kafolatsiz berishga haqli.
Venchur tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼsischilarning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 684-son “UzVC” milliy venchur fondi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
30-modda. Innovatsiya markazi
Innovatsiya markazi innovatsion faoliyat sohasida yangi gʻoyalarni yaratishdan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishgacha boʻlgan toʻliq ishlar turkumini amalga oshirish maqsadida yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yangi gʻoyalar va ishlanmalar bazasini shakllantirish;
yangi gʻoyalarni takomillashtirish va kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish (akseleratsiya);
innovatsiyalarga yangi gʻoyalar va ishlanmalarni tatbiq etish uchun moddiy-texnik shart-sharoitlarni taʼminlashga koʻmaklashish;
innovatsion menejment boʻyicha treninglar oʻtkazish;
innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
yangi ishlanmalarni bozor talablariga yoʻnaltirish va moslashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
yangi gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ommalashtirish maqsadida reklama va koʻrgazmaga oid xizmatlar koʻrsatish.
Innovatsiya markazini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 4-bobi.
5-bob. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish
31-modda. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish manbalari
Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish manbalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
(31-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari;
venchur jamgʻarmalari;
innovatsion faoliyat subyektlarining oʻz mablagʻlari;
xalqaro grantlar, tijorat banklarining, shu jumladan chet el banklarining va xalqaro moliya institutlarining maqsadli kreditlari;
xususiy investorlarning, shu jumladan chet ellik xususiy investorlar va boshqa homiylarning mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda. Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi
(32-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi innovatsion faoliyatni rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida vakolatli davlat organi huzurida, yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
(32-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
(32-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-son “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalariga muvofiq innovatsion faoliyatga oid tadbirlarni moliyalashtirish;
innovatsion faoliyat subyektlari tomonidan innovatsiyalarni yaratish va ularni joriy qilishni moliyalashtirish;
innovatsion, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarini tanlab olish asosida moliyalashtirish;
ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy yuqori texnologiyaga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek zarur sarf materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
ilmiy faoliyat boʻyicha davlat dasturlari doirasida yaratilgan intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni (patentlarni) xorijda roʻyxatdan oʻtkazish va patentni saqlab turish xarajatlarining oʻrnini qoplash;
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining yetakchi elektron ilmiy maʼlumotlar bazalaridan erkin foydalanishni taʼminlash, shuningdek xalqaro nashrlarda ilmiy natijalarni chop etishga tayyorlash boʻyicha xarajatlarni toʻlash;
olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlardagi (markazlardagi, universitetlardagi va boshqa tashkilotlardagi) ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish;
ilmiy va innovatsion faoliyat sohasidagi jalb qilinayotgan yuqori malakali xorijlik olimlar va mutaxassislarning xarajatlarini (mehnatga haq toʻlash, transport xarajatlari va boshqalar) ular bilan tuziladigan shartnomalar (kontraktlar) asosida moliyalashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
(32-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini qabul qilishda belgilanadigan miqdorlarda ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlaridagi davlat ulushi boʻyicha hisoblanadigan dividendlarning hamda davlat korxonalarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalarining bir qismi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga patent bojlaridan, yigʻimlardan va soliq toifasiga kirmaydigan boshqa toʻlovlardan kelib tushadigan valyuta mablagʻlarining bir qismi;
(32-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari hamda kreditlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish, qayta tashkil etish hamda tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(32-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
33-modda. Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari
Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ishlab chiqarish, ularning transferi va yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida, yuridik shaxs tuzmasdan tashkil etiladi.
Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarining mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
innovatsion faoliyat sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
innovatsion faoliyat subyektlari tomonidan taqdim etiladigan buyurtmalarga muvofiq innovatsion loyihalarni, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni va texnologiyalar transferini moliyalashtirish;
innovatsion faoliyat subyektlarini moddiy ragʻbatlantirish, ularning ilmiy tadqiqotlarini moliyalashtirish va kadrlar malakasini oshirish, ushbu subyektlarning moddiy-texnika va ilmiy-laboratoriya bazasini mustahkamlash.
Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari qaytarish shartlari asosida yoki begʻaraz asosda mablagʻlar ajratishi, shuningdek innovatsion faoliyat subyektlarining majburiyatlari boʻyicha kafil sifatida ish yuritishi mumkin.
Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34-modda. Innovatsion faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlik
Innovatsion faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Innovatsion faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlik quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
manfaatdor xorijiy tashkilotlar, jamgʻarmalar va investorlar bilan tuzilgan shartnomalar yoki memorandumlar;
birgalikda innovatsion faoliyatni amalga oshirish, xalqaro innovatsion dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, ularni amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish;
innovatsion faoliyat sohasida birgalikda kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish hamda oʻzaro tajriba almashish;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, innovatsion yarmarkalar (koʻrgazmalar) va tadbirlar oʻtkazish.
35-modda. Nizolarni hal etish
Innovatsion faoliyat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
36-modda. Innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
37-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
(37-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
38-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
39-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-iyul,
OʻRQ-630-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2020-y., 03/20/630/1101-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)