|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.12.2011
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON GOʻShT VA SUT SANOATI DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASI (“OʻZGOʻShTSUTSANOAT”) TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 14-dekabrdagi PF-4391-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida chorvachilik xoʻjaliklarining, goʻsht va sut sanoati korxonalari hamda tashkilotlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur tashkiliy-iqtisodiy shart-sharoitlarni vujudga keltirish, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hajmlarini koʻpaytirishdan ularning manfaatdorligini oshirish hamda respublika aholisini shunday mahsulot bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjalik vazirligi huzuridagi “Oʻzgoʻshtsutsanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasining uni tugatish hamda oʻz qaramogʻidagi korxonalar va tashkilotlarni Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksionerlik uyushmasi (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”)ga ixtiyoriy ravishda birlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat-aksionerlik uyushmasi:
yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasi hisoblanadi va u chorva mollarni xarid qilish, boʻrdoqiga boqish va tayyorlashni, goʻsht va sutni qayta ishlashni hamda goʻsht-sut mahsulotini sotishni taʼminlaydigan davlat, aksionerlik, ijara va jamoa korxonalarini ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari hamda uyushmaning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida amalga oshiradi;
tarmoqqa tezkor rahbarlik qilish masalalari boʻyicha oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Qishloq xoʻjalik vazirligi bilan muvofiqlashtiradi.
3. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasining viloyat ishlab chiqarish birlashmalari negizida goʻsht va sut yetishtiruvchi hamda ularni qayta ishlovchi hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarini tashkil qilish maqsadga muvofiq deb topilsin.
4. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
chorva mollarni xarid qilish, boʻrdoqiga boqish va tayyorlash, goʻsht va sutni qayta ishlash hamda goʻsht-sut mahsulotini sotish bilan bogʻliq jamiki ishlar majmuini tashkil qilish va amalga oshirish;
uyushmaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlarini himoya qilish, davlat organlari va boshqa organlarda umumiy manfaatlarni ifoda etish;
tarmoqda bozor munosabatlarini rivojlantirish, davlat korxonalari va tashkilotlarini aksionerlik, ijara, jamoa hamda boshqa mulkchilik turlariga aylantirish borasidagi ishlarni oʻtkazishda koʻmaklashish, tadbirkorlik rivojlantirilishini, qoʻshma korxonalar barpo etilishini butun choralar bilan qoʻllab-quvvatlash;
tarmoqda yagona fan-texnika siyosatini oʻtkazish, korxonalarni kengaytirishda, ularni qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirishda, ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va oʻzlashtirishda koʻmaklashish.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi tashkil qilish va uning faoliyatiga oid qarorni qabul qilib, tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 6-apreldagi 172-sonli “Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”) davlat-aksionerlik uyushmasini tashkil qilish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-maydagi 199-sonli “Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati (“Oʻzgoʻshtsutsanoat”) davlat-aksionerlik uyushmasining ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-aprel,
PF-588-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 4-son, 170-modda; 2011-y., 50-son, 512-modda)