|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1992-YIL 1 IYuLDAN NAFAQALAR, STIPENDIYALAR HAMDA BUDJET HISOBIDAGI MUASSASALAR XODIMLARNING ISh HAQI MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Isteʼmol mollari va xizmatlariga narxlar oshib borayotgan sharoitda respublika aholisini ijtimoiy himoya qilish maqsadida:
1. Oʻqituvchilar, tarbiyachilarning, oʻrta maxsus va hunar-texnika bilim yurtlari muallimlarining, professor-oʻqituvchilar tarkibining, shifokorlar, ilmiy xodimlarning ish haqi 1,8 baravar, budjet hisobidagi boshqa tashkilotlar va muassasalar xodimlarining ish haqi — 1,5 baravar oshirilsin.
2. Ish haqini oshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarning 25 foizi budjetdagi muassasalar va tashkilotlar smetalari boʻyicha umumiy sarf-xarajatlarni qisqartirish hisobiga taʼminlansin.
3. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining, aspirantlarning, doktorantlarning stipendiyalari, kiyim-bosh va ovqat bilan taʼminlanmaydigan hunar-texnika bilim yurtlari hamda texnikumlar oʻquvchilarining stipendiyalari 1,5 baravar koʻpaytirilsin. Imtiyozli ovqatlanish uchun har oylik qoʻshimcha toʻlovlarning avvalgi miqdorlari hamda talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
3-bandning imtiyozli ovqatlanish uchun oylik qoʻshimcha haq toʻlashga oid qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 25-avgustdagi PF-458-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
(4, 5, 6-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 25-avgustdagi PF-458-son Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 414-modda)
7. Aholi daromadlarining darajasini toʻgʻrilab olish maqsadida oyiga 5000 soʻmgacha boʻlgan ish haqidan daromad soligʻi miqdorlarini kamaytirish zarur deb hisoblansin va oyiga 5000 soʻmdan oshadigan ish haqidan olinadigan daromad soligʻining tegishli miqdorda oshirilishi joriy qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolaridan, va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan daromad soligʻi olish toʻgʻrisidagi qonunni oʻzgartirish haqida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga takliflar kiritsin.
8. Respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, konsernlari, korxonalari va xoʻjaliklari mehnat unumdorligini oʻstirish va ishlab chiqarish (ishlar va xizmatlar)ining hajmlarini oshirish hisobiga ushbu Farmonda belgilangan minimumni eʼtiborga olgan holda ishlovchilarining maoshi yanada oshirilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi bir oy muddat ichida amaldagi qonunlarni mazkur Farmonga muvofiq holga keltirish toʻgʻrisidagi takliflarni tayyorlasin.
11. Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 27-iyun,
PF-433-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 8-son, 303-modda; 1992-y., 10-son, 414-modda)