Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 21-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;
uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.
4-modda. Aholini roʻyxatga olishning asosiy maqsadi
Aholini roʻyxatga olishning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
5-modda. Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari
Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish;
shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish.
6-modda. Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari
Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davriylik;
umumiylik va bir paytdalik;
roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi;
aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.
7-modda. Davriylik prinsipi
Aholini roʻyxatga olish oʻn yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror sanasi va muddati koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, roʻyxatga olishni oʻtkazish moʻljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.
8-modda. Umumiylik va bir paytdalik prinsipi
Aholini roʻyxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yigʻish Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning oʻzida amalga oshiriladi.
9-modda. Roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi prinsipi
Shaxsga doir maʼlumotlar yigʻilayotganda roʻyxatga olish varagʻi har bir respondent uchun yakka tartibda toʻldiriladi.
10-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi prinsipi
Aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy boʻlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 28-moddasi.
11-modda. Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi prinsipi
Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish aholini roʻyxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
2-bob. Aholini roʻyxatga olish sohasini tartibga solish
12-modda. Aholini roʻyxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Aholini roʻyxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi, aholini roʻyxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang:Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aholini roʻyxatga olish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
aholini roʻyxatga olish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibini, Aholini roʻyxatga olish dasturini hamda roʻyxatga olish varagʻining shakllarini tasdiqlaydi;
aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholini roʻyxatga olish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(13-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
aholini roʻyxatga olishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibini belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi:
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlar oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlaydi;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlar jarayonining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshiradi;
aholini roʻyxatga olish natijalarining tahlilini oʻtkazadi;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni moliyalashtirish, aholini roʻyxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini eʼlon qilish masalalariga doir takliflarni koʻrib chiqadi;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq toʻlash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etadi;
xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-173-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasining ishchi organidir.
15-modda. Aholini roʻyxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi aholini roʻyxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
roʻyxatga olish hujjatlari shakllarini, roʻyxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Aholini roʻyxatga olish dasturini va roʻyxatga olish varagʻining shakllarini ishlab chiqadi;
roʻyxatga olish varaqlari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini taʼminlaydi;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
roʻyxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va oʻqitish tartibini, shuningdek shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish tartibini belgilaydi va ularga ishlov berishni amalga oshiradi;
roʻyxatga olish varaqlari va boshqa roʻyxatga olish hujjatlarining saqlanishi (shu jumladan vaqtincha saqlanishi), yoʻq qilinishi tartibini belgilaydi;
roʻyxatga olish varaqlari va boshqa aholini roʻyxatga olish hujjatlarini saqlash va yoʻq qilishni taʼminlaydi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-173-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini roʻyxatga olish sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish sanasidan oldin bir yil mobaynida maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini oʻzgartirish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish ishlari vaqtincha toʻxtatib turilishini taʼminlaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalarni tuzadi;
maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olgan holda aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi sonini koʻrsatgan holda ushbu punktlarning toʻliq roʻyxati tuzilishini taʼminlaydi;
maʼmuriy-hududiy birliklarda koʻchalarning nomlari, uylar va xonadonlarning raqamlari koʻrsatilgan koʻrsatkichlar boʻlishini taʼminlaydi;
jalb etilgan roʻyxatga oluvchi xodimlar tarkibini tasdiqlaydi;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish doirasidagi ishlarni bajarishga jalb etiladigan shaxslarning oʻqishi va ishlashi uchun yaroqli mebel hamda aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik xonalar, shuningdek zarur transport vositalari berilishini taʼminlaydi;
roʻyxatga olish vositalarini va hujjatlarini vaqtincha saqlash uchun qoʻriqlanadigan xonalar ajratish yuzasidan choralar koʻradi;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etadi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Vazirliklarning va idoralarning aholini roʻyxatga olishda ishtirok etishi
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Aholini roʻyxatga olishni tashkil etish uchun masʼul boʻlgan vazirliklar va idoralar maxsus vakolatli davlat organiga aholini roʻyxatga olish sohasidagi vazifalarni bajarish yuzasidan koʻmaklashadi.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
18-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining aholini roʻyxatga olishda ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari:
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga koʻmaklashishi;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilish jarayonida ishtirok etishi;
joylarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Respondentlarning hamda roʻyxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari
19-modda. Respondentlarning huquq va majburiyatlari
Respondentlar:
oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari nima maqsadda yigʻilayotganligini, ushbu maʼlumotlardan kim va qanday tarzda foydalanishini bilish;
oʻzi uchun toʻldirilgan roʻyxatga olish varaqlari bilan tanishib chiqish, roʻyxatga olish varaqlariga kiritilgan shaxsga doir maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligini aniqlashtirish;
roʻyxatga oluvchi xodimlardan tegishli guvohnomani koʻrsatishini talab qilish, rad etilgan taqdirda esa — roʻyxatga olish varagʻidagi savollarga javob bermaslik;
roʻyxatga olish varagʻining shakliga binoan shaxsga doir ishonchli maʼlumotlarni taqdim etish huquqiga ega.
