Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
AUDITORLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonunning yangi tahriri “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va koʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida mulkdorlar va davlatning mulkiy manfaatlarini himoyalashga koʻmaklashuvchi mustaqil moliyaviy nazorat tizimining huquqiy asoslarini belgilab beradi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1 - modda. Audit
1. Audit — muayyan vakolatlar berilgan shaxslar auditorlar (auditorlik firmalari) tomonidan xoʻjalik yuritayotgan subyektlarning moliyaviy hisobotlari toʻgʻriligini, ular amalga oshirgan moliyaviy va xoʻjalik operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari hamda boshqa meʼyoriy hujjatlariga qay darajada muvofiqligini, shuningdek mukammalligi va asosliligini, buxgalteriya hisob-kitobi va boshqa moliyaviy hisobot yuritishga doir talablarga qay darajada monandligini tekshirish maqsadida oʻtkaziladigan moliya hujjatlarining ekspertizasi va tahlilidir. Audit shuningdek konsaltingni — mijoz bilan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishni oʻz ichiga oladi.
2. Auditorlik faoliyati maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan xoʻjalik subyektlari faoliyati ustidan nazorat qilinishining oʻrnini bosmaydi.
2 - modda. Auditor, auditorlik firmasi
1. Auditor — belgilangan tartibda auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini olgan va auditorlarning kasb-kor roʻyxatiga kiritilgan mutaxassisdir.
2. Auditorlik firmasi — yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz ustaviga koʻra faoliyat sohasi auditorlik xizmatlari koʻrsatishdan iborat boʻlgan korxonadir.
Auditorlik firmalari kichik korxonalar, masʼuliyati cheklangan jamiyatlar va boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi korxonalar tarzida tuzilishi mumkin, ochiq turdagi aksiyador jamiyatlar bundan mustasno.
3. Auditorlar va auditorlik firmalari davlat roʻyxatidan oʻtib, litsenziya olganlaridan keyin oʻz faoliyatlarini boshlaydilar.
3 - modda. Xoʻjalik yuritayotgan subyekt
Xoʻjalik yuritayotgan subyektlar deyilganida mulk shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar hamda mustaqil tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi ayrim fuqarolar tushuniladi.
Xoʻjalik yuritayotgan subyektlar auditor (auditorlik firmasi)ni tanlash huquqiga ega boʻlib, bu huquq auditorlik firmasi va xoʻjalik yuritayotgan subyekt oʻrtasida tuziladigan shartnomada mustahkamlab qoʻyiladi.
4-modda. Auditorlar va auditorlik firmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Auditorlar va auditorlik firmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida amalga oshiriladi.
5 - modda. Auditorlik faoliyatiga litsenziya berish
Auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beradigan litsenziyalar davlat roʻyxatidan oʻtilgandan keyin beriladi.
Auditorlik faoliyatiga doir litsenziyalar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
6 - modda. Auditor xulosasi
Auditor xulosasi — buxgalteriya hisob-kitobini yuritishga hamda oshkor qilinadigan yillik moliyaviy hisobot hujjatlari tayyorlashga doir talablarga xoʻjalik yuritayotgan subyektning hisobot hujjatlari qay darajada muvofiqligi xususidagi auditor fikri bayon qilingan, imzosi qoʻyilgan va muhr bilan tasdiqlangan hujjatdir.
7 - modda. Auditorlik faoliyatiga doir qonunlar
Auditorlik faoliyati bilan bogʻliq munosabatlar “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining hududida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlari bilan ham tartibga solinadi.
