Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
FUQAROLAR YIGʻINI RAISI (OQSOQOLI) VA UNING MASLAHATChILARI SAYLOVI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2013-yil 22-apreldagi OʻRQ-351-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi shaharcha, qishloq va ovul hamda shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi va ovuldagi mahalla fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), shuningdek uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovining asosiy prinsiplari
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi demokratizm, oshkoralik va teng saylov huquqi asosida oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda tegishli hududda doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), jinsi, irqiy hamda milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy hamda ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadirlar.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda fuqarolar yigʻinining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega.
4-modda. Fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etish huquqi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriy hamda erkindir. Fuqarolarga ularni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida, shuningdek ularning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir koʻrsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash huquqiga saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolar egadirlar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
5-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishda oshkoralik
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi tashkil etilayotganda hamda oʻtkazilayotganda fuqarolar yigʻini oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy toʻgʻrisida fuqarolar xabardor etiladi, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari vazifasiga koʻrsatilgan nomzodlardan, ovoz berish yakunlaridan voqif qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik jarayonini hamda saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi.
6-modda. Fuqarolar yigʻini raisini (oqsoqolini) va uning maslahatchilarini saylash
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari fuqarolar yigʻini tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa fuqarolar vakillari yigʻilishi tomonidan ikki yarim yil muddatga saylanadi.
7-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlari fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga koʻmaklashishlari, zarur hollarda ularni binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlashlari shart.
II. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish
8-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini oʻtkazish muddatlari
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini oʻtkazish muddatlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
9-modda. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalarni tuzish
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga amaliy yordam koʻrsatish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar hamda shaharlar hududida tegishincha fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar komissiyalari (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi) tuziladi.
Komissiyalar tegishli davlat hokimiyati vakillik organining qarori bilan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish davri uchun tuziladi.
Komissiyalar tarkibiga, qoida tariqasida, fuqarolar yigʻinlarining, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiritiladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar komissiyaga aʼzo shaxslar orasidan koʻrsatilgan boʻlsa, ular komissiya tarkibidan chiqariladi.
10-modda. Komissiyalarning vakolatlari
Komissiyalar:
ushbu Qonun ijro etilishini taʼminlaydi hamda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha tegishli ishchi guruhlarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini oʻtkazish masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil qiladi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlaridan keyinchalik tegishli tumanlar, shaharlar hokimlari bilan kelishish uchun raislar (oqsoqollar) vazifasiga koʻrsatilgan nomzodlarga doir hujjatlarni qabul qilib oladi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga doir hujjatlarning namunalarini tasdiqlaydi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlarining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga doir axborotlarini tinglaydi;
tegishli hududda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini chiqaradi;
fuqarolarning fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning arxivga topshirilishini taʼminlaydi.
Komissiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhini tuzish
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun fuqarolar yigʻini yoki uning kengashi qarori bilan saylov davri uchun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhi (bundan buyon matnda ishchi guruhi deb yuritiladi) tuziladi.
Ishchi guruhi tarkibiga, qoida tariqasida, fuqarolar yigʻinining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari kiritiladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari ishchi guruhi tarkibiga kiritilishi mumkin emas.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar ishchi guruhiga aʼzo shaxslar orasidan koʻrsatilgan boʻlsa, ular ishchi guruhi tarkibidan chiqariladi.
12-modda. Ishchi guruhining vakolatlari
Ishchi guruhi:
fuqarolar yigʻini oʻtkaziladigan kun, vaqt va joyni belgilaydi hamda yigʻin oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;
fuqarolar yigʻini ishtirokchilarini roʻyxatga oladi;
tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini oʻtkazish masalalari yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarining takroriy saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;
fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi.
Ishchi guruhi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini oʻtkazish uchun fuqarolar yigʻinini (vakillar yigʻilishini) chaqirish
Fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chaqiriladi va oʻtkaziladi.
Fuqarolar vakillarining yigʻilishiga hovlilar, uylar, koʻchalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan ularda yashovchilarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadigan namoyandalar vakil qilinadilar. Vakillik normasini fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish ishlari boʻyicha tegishli tuman yoki shahar muvofiqlashtirish kengashi belgilaydi.
III. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar koʻrsatish
14-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar koʻrsatish
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar koʻrsatish tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga koʻrsatilgan nomzodlarga doir hujjatlar tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli tuman yoki shahar komissiyasiga saylovdan kamida oʻn kun oldin topshiriladi.
15-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar, qoida tariqasida, oliy maʼlumotli boʻlishi va saylov kuni tegishli hududda doimiy yashab turgan boʻlishi, shuningdek tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi kerak.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) vazifasiga saylanish uchun nomzod etib koʻrsatilishi mumkin emas.
16-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) maslahatchilarining miqdoriy tarkibini belgilash
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) maslahatchilarining miqdoriy tarkibi hovlilar, uylar, koʻchalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan vakillikni hisobga olgan holda fuqarolar yigʻini tomonidan belgilanadi.