Respondentlar aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga monelik qilmasligi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi.
20-modda. Roʻyxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari
Roʻyxatga oluvchi xodimlar:
roʻyxatga olish varagʻiga binoan respondentlardan shaxsga doir maʼlumotlarni olish;
aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni bajarganlik uchun mehnatiga haq olish huquqiga ega.
Roʻyxatga oluvchi xodimlar:
shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishni boshlashdan oldin respondentga oʻz guvohnomasini koʻrsatishi;
oʻz vakolatlariga muvofiq ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarishi;
shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish jarayonida Aholini roʻyxatga olish dasturida belgilangan savollar roʻyxatiga rioya etishi, ularning mazmuni buzilishiga yoʻl qoʻymasligi;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi, ularning mazmunini oshkor qilmasligi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
4-bob. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish
21-modda. Aholini roʻyxatga olish dasturi
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish amalga oshiriladigan savollar roʻyxati Aholini roʻyxatga olish dasturidir.
Aholini roʻyxatga olish dasturi quyidagi savollarni oʻz ichiga oladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tugʻilgan sanasi va joyi;
yoshi;
jinsi;
millati;
fuqaroligi;
yashash joyi (turgan joyi);
tillarni bilishi;
maʼlumoti;
nikoh holati;
bolalarining soni;
uy xoʻjaligi tarkibi;
uy-joy sharoitlari;
bandligi;
yashash uchun mablagʻlar manbalari;
migratsiya (ichki va tashqi).
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini roʻyxatga olish dasturiga qoʻshimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin.
Javoblari davlat sirlariga va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Roʻyxatga olish varagʻining shakllari Aholini roʻyxatga olish dasturi asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish dasturi.
22-modda. Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish
Aholini roʻyxatga olish dasturi loyihasini va roʻyxatga olish hujjatlarining shakllarini, shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berishni, shuningdek aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlarni bir yoki bir necha maʼmuriy-hududiy birliklarda sinovdan oʻtkazish sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishdir.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
23-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish tartibi
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chogʻida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar soʻrovini oʻtkazish hamda roʻyxatga olish varaqlarini toʻldirish orqali amalga oshiriladi.
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish axborot xavfsizligini taʼminlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Respondentlar soʻrovi davlat tilida oʻtkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida soʻrovdan oʻtkazilishi mumkin.
Roʻyxatga olish varaqlari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiriladi.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar boʻlgan respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ular uy xoʻjaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respondent roʻyxatga olish varagʻidagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda roʻyxatga olish varagʻi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.
(23-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Aholini roʻyxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi.
24-modda. Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar boʻlgan, shuningdek kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar boʻlgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila aʼzosi boʻlgan respondentlar haqidagi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish sanasida:
bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da;
ijtimoiy muassasalarda;
diniy muassasalarda;
shifoxonalarda va boshqa sogʻliqni saqlash tashkilotlarida;
Oldingi tahrirga qarang.
ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida;
(24-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 9-dekabrdagi OʻRQ-736-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2021-y., 03/21/736/1144-son)
qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (boʻlgan) respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar maʼmuriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning oʻzi bilan birga boʻlgan oila aʼzolari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan roʻyxatga olinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari boʻlgan chet el fuqarolari hamda ularning oila aʼzolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega boʻlgan boshqa shaxslar roʻyxatga olinmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
25-modda. Aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yigʻma statistik axborot aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridir.
Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy koʻrsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishda mulkiy va maʼnaviy zarar yetkazishga, fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
26-modda. Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
(26-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
27-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Aholini roʻyxatga olish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzilganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 462 , 223 va 225-moddalari.
29-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
30-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(30-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 16-mart,
OʻRQ-611-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2020-y., 03/20/611/0322-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 10.12.2021-y., 03/21/736/1144-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)