II BOʻLIM. AUDITORNING XUQUQ VA VAZIFALARI
8 - modda. Auditorning va auditorlik firmasining huquqlari
Auditor (auditorlik firmasi):
imzolangan shartnoma asosida xoʻjalik yuritayotgan subyektning hisobot hujjatlarini auditdan oʻtkazish va konsalting xizmatlari koʻrsatish;
ushbu Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari va meʼyoriy hujjatlarining talablariga asoslanib, tekshirishning shakl va uslublarini mustaqil belgilash;
oʻzi tekshirayotgan xoʻjalik yuritayotgan subyektning mulkiy holati va faoliyatini koʻrsatuvchi, tekshirilayotgan obyektda ham, uchinchi shaxslarda ham boʻlgan hujjatlar bilan erkin tanishish;
oʻtkazilayotgan tekshiruv yoki auditorlik xizmati koʻrsatish munosabati bilan tekshirayotgan xoʻjalik subyekti rahbarlari va boshqa xodimlaridan, shuningdek uchinchi shaxslardan ogʻzaki yoki yozma shaklda zarur tushuntirishlar olish;
litsenziyadan mahrum etishga doir qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga egadir.
9 - modda. Auditorning (auditorlik firmasining) vazifalari
Auditor (auditorlik firmasi):
auditorlik tekshiruvlarini sifatli oʻtkazishi, tekshirishlar oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa auditorlik xizmatlari koʻrsatishi;
oʻzi tekshirayotgan xoʻjalik yuritish subyektining rahbariyatiga tekshiruv chogʻida aniqlangan buxgalteriya hisob-kitobi yuritish hamda moliyaviy hisobot hujjatlari tayyorlashga doir talablar va qonunlar buzilganligi hollarini maʼlum qilishi;
oʻz vazifalarini bajarish chogʻida sir saqlash qoidalariga rioya etishi. Mijozga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni faqat sud talabiga binoan oshkor etishga yoʻl qoʻyiladi;
tekshirish tugallanib, xulosa chiqarilgunga qadar uzrsiz sabablarsiz oʻz faoliyatini toʻxtatib qoʻymasligi;
zarur hollarda, tekshiruv natijalarini maʼlum qilish uchun mulkdorlarning (aksiyadorlarning) umumiy yigʻilishi chaqirilishini talab qilishi;
basharti, oldindanoq oʻz xatti-harakatlarida xolis va odil boʻlolmasa, oʻz faoliyatini davom ettirishdan voz kechishi shart.
10 - modda. Auditorlarni tayinlash va chaqirib olish
1. Auditor auditorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisida mijoz bilan shartnoma tuzgan auditorlik firmasi tomonidan xoʻjalik yuritayotgan subyekt mulkdorlari bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
2. Auditorni chaqirib olish faqatgina xoʻjalik yuritayotgan subyekt mulkdorlarining yoki auditorni tayinlagan yuridik shaxsning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin boʻlib, bu haqda auditor oldindan uning xizmatlaridan voz kechilish sabablari koʻrsatilgan holda yozma shaklda xabardor etilishi lozim.
3. Buyurtma asosida oʻtkazilayotgan tekshirish yoki boshqa ishlarni amalga oshirish chogʻida auditor xizmatidan voz kechilsa, xoʻjalik yuritayotgan subyektning mulkdori auditorning xizmat haqini toʻlashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Auditorlik tekshirishlarini oʻtkazish xarajatlari shu tekshirishlarni tayinlagan tashkilotlar hisobidan qoplanadi.
(10-moddaning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
11 - modda. Auditorning (auditorlik firmasining) ishlashi uchun shart-sharoit yaratib berish
Xoʻjalik yuritayotgan subyektning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari auditorning talabiga binoan:
moliya-xoʻjalik faoliyatiga doir hujjatlarni taqdim etishlari;
yozma yoki ogʻzaki shaklda zarur tushuntirishlar berishlari;
tekshirilayotgan obyektning moliya-xoʻjalik faoliyatini ekspertizadan sifatli oʻtkazish uchun boshqa zarur shart-sharoit yaratib berishlari shart.
12 - modda. Auditorning javobgarligi
Auditor va auditorlik firmasi auditorlik tekshiruvlari oʻtkazish chogʻida ushbu Qonunning va Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzganlik uchun:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq mulkiy va maʼmuriy javobgarlikka;
litsenziya bergan idoraning qaroriga muvofiq auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilishini toʻxtatishgacha yoki bunday litsenziyadan mahrum etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortiladilar.