17-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) maslahatchilari vazifasiga nomzodlar taqdim etish
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) maslahatchilari vazifasiga nomzodlar fuqarolar yigʻini koʻrib chiqishi uchun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) tomonidan taqdim etiladi.
IV. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ovoz berish hamda natijalarni aniqlash
18-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda ovoz berish shakllari
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Ovoz berish shakli toʻgʻrisidagi qaror fuqarolar yigʻini tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
19-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boʻyicha sanoq komissiyasi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boʻyicha ovoz berish natijalarini aniqlash uchun fuqarolar yigʻini tomonidan kamida uch kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
20-modda. Ochiq ovoz berishni oʻtkazish tartibi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi ochiq ovoz berish orqali oʻtkazilayotganida ovoz berish har bir nomzod boʻyicha takliflarning kelib tushish tartibiga qarab, qoʻl koʻtarish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
21-modda. Yashirin ovoz berishni oʻtkazish tartibi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi yashirin ovoz berish orqali oʻtkazilayotganida fuqarolar yigʻini ishtirokchilariga sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berish byulletenlari beriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteniga fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilarini saylashda yashirin ovoz berish byulletenlarini berish bevosita ovoz berishdan oldin boshlanadi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilarini saylash byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoxud xonasida toʻldiriladi. Ovoz beruvchi oʻzi qarshi ovoz berayotgan nomzodlarning byulletendagi familiyasini oʻchiradi.
Ovoz beruvchi toʻldirilgan ovoz berish byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.
Saylov qutilari ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi.
22-modda. Ovozlarni sanab chiqish
Ovozlar sanoq komissiyasi tomonidan, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga har bir nomzod boʻyicha sanab chiqiladi.
23-modda. Sanoq komissiyasining bayonnomasi
Ovozlarni sanash natijalari boʻyicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi.
Sanoq komissiyasining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
fuqarolar yigʻini ishtirokchilarining umumiy soni;
ovoz berishda qatnashgan fuqarolar yigʻini ishtirokchilarining soni;
yashirin ovoz berish oʻtkazilganida byulleten olgan fuqarolar yigʻini ishtirokchilarining soni;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga har bir nomzodni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni;
yashirin ovoz berish oʻtkazilganida haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni.
Bayonnoma sanoq komissiyasining raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Bayonnoma sanoq komissiyasining raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi va fuqarolar yigʻini tomonidan tasdiqlanadi.
24-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlarini chiqarish
Fuqarolar yigʻinida hozir boʻlgan fuqarolarning yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga saylangan hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlari boʻyicha fuqarolar yigʻini qaror qabul qiladi hamda mazkur qaror fuqarolar yigʻinida raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi.
Fuqarolar yigʻini bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, bitta nusxasi saylov yakunlarini umumlashtirish uchun tegishli tuman yoki shahar komissiyasiga taqdim etiladi.
Tuman va shahar komissiyalari fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlariga doir umumlashtirilgan maʼlumotlarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahar komissiyasiga topshiradi.
25-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini oʻtmagan yoki haqiqiy emas deb topish
Agar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolar yigʻinida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi fuqarolar vakillarining yigʻilishlarida oʻtkazilgan taqdirda, agar yigʻilishda fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kami ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi chogʻida yoʻl qoʻyilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
26-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi saylovida takroriy ovoz berish
Agar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga ikki nafardan ortiq nomzod koʻrsatilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan boʻlsa, fuqarolar yigʻini eng koʻp ovoz olgan ikki nomzod boʻyicha takroriy ovoz berishni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Takroriy ovoz berish ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda oʻtkaziladi.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod, basharti uni yoqlab berilgan ovozlar soni unga qarshi berilgan ovozlar sonidan koʻp boʻlsa, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga saylangan hisoblanadi.
27-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
avvalgi saylov oʻtmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;
takroriy ovoz berish fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi saylanganligini aniqlash imkonini bermasa;
fuqarolar yigʻinida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga koʻpi bilan ikki nafar nomzod koʻrsatilgan hamda ulardan birontasi ham saylanmagan boʻlsa.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda koʻpi bilan bir oylik muddat ichida oʻtkaziladi.
28-modda. Boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi saylovi
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan boʻlsa, tegishli fuqarolar yigʻinlarida ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda yangi saylov oʻtkaziladi.
V. Yakuniy qoidalar
29-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari asosida fuqarolar yigʻini organlarini shakllantirish
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari asosida fuqarolar yigʻini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolar yigʻini kengashini shakllantiradi, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalarni va fuqarolar yigʻini taftish komissiyasini, shuningdek maʼmuriy komissiyani saylaydi.
30-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari ustidan shikoyat qilish
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari yuzasidan fuqarolar yigʻini qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
31-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
609-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 285-modda)