|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi faoliyatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Vazirlar Mahkamasining “Chimyon-Chorvoq kurort dam olish zonasida “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi qurilishini tugallash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 10-yanvardagi 10-son qaroriga muvofiq hamda aholining Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasida faol dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazining faoliyatini yanada yaxshilash va majmuaviy yaxlitligini saqlab qolish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Toshkent shahar hokimligi tizimidagi “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi va “Ipoteka-bank” ATIB oʻrtasida 2004-yil 3-dekabrda tuzilgan kredit shartnomasiga asosan 2013-yil 11-aprelgacha xorijiy valyutada qaytarish sharti bilan 3 553 043,48 yevro miqdorida Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” kredit liniyasi orqali kredit ajratilganligi hamda ushbu kredit shartnomasiga asosan “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi tomonidan toʻlovlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi sababli kreditning asosiy qarzi va foizlaridan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjudligi;
ushbu kredit boʻyicha Toshkent shahar hokimligiga tegishli Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasidagi 1 va 2-korpuslar garovga rasmiylashtirilganligi;
Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” foydasiga belgilangan muddatlarda “Ipoteka-bank” ATIBning oʻz mablagʻlari hisobidan 3 553 043,48 yevro miqdorida kredit boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlar toʻliq qaytarilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligining:
“Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markaziga Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” kredit liniyasi orqali xorijiy valyutada ajratilgan kreditning qolgan qismini milliy valyutaga aylantirish hamda kredit majburiyatlari boʻyicha toʻlovlarni soʻmda amalga oshirish;
kreditning qaytarish muddatini 2020-yil 31-dekabrgacha uzaytirish va kredit boʻyicha foiz miqdorini kredit shartnomasini qayta rasmiylashtirilgan kundagi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan miqdorda belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. “Ipoteka-bank” ATIBga “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markaziga xorijiy valyutada ajratilgan kreditni milliy valyuta (soʻm)ga qayta rasmiylashtirilgan holda, kredit boʻyicha foiz miqdorini kredit shartnomasi qayta rasmiylashtirilgan kundagi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan miqdorda belgilab, kreditni qaytarish muddatini 2020-yil 31-dekabrgacha uzaytirish tavsiya etilsin.
4. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi va “Ipoteka-bank” ATIB bilan birgalikda bir oy muddatda kredit va garov shartnomalari qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasinlar.
5. Toshkent shahar hokimligi “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazi bilan birgalikda bir oy muddatda “Chorvoq oromgohi” sogʻlomlashtirish markazining xoʻjalik faoliyatini moliyaviy barqaror darajaga olib chiqadigan hamda kredit va boshqa majburiyatlarini oʻz vaqtida qoplash istiqbollarini oʻz ichiga qamrab olgan biznes-reja ishlab chiqsin va unga qatʼiy amal qilinishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-avgust,
217-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 32-son, 428-modda)