III BOʻLIM. AUDITORLAR PALATASI
13 - modda. Auditorlar palatasi
Oʻzbekiston Respublikasining Auditorlar palatasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish olib boruvchi auditorlarni ixtiyoriy asoslarda birlashtirib, auditorlik faoliyatini rivojlantirishga, takomillashtirishga va birxillashtirishga daʼvat etilgan mustaqil jamoat tashkilotidir.
14 - modda. Auditorlar palatasining Oʻzbekiston Respublikasi davlat idoralari va xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
1. Auditorlar palatasi Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi bilan birgalikda:
auditor litsenziyasi olish huquqini qoʻlga kiritish uchun oʻtkaziladigan malaka imtihonlari dasturini va tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
auditorlik tekshiruvlari oʻtkazishning umumiy qoidalarini ishlab chiqadi;
auditorlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qiladi;
auditorlik faoliyati bilan bogʻliq qonunlarga zid kelmaydigan boshqa xatti-harakatlarni amalga oshiradi.
2. Auditorlar palatasi davlatning boshqa idoralari, mamlakatdagi va xorijdagi auditorlar hamda buxgalterlar tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
3. Auditorlar palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda:
auditorlik firmalari tuzish masalalarini qarab chiqadi;
boshqa davlatlarning auditorlik palatalari yoki shunday ishni bajarish vakolati berilgan idoralari bilan tegishli hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi auditorlarining litsenziyalarini oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi.
IV BOʻLIM. EʼLON QILINADIGAN MOLIYAVIY HISOBOT HUJJATLARI
15 - modda. Eʼlon qilinadigan moliyaviy hisobot hujjatlari
Xoʻjalik yuritayotgan subyektning eʼlon qilinadigan moliyaviy hisobot hujjatlari — auditorlik xulosasini, balansni, foyda va zarar toʻgʻrisidagi hisobotni yoki daromadlarga doir deklaratsiyani hamda buxgalteriyaga oid boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Bunday maʼlumotlar tashqaridagi foydalanuvchilar uchun taqdim etilishi shart.
16 - modda. Moliyaviy hisobot hujjatlarini eʼlon qilish
1. Dastlabki tarzda auditor tekshiruvidan oʻtgan moliyaviy hisobot hujjatlari:
tashkiliy-huquqiy shakli mulkdorlarning mulkiy javobgarligi cheklanishini koʻzda tutadigan xoʻjalik yuritayotgan subyektlar;
aksiyalari fond birjalarida qimmatga ega boʻlgan xoʻjalik yuritayotgan subyektlar;
mulk shaklidan qatʼi nazar, banklar;
mulk shaklidan qatʼi nazar, sugʻurta kompaniyalari;
faoliyat sohasi uchinchi shaxslarning mablagʻlarini aksiyalar, obligatsiyalar yoki boshqa qimmatbaho qogʻozlarga joylashtirishdan iborat boʻlgan investitsiya va moliya kompaniyalari;
birjalar;
chet el investitsiyalari ega boʻlgan korxonalar;
doirasini har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab beradigan boshqa subyektlar tomonidan eʼlon qilinishi shart.
2. Yillik moliyaviy hisobot hujjatlari tegishli moliya yili tugaganidan keyin koʻpi bilan 5 oy ichida eʼlon qilinadi.
V BOʻLIM. MAXSUS QOIDALAR
17 - modda. Auditorlik faoliyati yuritishni taqiqlash
Auditorlik tekshiruvi:
tekshirilayotgan xoʻjalik yuritish subyekti rahbarlari va mansabdor shaxslaridan birortasi bilan bevosita qarindosh shaxs;
tekshirilayotgan xoʻjalik yuritish subyektida shaxsiy mulkiy manfaatlari boʻlgan shaxs;
xoʻjalik yuritayotgan subyektning rahbarlari, muassislari yoki mulkdorlari;
tekshirilayotgan xoʻjalik yuritish subyekti yoki uning filiali xodimi;
davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining mansabdor shaxslari;
kreditorlar, investorlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan oʻtkazilishi man etiladi.
18 - modda. Nizolarni hal etish tartibi
Auditorlar va auditorlik firmalari oʻrtasidagi oʻzaro nizolar, shuningdek ular bilan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi nizolar qonunlarda belgilangan tartibda qarab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
734-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 15-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)