|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI KATTA VA ALOHIDA MUHIM SUV XOʻJALIGI OBYEKTLARINING TEXNIK HOLATINI HAMDA BEXATAR IShLAShINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI (“DAVSUVXOʻJALIKNAZORAT”)NI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6200-sonli “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalq xoʻjaligining faoliyat koʻrsatishi, qishloq xoʻjaligi ekinlaridan barqaror hosil olinishi katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli hamda bexatar ishlashiga bogʻliqdir.
Mana shunday shart-sharoitlarni taʼminlash bunday obyektlarning texnik holati ustidan nazorat kuchaytirilishini, turli vazirliklar va idoralar faoliyati muvofiqlashtirilishini, Markaziy Osiyo davlatlaridagi suv xoʻjaligi tashkilotlarining bahamjihat harakat qilishlarini taqozo etadi.
Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli texnik holatini hamda bexatar ishlashini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (bundan bu yogʻiga “Davsuvxoʻjaliknazorat”) tashkil qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Davsuvxoʻjaliknazorat” davlat nazorat organi hisoblanib, quyidagi asosiy vazifalarning hal etilishini taʼminlaydi:
katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishda ularning ishonchli texnik holatini taʼminlash ustidan nazoratni amalga oshirish hamda bexatar ishlashini taʼminlash;
katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining bexatarligi mezonlari hamda qoidalarini ishlab chiqishni tashkil qilish va tasdiqlash;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlari texnik holatining ishonchliligi hamda bexatar ishlashini ekspertizadan oʻtkazish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birga katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holati hamda bexatar ishlashi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olishga doir takliflarni ishlab chiqish;
katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarini qurish hamda qayta qurish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish, ularni barpo etish sifati va foydalanishga qabul qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli muhofazasi tashkil etilishini nazorat qilish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda katta va alohida muhim davlatlararo hamda chegara boʻyi suv xoʻjaligi obyektlaridan puxta va bexatar foydalanish masalalarining Markaziy Osiyo davlatlari bilan bartaraf etilishini taʼminlash;
katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishda ularning ishonchli texnik holatini oshirish masalalarini koʻrib chiqish hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Davsuvxoʻjaliknazorat”ning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar uyushmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etish uchun majburiy hisoblanadi.
4. Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda ushbu Farmonni bajarish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 24-mart,
PF-2272-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 76-modda)