Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.02.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TAShQI IQTISODIY ALOQALAR VAZIRLIGINING XO‘JALIK HISOBIDAGI BO‘LINMALARINI DAVLAT HISSADORLIK KOMPANIYALARIGA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-yanvardagi PF-4774-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” va 2016-yil 15-noyabrdagi PF-4856-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi farmonilariga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor mexanizmlarini tashqi iqtisodiy aloqalar tizimiga joriy etishni jadallalshtirish va tashqi savdoni erkinlashtirish jarayonini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. “O‘zmarkazimpeks”, “O‘zsanoatmashimpeks”, “Innovatsiya”, “O‘ztashqitrans” xo‘jalik hisobidagi davlat tashqi savdo birlashmalari, “Markazsanoateksport” xo‘jalik hisobidagi respublika tashqi savdo firmasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga qarashli “O‘rta Osiyo Trans” xo‘jalik hisobidagi respublika tashqi iqtisodiy transport-ekspeditorlik kompaniyasi ayni o‘sha nomlar bilan ochiq turdagi hissadorlik jamiyatlari shaklidagi davlat hissadorlik kompaniyalariga aylantirilsin.
Yangi tashkil etilayotgan hissadorlik kompaniyalarining aksiyalari quyidagi tartibda taqsimlanishi ko‘zda tutilsin:
o‘z qiymati bo‘yicha aksiyalarning 51 foiz — ularni davlat nomidan boshqarish huquqi bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga:
o‘z qiymati bo‘yicha aksiyalarning 25 foizi — tashqi savdo kompaniyalarining jamoalariga;
bozor qiymati bo‘yicha aksiyalarning 24 foiz — fond bozorida ochiq sotilishi lozim.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zmarkazimpeks”, “O‘zsanoatmashimpeks”, “Innovatsiya”, “Markazsanoateksport” davlat hissadorlik tashqi savdo kompaniyalari, “O‘rta Osiyo Trans” xalqaro avtotransport yuk tashish davlat hissadorlik kompaniyasi, “O‘ztashqitrans” davlat hissadorlik transport-ekspeditorlik kompaniyasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga qarashli ayni shu nom bilan ataluvchi xo‘jalik hisobidagi bo‘linmalarining barcha mulkiy huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi va belgilangan tartibda quyidagilarni amalga oshiradi:
O‘zbekiston Respublikasida eksport mahsulotini ishlab chiqaruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar asosida eksport, shu jumladan markazlashtirilgan tarzda eksport qilish;
O‘zbekiston Respublikasidagi buyurtmachilarning topshiriqlari bo‘yicha davlat ehtiyojlari uchun tovarlar xarid qilish;
tashqi savdo operatsiyalarini bajarishga oid xizmatlarni ko‘rsatish, eksport-import yuklarini jo‘natish va transport xizmati ko‘rsatish.
3. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan davlat hissadorlik kompaniyalari ustavlariga muvofiq o‘zini o‘zi pul bilan to‘la ta’minlash va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida ish yuritadilar.
4. O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi “O‘zmarkazimpeks”, “O‘zsanoatmashimpeks”, “Innovatsiya”, “Markazsanoateksport” davlat hissadorlik tashqi savdo kompaniyalarining, “O‘rta Osiyo Trans” xalqaro avtotransport yuk tashish davlat hissadorlik kompaniyasi hamda “O‘ztashqitrans” davlat hissadorlik transport-ekspeditorlik kompaniyasining ustavlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
5. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida mazkur Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 14-avgust,
PF-1212-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 166-modda)